BELIZ

BELIZ (Belize) — Markaziy Amerikadagi davlat. Yukatan yarim orolining Janubiy sharqida joylashgan. Maydoni 23 ming kilometr kvadrat. Aholisi 228,6 ming kishi (1997): asosan negrlar, mulatlar, duragailar, indeyslar. Aholining 60% shaharlarda yashaydi. Rasmiy tili — ingliz tili. Dindorlarning 60% — katolik, qolganlari — protestantlar. Poytaxti — Belmopan shahri. Ma’muriy jihatdan 6 okrugga bo’linadi. Hamdo’stlik tarkibiga kiradi. Davlat boshlig’i Buyuk Britaniya qirolichasi, general-gubernator uning vakili hisoblanadi. Qonun chiqaruvchi organi — ikki palatali (Senat va vakillar palatasi) millim Majlis (parlament). Ijrochi hokimiyat— bosh vazir boshchiligidagi hukumat. Birlashgan xalq partiyasi (1950), Beliz huquqi uchun milliy alyans (1992), Birlashgan demokratik partiya (1974) kabi partiyalar, Beliz milliy kasaba uyushma Kongressi, mehnatkashlarning Birlashgan umumiy uyushmasi (1979, Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederasiyasiga kiradi) mavjud. Yer yuzasi asosan tekislikdan iborat, Janub qismida 1122 metrgacha balandlikdagi Mayya tog’lari joylashgan. Neft konlari bor. Iqlimi — tropik, passat (tropiklardan ekvator tomon doim shamol esib turadi). Havoning o’rtacha oylik temperaturasi 25°, 27°. Yiliga 2000 millimetrga yaqin yog’in yog’adi. Katta daryolari Rioondo va Beliz, ko’llar, sohil bo’ylab Laguna (qo’ltiq)lar ko’p. Hududining katta qismi nam tropik o’rmonlar, aksari qimmatli daraxt turlari bilan qoplangan, shimolda — savanna. Beliz hayvonot dunyosi turli-tuman. 16-asr boshlarigacha Beliz hududida indeys qabilalari yashagan. 16-asr boshida ispanlar bosib olgan va ularning mustamlakasiga aylangan. 1862 yildan Britaniya Gondurasi nomi bilan Buyuk Britaniya mustamlakasi. 1964 yil ichki o’zini o’zi boshqarish huquqini olgan. 1973 yildan mamlakat rasmiy ravishda Beliz deb atala boshladi. 1981 yil 21 sentabrda Beliz mustaqilligi e’lon qilindi. Beliz — agrar mamlakat. Iqtisodiyotining asosi qimmatli daraxt turlari — qizil, sandal daraxtlarini chetga chiqarish uchun tayyorlash va qayta ishlash, saqich ishlab chiqariladigan xom ashyo — chikle smolasi (yelimi) ni yig’ish. Qishloq xo’jaligi chetga chiqariladigan mahsulotlar, asosan shakarqamish, banan va tsitrus mevalari (apelsin, greypfrut) yetishtirishga ixtisoslashgan. Kokos palmasi, ananas, banan, kakao, ichki iste’mol uchun makkajo’xori, sholi ham ekiladi. Janub hududlarda chorvachilik bilan shug’ullaniladi. Baliq, dengiz hayvonlari ovlanadi, shuningdek taxta tilish, po’lat prokatlash va oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Elektr energiya ishlab chiqarish — 74 million Kvts. Qattiq qoplamali avtomobil yo’llari — 1,4 ming kilometr. Asosiy dengiz porti — Beliz, uning yaqinida, Stenli Fildda aeroport bor. Belizdan chetga xom shakar, kiyim-kechak, meva konservalari, tsitrus mevalar, yog’ochning qimmatli turlari, baliq chiqariladi. Oziq-ovqat, asbob-uskuna, transport vositalari, kimyoviy tovarlar va yoqilg’i keltiriladi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari — AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Yamayka, Meksika. Xorijiy sayyohlik rivojlangan. Pul birligi — Beliz dollari. «Amandala» (1969 yildan), «Beliz tayme» («Beliz vaqti», 1956 yildan), «Gavernment gazett» («Hukumat gazetasi»), «Piplz Pale» («Xalq nafasi», 1989 yildan), «Riporter» («Muxbir», 1968 yildan) gazetalari chiqadi. 1937 yildan yarim tijorat radioeshittirish xizmati mavjud.

BELIZ — Beliz davlatidagi shahar, Karib dengizi bo’yidagi port. Xalqaro aeroport bor. Aholisi 45 ming kishi (1992). Beliz orqali chetga kizil daraxt yog’ochi, banan, kokos yongog’i va tsitrus o’simliklari, baliq mahsulotlari chiqariladi. Belizda yog’ochsozlik va oziqovqat sanoati korxonalari bor. Baliq ovlanadi. Shaharga 1638 yilda asos solingan.