BERNINI JOVANNI
BERNINI JOVANNI (Jan) Lorenso (1598.8.12, Neapol1680.12.11, Rim) — italiyalik me’mor va haykaltarosh, barokko uslubining yirik vakili. Bernini yaratgan me’moriy obidalar o’zining keng fazoviy makonni egallashi, dabdabali va serbezakligi, perspektiva imkoniyatlaridan erkin va dadil foydalanilgani hamda san’atlar uyg’unligining yaxlitligi bilan ajralib turadi (Rimdagi Sant Andrea al Kvirinale cherkovi, 1653— 58; Avliyo Pyotr maydoni majmuasi, 1657-63). Bular Rimning me’moriy qiyofasini shakllanishida muhim rol o’ynaydi. O’z ijodida me’morlik va haykaltaroshlikni o’zaro uyg’unligiga intildi, shu maqsadda turli xom ashyo, rang berish, nur imkoniyatlaridan unumli foydalana oldi (Avliyo Pyotr sobori ichki bezaklari va undagi Avliyo Pyotr minbari, 1657-66), haykaltaroshlikda marmarga ishlov berib, silliqlab yaratilgan asar ta’sirchanligini oshirishga muyassar bo’ldi, naturaga juda o’xshashini ta’minlab, odam terisiga xos mayinlik va yaltiroqlik, matolarning o’ziga xos sifatini nihoyatda ustalik bilan ko’rsata oldi. Bernini ijodida barokko dabdabali portretining o’ziga xos turi shakllandi, u haqqoniyligi, o’tkir ruhiy holati va bezaklarga boyligi bilan ajralib turadi («Lyudovik XIV», marmar, 1665). Bernini ijodi 17-18-asrlar Yevropa san’atiga katta ta’sir ko’rsatdi.