BELTOV TOG’LARI

BELTOV TOG’LARI — Navoiy viloyatining Janubiy g’arbidagi tog’lar. Ovminzatov bilan yetimtov oralig’ida. Eng baland joyi 538 metr. Uzunligi qariyb 30 kilometr. Beltov tog’lari Janubi g’arbdan shimoli sharqqa yo’nalgan. Beltov tog’lari Ovminzatovning davomi bo’lib, Yetimtov bilan tektonik botiq (Sardor sinklinali) orqali tutashgan. Shimoliy g’arbiy yon bag’irlari ancha tik va quruq o’zanlar bilan o’yilgan, ayrim joylarda eol qumlarining turli shakllari vujudga kelgan. Janubiy Sharqiy yon bag’irlari Qoraxotin botig’iga zinapoyasimon pasayib tushgan. Etaklarida keng prolyuvial shleyflar bor. Beltov tog’larining suvayirg’ich qismi cho’qqilari nayzasimon va o’tkir qirrali. Beltov tog’lari kristalli slanes, kvarsit, ohaktosh va amfibolitlarning qatlamlaridan iborat. Yuqori paleozoyning gersin tog’ hosil bo’lish davrida ko’tarilgan. Tuproqlari, asosan yuvilgan bo’zqo’ng’ir tuproqlar. Qorajusan, boyalich, tasbiyurg’un, izen hamda efemerlar o’sadi. Yon bag’irlari yaylov chorvachiligida foydalaniladi.

BELTOV TOG’LARI — Quljuqtov tog’larining g’arbiy davomi. Markaziy Qizilqumda. Eng baland joyi 495 metr. Beltov tog’lari devon davrining ohaktoshlaridan, o’q qismi esa intruziv jinslardan tashkil topgan. Qizilqumdagi boshqa toglar kabi gersin orogenezida burmalangan. Beltov tog’larida karst hodisasi keng tarqalgan. Suvayirg’ich qismi yassi. kamroq o’yilgan, yon bag’irlarida quruq soylar bor. Grafit topilgan.