«BOBURNOMA» RASMLARI

«BOBURNOMA» RASMLARI — Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asariga ishlangan miniatyuralar. Boburiylar hukmronligi (ayniqsa Akbar) davrida Hindistonda shakllangan, G’arbda «Mo’g’ullar miniatyurasi» nomi bilan ma’lum bo’lgan tasviriy san’at yuzaga kelgan. Hirot, Buxoro, Samarqand, Sheroz, Tabriz miniatyura san’atining eng yaxshi an’analarini ijodiy o’zlashtirib, qadimgi hind tasviriy san’atini dunyoviy mazmun bilan boyitgan Djasvant, Basovan, Ustod Mansur, Mukund, Ramdas, Kesu Gujarotiy, Farruxbek Qalmoq, Ibrohim Naqqosh va boshqa musavvirlar o’sha davrda yaratilgan va ko’chirilgan bir qator qo’lyozmalarni — «Boburnoma», «Akbarnoma», «Zafarnoma», «Jome attavorix» («Tarixlar majmuasi») va boshqalarni nafis va jozibador rasmlar bilan bezaganlar. Bizgacha «Boburnoma»ning shu tarzda bezatilgan nusxalari (8 nusxa to’liq holda) yetib kelgan: Britaniya muzeyida (Angliya) va Oksforddagi Bodli kutubxonasida, Dexlidagi Milliy muzey va Rojasthon shtatidagi Alvar kutubxonasida (Hindiston), Parij milliy kutubxonasida; shuningdek Moskvadagi Sharq xalqlari san’ati muzeyida (57 varaqda 69 rasm), Dublindagi Chester bitti kutubxonasida (Irlandiya), Parijdagi Luvr muzeyida, AQShning Frir galereyasida, Fogg san’at muzeyida, Kanadaning Ottava shahridagi Milliy galereyada va shaxsiy yig’imlarda saqlanmoqda. Rasmlarning asosiy mazmuni tarixiy voqealar, maishiy manzaralar, jang lavhalari, ov va sport o’yinlari, hayvonot va o’simlik dunyosi, turli siyosiy voqealar, uchrashuv va b.ni tasvirlashdan iborat. Asar mazmuni bilan cheklangan rassomlar barcha tarixiy, geografik, etnografik omillardan foydalangan holda bir butun tugallangan ijodiy mujassamotlar yaratganlar. Rasmlarda Sharq san’atidagi shartlilik zaruriyatidan, ko’p rejali mujassamotlardan mohirona foydalanilgan. Rasm va bo’yoqlar muvozanatini nozik sezish, ranglarni tanlay bilish, tasvirlanayotgan davr ruhini, go’zallikni aniqhissiy shakllarda gavdalantirish, imoishora, harakatni jonli bera bilish, bo’yoqlardagi ichki monandlik kabi hind rassomligiga xos xususiyatlar va boshqa jihatidan bu rasmlar g’oyat katta badiiy qimmatga ega. Ad.: Miniatyuri rukopisi «Baburname»: (Albom), M., 1960; «Boburnoma» rasmlari: (albom), T., 1970; Madraimov A., Rasmlarda Bobur hayoti, T., 1983.