Bolani kunduzi uxlatish shartmi?

Ko’pchilik oilalarda bolalarni kunduzi uxlashga ota-ona, buvilar zo’rlashmaydi, mayli uxlamasa uxlamasin, deyishadi. Bolalr bog’chasida esa albatta, hatto majburan uxlatishadi.

Xo’sh, bola kunduzi uxlashi kerakmi, kerak bo’lsa nima uchun?

Pediatrlar va bolalar nevropatologlari 5-6 yashar bola kunduzi kamida 1,5-2 soat uxlashi shart, degan fikrni aytadilar. Bola qanchalik yosh bo’lsa, unda uyquga bo’lgan ehtiyoj shunchalik kuchli bo’ladi. Yangi tug’ilgan bola bir kunda 19 soat, 3-5 oylikda 17 soat, olti oylikda 15 soat, 9-12 oylikda 13 soat, 2-3 yasharligida 12,5 soat, 4-5 yasharligida 11,5 soat, 6 yashar bo’lganida bola 10 soat uxlashi kerak. Bu bolaning sixat-salomat o’sishi uchun tabiatning o’zi belgilab qo’ygan zaruratidir.

Bola yorug’ dunyoga kelgan zahoti kun bilan tunni ajrata olmaydi, u bir sutkada 4 martaadn 11 martgacha uxlaydi, 1,5 yashar bo’lganda har 4,5 soatda 1,5-2 soat uxlatiladi. 3 yoshga to’lguncha 2,5-3 soat, 4-6 yoshgacha 1,5 soat uxlatiladi. Faqat 7 yoshga borib, bola organizmi tungi uyquga moslashadi. 7 yashar bola kechasi yaxshi uxlamagan bo’lsa, maktabda toliqsa, shamollagan yoki holi qurigan bo’lsa uni kunduzi uxlatish kerak, shunda quvvati tezroq asli holiga keladi. Demak, bola kunduzi albatta uxlagani ma’qul. Chunki bola kunduzi uxlaganida organizmdagi eng muhim bo’lgan uyqu va tetiklik bioritmlarini tabiatning o’zi bir maromda ishlatadi. Bola kunduzi uxlamasa, bioritmlar uyg’un bo’lmay qoladi. Natijada bola jahldor bo’lib, tez toliqadi, asabiy-ruhiy va jismoniy rivojlanishi sekinlashadi, yaxshi o’smaydi, immuniteti susayib ketadi, tez-tez shamollaydigan bo’lib qoladi, bolalar infektsiyalari salga yuqadi.

Bola kunduzi miriqib uxlaganda yangi bilimlarni yaxshi o’zlashtiradi, ish sifati yaxshi bo’ladi. Bola qanchalik yosh bo’lsa, shunchalik ko’p narsalarni bilib olishi va eslab qolishi kerak.

Bola kunduzi uxlasa, kechasi ham to’yib uxlaydi, ishonmaysizmi? Bolam kunduzi uxlasa kechqurun vaqtli uxlamaydi. Kunduzi uxlasa uxlamasin, keyin ertalabgacha to’yib, miriqib uxlaydi, deb o’ylashadi. Lekin, ochig’ini aytganda vaqtida dam olmagan bola kechga borib bezovtalanadi, xohlasa ham uxlashga qiynaladi. Kunduzi taassurotlarga to’lib toshgan miya ularni kechasi qayta ishlashga qiynaladi, binobarin bola aloq-chaloq tushlar ko’rib chiqadi.

Shaharda yashaydigan bolalar ko’proq uxlashi kerak. Chunki mashinalarning shovqin-suroni, zarali chiqindilar bolaning nerv sistemasini “zaharlaydi”, bir maromdagi hayotini izdan chiqaradi. Shuning uchun ham ular qishloq bolalariga qaraganda ko’proq charchaydi. Bola uxlab yotganda miyaning maxsus himoya oqsili ishlanib chiqadi, u esa miyani zo’r keladigan narsalarga moslashtiradi.

Sizlarga maslahatimiz shuki, 2,5 oygacha bo’lgan chaqaloqlarni emizib bo’lgan zahoti uxlating, 3 oylik bolani qorni to’yganidan keyin 15-20 minut o’tgach, yarim soat yoki bir soatdan so’ng uxlating.

1,5 yoshli bolani kunduzi endi faqat bir mahal uxlating. Ozroq tixirlik qiladiyu, lekin keyin ko’nikib ketadi. Faqat har kuni ma’lum bir vaqtda, o’rgangan joyida uxlasin.

Tabiatning o’zi shunday tartib o’rnatganki, ayol kishi har 28 kunda hayz ko’radi, shuning uchun qizaloq bo’lsa shu kunlar kelganda 2-4 kun vaqt ichida uxlashga qiynaladi, uyqusi siyrak bo’ladi, injiq, bezovta bo’lib qoladi, masalan, o’rniga yotishga hecham unamasligi mumkin. Lekin baribir aldab-sildab uni uxlatish shart. Buni qarangki, katta qiz bo’lganida hayz ko’rishi qizaloqqa bolaligigdan belgi berar ekan.

Bola 15-20 minut yotsayu, lekin uyqusi kelmasa, mayli turaqolsin, uxlamaydiganga o’xshaydi, deb o’ylamang. Bu fikringiz mutlaqo xató. Chunki u o’rinda yotar ekan, demak dam oladi, ikkinchidan, 1,5-3 yashar bola naq bir soatda 4-6 yashargacha 30 minutda uxlab qoladi. Eng qizig’i shuki, mazasi qochib turgan bolaning uxlashiga ancha ko’p vaqt ketadi. Endi, bolalar bog’chasiga boradiganlar haqida ikki og’iz.

Bola kunduzi uxlar ekan bog’cha sharoitiga moslashadi, tarbiyachisiga, o’rtoqlariga o’rganadi. Chunki bola o’rtoqlari bilan birga xuddi uyidagidek yechinadi, karavotda ular bilan birga ma’lum bir vaqtda gaplashib, kulishib, o’ynashib ketadi.

Bir oyda bir martami, ikki martami bolani hayvonot bog’iga yoki dalaga olib borsangiz, unda uxlamasa ham bo’ladi. Ba’zan-ba’zan kun tartibini buzish bilan bioritmlarni mashq qildiramiz. Bu esa bola sog’lig’i uchun faqat foyda keltiradi, xolos.

Bola yoshidan oshgandan boshlab, qo’lidan keladigan barcha ishlarda: kiyinish, yechinish, yuvinishda qatnashishi kerak. Shunda bola bu ishlarni keyinchalik aytmasangiz ham o’zi jon-jon deb qilaveradi. Bola kiyintirib bo’lguningizcha indamay jim tura olmaydi, sho’xlik qila boshlaydi. Shunda aslo uni jerkimang, koyimang. Uning o’zini birorta ishga jalb qilish va shu bilan birga qurbi yetadigan, biroq uning uchun ancha qiyin bo’lgan ishlarga, masalan, paypoq yechish, ko’ylak kiyish va hokazoga o’rgatish lozim. Bola 2 yashar bo’lganidayoq paypog’ini, botinkasini, ishtonini o’zi kiya oladi. 3 yasharligida o’zi bemalol kiyinadi. Bola kiyinayotganida uni saranjom-sarishta bo’lishga o’rgating.

Ota-onalar kichkintoyga yangi odatlarga o’rganishida har tomonlama yordam berishlari kerak. Agar 3 yoshga to’lmagan bola kiyinayotganda charchab qolsa, unga yordamlashish, uni ovutish, qo’lga olish kerak. Unga muloyimlik bilan talab qo’yish, lozim. Masalan, bola qo’lini yuvishdan bosh tortsa, unga: “Qani, dadangga qo’lingni qanday oppoq qilib yuvishingni ko’rsatib qo’y-chi”, deyilsa bas, u o’zining bilag’onligini ko’rsatish uchun yugurib ketadi. Bolalarni birorta ishni yaxshi qilgani uchun “barakalla”, “juda yaxshi qilding”, deb maqtab qo’yish lozim.

Bilim va malakalarning paydo bo’lish muddatlari bolaning ilgari orttirgan tajribasiga, bularni unga qanday o’rgatilganiga va o’zinign qobiliyatiga bir qadar bog’liq bo’ladi.

Bolani ovqatlanishga oqillik bilan o’rgatish kerak. Bunda ovqat bolaning yoshiga mos kelishi, har xil bo’lishi kerak; ovqatlanishda qat’iy tartibga rioya qilish juda zarur. Ovqatlantirish o’rtasida bolaga aslo shirinlik bermang, aslo zo’rlab ovqat yedirmang, ovqat yegisi kelmasa, zo’rlamay, bir-ikki marta ovqatlanishini o’tkazib yuborib, o’rniga faqat choy ichiring.

Bola doimo ma’lum bir joyda o’tirib ovqat yesin, stol, stul bo’yiga mos bo’lsin. Bolani taxminan 1 yasharu 2 oylik – 1 yasharu 3 oylik bo’lgunicha kombinirlangan kresol-stolga o’tqizib, ovqatlantirish kerak, shunda katta odamga qulay bo’ladi. Bola bir yarim yashar bo’lgandan boshlab pastak stolda o’tirib ovqat yeyishi lozim, shunda uning o’zi kichkina stulchaga borib o’tira oladi, unga o’tirishga yordam bering.

Bolani mustaqil ovqatlanishga o’rgatish zarur. 2-2,5 oylik bola qo’llari bilan onasining ko’kragini yoki shisha idishni ushlab turishga, 4-4,5-5 oyligidan boshlab qoshiqchadan ovqatni nonni ushlashga o’rganishi kerak, shu yoshdan boshlab uni piyoladan choy ichishga o’rgating. 10-11 oylik bo’lganda bola piyolani o’zi ushlab choy icha oladi. Bola yoshiga yetganda piyolani stol chetidan oladigan, uni og’ziga olib boradigan, choy ichayotganda ko’tarib turadigan va bo’sh piyolani stol ustiga qo’yadigan bo’lsin. 1 yasharu 1 oy-1 yasharu 2 oyligidan boshlab bolani qoshiqni ushlab ovqat yeyishga o’rgatish kerak. Qoshiq o’rta miyona bo’lgani ma’qul. Bola 1,5 yashar bo’lganda (uni muntazam ravishda mashq qildirib turganda) quyuq ovqatni o’zi yeydigan bo’ladi, 2 yashar bo’lganda har xil ovqatlarni yeyaveradi.

Bolaning qo’liga birinchi marta qoshiq tutqazar ekansiz, uni qoshiqqa ovqat olishga va qoshiqni og’ziga olib borishga o’rgating. So’ngra bola qo’lidan keladigan ba’zi oddiy harakatlarni qila oladigan bo’lganida ancha murakkab harakatlarni o’rgating: “qoshiqni mana bunday ushla” deb ko’rsating. Unga: “suyuq oshni non bilan ich”, “likopchani surib qo’y”, deb o’rgatib turing. Bola biror ishning uddasidan chiqqanda “barakalla, darrov yeb qo’yding-a” deb maqtab qo’yish juda muhim.

Bola dasturxonga faqat qo’lini yuvib o’tirish, ovqatlanish paytida tozalikka va odob-axloqli bo’lishga rioya qilish kerakligini bilsin. Nonni maydalab tashlashga ruxsat bermang. 3 yashar bola ovqat yeb bo’lganidan keyin og’zini sochiqqa artishi, rahmat aytib, dasturxondan turishi kerak. Bu axloq qoidalarini unga tez-tez eslatib turing.

Bola saranjom-sarishtalikka o’rgatilar ekan, hamma narsani: kir bo’lgan yuzini yuvish, ho’l kiyimini yechishni oldin o’zingiz qilib ko’rsating. Juda erta, 1 yashar bo’lgandan boshlab, bolani ozodagarchilikka o’rgatish kerak, 2 yoshga to’lmagan kichkintoylarga, masalan, cho’ntagidan dastro’molini olib, burnini artishga yordam berish mumkin. 2 yoshdan oshgan bola dastro’mol bilan burnini o’zi artishi mumkin. Shuni eslatib o’tish kerakki, xuddi 1 yashardan 3 yashargacha bo’lgan bola bu harakatlarni jon-jon deb qiladi. Maktabgacha yoshdagi ancha katta bo’lib qolgan bola barcha ishlarni kattalar yordamida qilishga o’rganib oladi.

Bolaga shoshmasdan, injiqlik qilishini, sal narsadan ta’sirlanishini esda tutgan holda tarbiya bering.

Bolani o’z vaqtida tuvakka o’tirishga o’rgatish muhim. Agar ona bolaning qachon tuvakka o’tirishini va qanchalik tez-tez siyib turishini bilsa, bolani 1,5 yasharligidan boshlab tuvakka o’tirishni so’rashga o’rgatsa bo’ladi. Bolani 7-8 oyligidan boshlab, ya’ni u o’tiradigan bo’lganda tuvakka o’tqizish lozim. Bola uxlab turganidan keyin uni albatta tuvakka o’tkazish kerak. Tuvak doimo bitta joyda tursin va nihoyatda toza bo’lsin.

Bola 3 yoshga kirganida tuvakka o’zi bemalol o’tiradigan bo’ladi.

Deyarli barcha bolalar qo’llarini yuvishni va cho’milishni yaxshi ko’radilar. Bu malakalarni mustahkamlash uchun bolani ko’proq erkin qo’yib qo’yish kerak. Bola 2 yashar bo’lganidan boshlab tishlarni tozalashga o’rgating. Tishlar orasiga kirib qolgan qand va kraxmal tutgan ovqat qoldiqlari chirib, sut kislota ajratadi, u tishlarni ishdan chiqaradigan bakteriyalarning ko’payishi uchun yaxshigina muhit hisoblanadi.

Yemirilgan sut tishlarni tish do’xtiriga borib davolatish kerak, shunda tish ildiziga infeksiya kirmaydi. Buzilgan qimirlamaydigan sut tishlarni oldirmay turgan yaxshi, chunki hosil bo’lgan bo’sh joy tufayli qo’shni tishlar noto’g’ri o’sishi mumkin, natijada ular doimiy tishlarning o’sishiga halaqit qiladi.

Bolaga o’zining tashqi qiyofasiga va xulqiga e’tibor berishni ham o’rgating. Bola paypog’i tushib ketsa, uni o’zi ko’tarib qo’yishi, botinkasining ipini o’zi taqishi yoki kattalardan yordam so’rashi kerak. Bola polda paypoq bilan yurib bo’lmasligini, poyabzal bilan divanga chiqish, oyoqni artmasdan xonaga kirmasligini bilishi shart. U har bir buyumning ma’lum bir joyda turishi kerakligini bilsin.

Bolaning umumiy rivojlanishi, xulqidagi yaxshi xususiyatlar asosan qarindosh-urug’lari bilan bo’lganda, ular bilan o’ynaganda, atrofdagi narsalarni kuzatganda paydo bo’ladi.

Bolaning chaqqon bo’lishi, tobora murakkab harakatlarni o’zlashtirishi va ularni tez, aniq bajara olishi uchun harakatlarini chegaralab qo’ymang, o’ylagan ishini qilishiga xalaqit bermasligi kerak. Harakatlar, xususan, yangi harakatlar bolaga juda yoqadi. U o’zi o’ynaganida, yurganida, yugurganida, baland joyga chiqqanida, u yerdan tushganida va hokazolarda o’z harakatlarini takomillashtiradi. Harakatlarning rivojlanishiga o’yinchoqlar, masalan, aravacha yordam beradi va bola unda qo’g’irchog’ini yoki ayiqni tashiydi, har xil mashinalar yoki g’ildirakli hayvonlarni sudraydi, qishda belkurak, chelak, chana, yozda – halqa va xususan velosiped o’ynaydi. Koptok umumiy harakatlarning va qo’l harakatlarining rivojlanishi uchun juda yaxshi o’yinchoq hisoblanadi. Koptokning yaxshiligi shundaki, u o’yinda bir nechta bolalarni birlashtiradigan o’yinchoqlardan hisoblanadi.

Ko’pincha bolaga baland joyga chiqishda va u yerdan tushishda, koptok o’ynashda, velosiped minishda yordam berishga to’g’ri keladi. Ba’zan bolani harakatlar qilishga undash, qo’rquvni yengishga o’rgatish kerak (masalan, baland joydan chanada tushishda). Bolaga hayoti uchun xavfli bo’lgan o’yinlar o’ynashnigina man etish kerak. Aga bola yiqilib tushsa yoki biror yerini urib olsa, qo’rqqaningizni aslo bildirmang. Bolaga “yiqilib tushdingmi? Hech narsa qilmaydi, turaqol, qo’llaringni art”, deb dalda berish lozim.

Bola erkinlik va kattalarning bergan yordami tufayli hayotining 2-3-yilida faqat tekis joydan emas, balki o’tlar ustidan yuradi, to’siqlardan o’tadi. Uning harakatlari tobora uyg’unlasaha boradi. Bola yurib ketayotganida boshqa harakatlar ham qiladi – u biror narsani ko’tarib yuradi, biror narsani oldiga itarib yoki sudrab boradi. Bola 3 yashar bo’lganida endi yuguradi, sakraydi, stulga chiqadi, undan tushadi, velosiped minishga o’rganadi, qishda – chanada uchadi, agar kattalarning yordamisiz bularning uddasidan chiqsa, juda xursand bo’lib ketadi. Bola koptokni mo’ljalga otishi, uni ilib olishi, yumalatishi mumkin va hokazo.

Bolani bemalol harakat qiladigan qilib kiyintirish kerak, kiyimi yengil, havo o’tkazadigan, kiri oson ketadigan matodan tikilgan bo’lishi lozim. Ko’pchilik ota-onalar bolalariga qimmatbaho kostyum kiygizadilar va kiyimni iflos qilib qo’yishdan qo’rqib, o’yin o’ynayotganida doimo tergab turadilar. Bunday qilmaslik kerak, chunki bola o’zicha turli o’yinlar o’ynaganidan keyin ishtaha bilan ovqat yeydi, qattiq uxlaydi va yaxshi rivojlanadi.

Bola juda to’polon qilsa, darhol to’xtatish kerak. Kichkintoyni boshqa narsaga jalb qilish yo’li bilan unga ta’sir eting, ancha katta bolalarga bunday qilishning yaramasligini aytish, “nega yostiqni otding, axir kir bo’ladi-ku”, “agar senga kerak bo’lmasa, olib qo’yaman” deyish zarur.

Bola juda yoshligidan “mumkin emas” degan so’zni qat’iy uqib olsin. Biroq, bu so’zni juda kamdan-kam hollarda aytish kerak, chunki hadeb qaytaraveriladigan bo’lsa, bola gap o’tmaydigan surbet bo’lib qoladi va kattalarning aytganini qilmaydi.

Bolaga gapingizni o’tkazing. Bunda hollarda bir so’zlik va qat’iylik bolada sizga nisbatan faqat hurmat uyg’otadi. Bola, masalan, hadeganda uxlay qolmaydi, yana o’ynagisi keladi, biroq siz uxlashi kerakligini qat’iy talab qilsangiz uyqusi yaxshi bo’ladi, binobarin, bola tinch, har narsaga g’ingshimaydigan bo’ladi. Ota-onaning bir so’zligi bolani gapga kiradigan qiladi.

Bolaga baqirmang. Bola bilan muloyim yotig’i bilan gaplashing, bu eng yaxshi vosita. Kichkintoylar kattalar tovushini sal baland qilishi bilanoq ularning gapiga darrov kiradilar, aksincha, baqiriq-chaqiriqqa o’rgangan bolalar uncha parvo qilmaydilar, shu tufayli kattalar yana ham “ta’sirchan” chorani axtaradilar.

Ota-onalar ko’pincha taltayib ketgan erkatoy bolani qanday qilib qayta tarbiyalasa bo’ladi, deb so’raydilar. Buning uchun albatta bir so’zlik bo’lish va so’zni o’tkazish lozim. Uy ishining kundalik jadvalini tuzib qo’ying va har kuni go’yo uni qilayotgandek bo’ling. Agar bola ko’tarishingizni yoki u bilan o’ynashingizni so’rasa, ish qilayotganingizni muloyimlik bilan ayting. 1,5-3 hafta davomida qunt va sabot bilan xuddi shunday qilish kerak. Bola xarxasha qilayotgan yoki yig’layotgan bo’lsa, unga aslo pand-nasihat qilmang, foydasi bo’lmaydi. Uning tinchishini kutib turingda, bu ishining noto’g’riligini tushuntiring.

Bolaning tili o’z vaqtida chiqsa, u bilan gaplashish oson bo’ladi. Bola yoshiga yetganda u endi 8-10 ta so’zni biladi. Keyin nutqi tezda takomillasha boradi. Katta odam bolaning har bir so’zidan quvonadi, biroq quvonishning o’zi yetmaydi, hali bolaga yordam berish kerak. Kichkintoy kattalarning nutqiga darrov taqlid qiladi. Agar katta odam buyumlarning nominigina aytmasdan, balki ularning sifatini ham aytsa (koptok-yumaloq, shakarli choy-shirin, gul-qizil), u holda bola bu tushunchalarni darrov o’zlashtirib oladi. Shuni ham hisobga olish kerakki, bolaga faqat buyumning nomini aytmasdan, balki uni ushlab ko’rishga ruxsat etilsa, ya’ni ayni bir vaqtda bir necha analizatorlar ta’sir etganda o’rganib olishi oson bo’ladi.

Bola nutqining rivojlanishi ikkita bosqichni o’tadi: u dastlab asosan so’zni tushunadi, biroq kam gapiradi (bu sensor nutq deb ataladi), keyin esa faol nutq ham rivojlanadi. Bolalar so’zni juda erta tushuna boshlaydilar. Bola 7 oylik bo’lganidayoq nomi bir necha marta aytilgan, ma’lum bir joyda turgan narsani, masalan, “koptok qani?” deganda ko’zi bilan qidirib topadi va agar “koptokni ber” deyilsa, uni olib beradi.

Bola 9 oylik bo’lganida nigohi bilan bir nechta narsani, ular qayerda turgan bo’lishidan qat’i nazar, qidirib topadi. Bola 10-11 oylik bo’lganda ba’zi so’zlari umumlashgan tabiat kasb etadi. Masalan, bola ilgari juni silliq narslarning hammasini mushuk deb aytgan bo’lsa, endi u mushukka o’xshab ketadigan narsalarni-mayin junlinisini ham, matodan tikilganini ham, plastmassadan yasalganini ham mushuk, deb aytaveradi.

Keyinchalik bola katta bo’la borishi bilan umumlashtirishga bo’lgan qobiliyat tobora rivojlanadi. 2-3 yoshligida “o’yinchoq” deganda bola qo’g’irchoqni ham, kubikni ham, koptokni ham, idish-tovoqni ham, ya’ni o’zi o’ynaydigan barcha narsalarni ham umumlashtiradi.

Bola 3 yashar bo’lganida faqat harakatlar va narsalarni umumlashtirmay, balki ularning sifatlarini ham umumlashtiradi. Masalan, nima qizil bo’ladi deyilganda “gul, ko’ylak, koptokcha” deb aytishi mumkin.

Bolani so’zga o’rgatayotganda katta yoshli odam barcha harakatni gapirib turib ko’rsatish kerak. Masalan, bola ovqat yev turgan bo’lsa, unga “bo’tqa yeyapmiz”, agar uxlashga yotayotgan bo’lsa, “hozir uxlaymiz” deyish kerak. Bola yoshidan oshganda bolani taqlid qilish takomillashtirish va oddiy “tik-tik”, “bi-bip” degan so’zlarga o’rgatish lozim, ayni vaqtda oson so’zlar bilan bir qatorda “tik-tik soat”, “bi-bip mashina” va hokazo kabi haqiqiy so’zlarni ham aytish zarur. Bola eshitayotgan so’zlariga taqlid qila boshlaganidan keyin odatdagi so’zlarga o’taverish kerak.

Iloji boricha bolani ko’p gapirishga harakat qiling. Ba’zan ota-onalar bolaning birgina imo-ishorasi bilan uning istagini bajarib, xató qiladilar. Bu noto’g’ri, chunki u faol nutq rivojlanishining to’xtab qolishiga olib boradi. Aga bolaning nima demoqchi ekanini aniq bilib tursangiz ham uni o’z istaklarini: “olma bering, deb ayt” degan so’zlar bilan gapirishga undash kerak.

Bolani so’zga to’g’ri o’rgatilsa, u o’zining lug’at boyligini tez to’ldiradi. Bola 1 yasharu 11 oylik bo’lganida, qizlar esa, bundan ham erta 2-3 ta so’zdan iborat qisqa jumlalarni aytishi mumkin, 3 yoshida esa oson topishmoqlarni topadi, qiyin bo’lgan hikoyalarni tushunadi. Bu davrda nutqning rivojlanishiga katta ahamiyat bering. Buning uchun birorta aniq harakat tasvirlangan suratlardan, masalan, mushukning uxlayotgani, qizchaning koptok o’ynayotgani, mashinaning yo’ldan ketayotgani tasvirlangan rasmlardan foydalanish kerak. Suratning mazmunini aytib berishini so’rang, notanish buyumlar va harakatlarning nomini tushuntiring. Bolaga ko’proq savollar bilan murojaat qiling.

3 yoshdan oshgan bola endi qiyin jumlalarni aytishi mumkin, ko’pincha noto’g’ri talaffuz qiladi va harflarni hamda so’zlarni joyida ishlatmaydi.

Ko’pincha tarbiyada xató bo’lganida nutqning rivojlanishi 3,5-4 yoshgacha to’xtab qoladi. Agar bola boshqa jihatdan yaxshi rivojlanayotgan bo’lsa, bundan hech xavotir olmang. Faqat unga o’rgatishni sal tezlashtiring va yo’qolgan vaqtning o’rnini to’ldiring.

Bola hayotida uning his-tuyg’ulari holati katta ahamiyatga ega. Unda hissiyotlarning yaxshi bo’lishiga harakat qiling. Biror narsadan maroqlanishi, xursand bo’lishi, o’ynab-kulish bolaning faolligini oshiradi, bu barcha fiziologik jarayonlarga yaxshi ta’sir qiladi. Bolaga yaxshi e’tibor berilmasa, unda turli xildagi taassurotlar bo’lmasa, psixikaning rivojlanishi tug’ilgandagi juda oddiy hissiyotlar darajasida turib qoladi, bular ham keyinchalik “ishlatilmasligi” natijasida asta-sekin so’na boshlaydi. Bir yashar bolaning tabiiy sharoitlarda juda boy bo’lgan ichki dunyosida ovqatga va uyquga bo’lgan ehtiyojni qondirilishiga bog’liq bo’lgan juda oddiy hissiyotlargacha torayib qoladi.

Bola dunyoga kelgan birinchi oylardan boshlaboq kattalar bilan doimo muloqot qilishga muhtoj bo’ladi. Shuning uchun bolani yo’rgaklayotganda yoki kiyintirayotganda u bilan gaplashing, tovushing ohangini o’zgartirib turing, shunda bolada yaxshi kayfiyat paydo bo’ladi.

Bolaning doimo harakatda bo’lib turishiga: narsalarga qarashiga, eshitishga, harakat qilishiga intiling. Go’dak bolalar turli xildagi ta’sirotlarni tinch sharoitda yaxshi idrok etadilar. Bolaning tovush bilan javob qilish reaktsiyasi ham unga sekin gapirganda va javob reaktsiyasini olish uchun bir oz vaqt kutib turganda oson paydo bo’ladi.

Bola kattaroq bo’lib qolganda uning o’yinini tashkil qilish lozim. O’yin o’ynashni biladigan bola doimo band bo’ladi, kayfiyati ham yaxshi bo’ladi. U o’yin o’ynar ekan, unda o’zi ko’rgan, eshitgan narsalarni aks ettiradi, shu tariqa xulqning ma’lum shaklini mustahkamlaydi. Bolaning mustaqil ravishda fikr-diqqatini yig’ib o’ynashi uchun yoshiga va rivojlanishiga mos keladigan o’yinchoqlar sotib oling. O’yinchoqlarning juda ko’p bo’lishi zararli: o’yinchoqlar ko’p bo’lsa, bola ularga qiziqmay qo’yadi. Shu sababli, hozircha bola kam o’ynayotgan o’yinchoqlarni ma’lum vaqtgacha olib qo’yish kerak.

Bolaga uyda kuchi yetadigan birorta ishda qatnashishiga imkon bering. Masalan, qoshiqni olib kelish, to’kilgan suvni artib olish, gulga suv qo’yish, uning qo’lidan keladi. Bu ishlarni qilganda bola quvonadi va ishidan xursand bo’ladi. Faoliyatlari bilan har tomonlama rivojlanadi. U atrof dunyo bilan tobora keng va chuqurroq tanisha boradi. Bolada atrof-tevarakka qiziqishni, o’z ishidan xursand bo’lishini har qanday yo’l bilan mustahkamlash kerak. Bolaning harakatini cheklab qo’ysangiz, biror qiziqqan narsasi bilan shug’ullanishiga ruxsat etmasangiz xafa bo’lib, yig’laydi.

Bola ma’lum bir ishni yoki harakatni qilishga uzoq vaqt urinib ko’rganidan keyin (piramidadagi bacha halqalarni yig’ib bo’lishi, divanga chiqib olishi, g’ishtlardan uycha qurib olishi) unda paydo bo’ladigan quvonch va qoniqish hissi juda qimmatlidir. Bolaga muloyimlik bilan kulib boqish, yaqin qarindoshlarning maqtab yoki hazillashib erkalab aytgan so’zlari, ularning o’yinda qatnashishi bolaning kayfiyatini yaxshi qiladi, sho’x, harakatchan o’yinlar (“ushla-ushla”, koptok o’ynash, bekinmachoq o’ynash) bolani juda-juda quvontiradi. Musiqa, gullar, chiroyli buyumlar, suratlar unga estetik rohat beradi. Bu hisni qo’llab-quvvatlash va rivojlantirib turish kerak. Rahmdillik, hamdardlik, muloyimlik, hayvonlarni sevish, mehrli bo’lish, g’amxo’rlik qilish va boshqa hislarni ham tarbiyalash lozim.

Bolada salbiy hissiyotlar paydo bo’lishiga yo’l qo’ymaslik uchun hayotini to’g’ri tashkil qilish zarur. Biroq, shu xildagi hissiyotlar paydo bo’lgudek bo’lsa, har bir aniq hodisada bu uning nima sababdan yuzaga kelganiga qarab, ish tutish kerak. Agar bola charchab qolganidan yoki uyqusi kelganidan tixirlik qila boshlasa, yerga o’tirib yoki yotib olib yig’lasa, yaxshisi, unga birorta qiziqarli narsani aytib berib, uyga olib keeling. Agar bola biror narsani qilishiga yo’l qo’ymaganingiz tufayli yig’lay boshlasa, uning har qanday dod-voyidan qo’rqmang, unga parvo qilmang.

Bolani qo’rqishidan asrang, bola hayotining birinchi yilida qattiq qichqiriq, qattiq tovushni eshitganida, birorta g’ayri oddiy narsani ko’rganida qo’rqib ketishi mumkin. Hayotining ikkinchi-uchinchi yilida bola salga qo’rqishi mumkin, chunki bu davrda u atrof-tevarakdagi narsalarni darrov ilg’ab oladigan bo’ladi. Bola avtomobildan qo’rqmasligi, biroq ko’cha o’rtasida o’ynab bo’lmasligini, itdan qo’rqmasligi, biroq egasi ruxsat bermasa, itga qo’l tekkizib bo’lmasligini bilishi lozim va hokazo. Bolalarni aslo qo’rqita ko’rmang, chunki vahima hissini boshidan kechirishi ko’pincha bolaning ruhiyatida bir umrga asar qoldiradi. Bundan tashqari, bola gapingizga kirmasa, “alvasti”, “opala”, “amaki”, “militsioner” opketib qoladi, deb qo’rqitar ekansiz, siz uni faqat yuraksiz, qo’rqoq qilib emas, balki atrofdagi odamlarga ishonmaydigan qilib tarbiyalaysiz.

Bolaning begona odam bilan munosabati haqida ham gapirib o’tish o’rinli bo’lur edi. Bola 3 oylik bo’lguniga qadar begona odamga befarq bo’ladi, 5 oylik bo’lganida u begona kishidan yotsiraydi, ba’zan u qo’liga olmoqchi bo’lganida chinqiradi, 1 yasharu 1 oylik bo’lganda salga ozor topadigan bo’lib qoladi. Shu munosabat bilan katta odam yosh bolaga nisbatan kattaroq bolalarga qaraganda ancha boshqacharoq ish tutishi kerak: bolani dastlab begona odamga o’rgatish lozim.

Bola onasini va qarindoshlarini barvaqt taniy boshlaydi. 4 oylik bo’lar-bo’lmas kichkintoy tanish qiyofa yaqinlashganda quvonadi. Bolada yaqin qarindoshlariga nisbatan mehr uyg’otish, ularga mehribon qilib tarbiyalash, ularni aytganlariga kiradigan qilib o’stirish lozim. Bolaga istagan hamma narsasi darhol bajarilavermasligini tushuntiring.

Bolaga rahm qilib yoki uning xarxashasiga, yig’isiga yuragi dosh bermay, nima desa shuni qiladigan ota-onalar katta xatoga yo’l qo’yadilar. Oqibat-natijada shunday bo’ladiki, bola 3 yoshga kirganida hamma narsa men uchun qilinishi kerak, deb o’ylaydi. Talablari bajarilmaganda yig’laydi, injiqlik qiladi. Bunday vaqtda ota-ona kelishib ish ko’rishi kerak. Bolalar hayotidagi hamma narsa ota-onaning nazorati ostida bo’ladi, ana shu nazoratni ota-ona hamjihatlik bilan olib borishi zarur. Bola, masalan, birorta o’yinchoqni sotib olib berishlarini so’raydi. Ota bunga unamaydi, chunki bola keyingi vaqtlarda o’zini yomon tutgan. Ona esa otaning yonini olish o’rniga shu o’yinchoqni olib beradi, shunda ham otadan yashirincha olib beradi. Ota-onalarning bunday harakati bolalarni yolg’on gapirishga majbur qiladi. Ba’zi olalarda bola doimo qattiqqo’l ota oldida yuvosh bo’lib turadi, ko’ngli bo’sh onasining oldida esa xohlagan narsasini qiladi. Ota-onaning bola oldida janjallashishi, xususan, bola tarbiyasi ustida tortishi juda yomon. Bunda bolaning fikri buziladi, u kattalarning talablariga umuman quloq solmaydigan yoki ota-ona o’rtasidagi kelishmovchilikdan osongina foydalanadigan bo’lib qoladi.

Bolalar haqida hamjihatlik bilan ish ko’rish har bir alohida hodisada qanday ish ko’rish kerakligi haqida kelishib oling, bu juda muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega. Masalan, bolaga kattalar o’ynaydigan o’yinni (shaxmat-shashka) olishga ruxsat berish yoki bermaslik, unga qanday topshiriqlar berish va hokazo. Ota-ona bolani, uning qiziqishlari va mayl-istaklari borligini kuzatib borishar ekan, xulqidagi u yoki bu xususiyatlarga qanday qarash kerakligini hal qilishadi. Bola, masalan, bir joyda tik tura olmaydi, kitob o’qib berganda tinch turib eshitmaydi. Shunda ota-ona maslahatlashib, kerakli tarbiya vositasini qidirishadi. Ota-ona hamjihatlik bilan ish ko’rar ekanlar, o’zlarining bolalarga ko’rsatadigan ta’sirlarini ancha oshiradilar.

Bolaning birorta ishni yaxshi qilganda maqtang, birorta ayb qilib qo’yganda muloyimlik bilan aybini ayting, buni tushunishga o’rgating, faqat baqiriq-chaqiriq bilan bo’ysundirmang. Bolani chaqaloqligidanoq gapga kiradigan, mo’min qilib tarbiyalash kerak. Bu bolaning xavfsizligi va butun umrini to’g’ri tashkil qilish, shuningdek, kattalarga gap qaytarishning oldini olish uchun zarur, ba’zan esa arzimagan narsadan chiqqan janjal katta odamning ham, bolaning ham dilini og’ritadi, yurakda og’ir iz qoldiradi.

Bolaning gapga kiradigan bo’lishi uchun unga oqilona va qo’lidan keladigan talablarni qo’ying. Man etishlar asosli bo’lishi lozim. Hamma narsani qilishga ruxsat bermang, biroq hamma narsani ham man etmang.

Bolaning bo’ysunishi qanchlik muhim bo’lmasin, u tarbiyaning asosiy maqsadi bo’lmasligi kerak. Bolaning istagini va faolligini bosish yaramaydi, uni har qanday topshiriqni avtomatik ravishda bajaradigan mahluqqa aylantirmaslik kerak. Bo’ysunish chin dildan rozi bo’lish oqibati bo’lsin, biroq ko’r-ko’rona bo’sunmasin. Ana shunday qilganidagina bola shaxsi to’g’ri rivojlanadi va kattalarga nisbatan unda sog’lom, yaxshi munosabatda paydo bo’ladi.

Shunday ham bo’ladiki, bola o’yin bilan ovora bo’lib yoki biror narsaga berilib ketib qulog’iga gap kirmaydi, kattalar esa undan birorta narsani: cho’milishni, birorta narsani olib kelishini talab qiladilar. O’z ishi bilan band bo’lgan bola ota-onasining so’zlarini go’yo eshitmaydi. Bolaning bunday xulqini hamisha ham quloqsizlik deb hisoblamang. Boladan birorta narsani iltimos qilmoqchi bo’lsangizu, biroq uning qiziqish ish bilan band bo’lib turganini ko’rsangiz, dastlab uning diqqatini chalg’iting, boshqa ishga o’tishiga imkon bering, shundan keyingina iltimos qiling.

Bola 3 yoshga kirib, unda taqlid qila bilish yaxshi rivojlanganda, u kattalardan va bolalardan yomon qiliqlarni o’rganishi: tuflashi, so’kinishi mumkin. Unga bunday qilish yaxshi ish emasligini aytish va bu ishning noma’qulligini tushuntirish kerak. Shu yoshda bolani ma’lum odob-axloq qoidalariga rioya qilishga: rahmat aytishga, salomlashishga, “yaxshi yotib-turinglar” deyishga, ko’chadan o’tish qoidalariga rioya qilishga o’rgatish lozim, maysazor ichida yugurib yurishga ruxsat etmaslik kerak va hokazo.

Bola 3 yoshga kirganida atrofidagi chiroyli narsalarni zavqlanib tomosha qiladi, tabiatdagi turli hodisalarni: qo’ng’izning qanday o’rmalashini, kapalak yoki qushning qanday uchishini zo’r diqqat bilan kuzatadi. Katta yoshli odam uyda avvalo o’zi saranjom-sarishta bo’lishga harakat qilishi, bunga bolani ham o’rgatishi juda muhim, u go’zallikni ko’rishga o’rgatilsa yaxshi bo’ladi, musiqaga, badiiy so’zga muhabbat uyg’otish, she’rlar o’qishga va ertak aytishga o’rgatish muhim.

Bolaga teleeshittirishlarni ko’rishga ruxsat berish mumkinmi, degan savol tug’ilishi tabiiy. Bu savolga mumkin, deb javob berish kerak, biroq bolaga kichkintoylar uchun beriladigan eshittirishlarni ko’rishga ruxsat etish lozim. Teleeshittirishlarni ko’p ko’rsa, bola juda toliqib qoladi. Shu sababli bola televizorni sayr qilib kelganlaridan keyin ko’pi bilan 30-40 minut ko’rish lozim, televizorni ekrandan 2-5 metr uzoqda, yorug’roq joyda ko’rish kerak.

Bolalarning o’yin faoliyatini ham uyda, ham sayrda tashkil qilganda har xil faoliyat turlarining almashinib turishini kuzatib borish zarur, bunda bola harakat qilsin va fikrini yig’ib, biror ish bilan shug’ullansin va boshqa bolalar bilan o’ynasin, atrofdagi narsalarni kuzatsin.

Bolaning rivojlanishi va uni to’g’ri tarbiyalash uchun u bilan bevosita shug’ullanish katta ahamiyatga ega. Shunda bola ota-onalarga mehr-muhabbatli bo’ladi va ularni hurmat qilishga o’rganadi. Mashg’ulotlarni qiziqarli qilish kerak. Bolani qo’nimli va diqqat-e’tiborli bo’lishga o’rgatish zarur. Mashg’ulotlarni o’tkazishda bolaning qiziqishlari bilan hisoblashish va iloji boricha uning istaklarini qondirish kerak.

Bola katta bo’la borgani sayin o’yinlarni xilma-xil qilib, murakkablashtira borish kerak: narsalarni yasash kabi ancha murakkab o’yinga o’tish, keyinchalik taxminan 2 yoshdan boshlab bolaga narsalarni yopishtirish uchun imkon berish zarur, lekin bu ishda albatta unga qarashish kerak: sharchalar qilish, ayrim narsalarni bir-biriga qanday qilib yopishtirish va boshqalarni ko’rsatish lozim.

Ota-onalar ko’pincha: chapaqaylikka o’rganib qolgan bolani albatta o’ng qo’l bilan ish qilishga o’rgatish shartmi, deb so’rashadi. O’ng qo’lning ustun bo’lish muddatlari va chapaqay bolani albatta o’ng qo’ldan ish qilishga o’rgatish xususida turli fikrlar bor. Ba’zi mualliflarning fikricha, o’ng qo’lning ustinligi bola hayotining ikkinchi oyida, boshqalarning fikriga ko’ra, bola yoshiga yetganda, ba’zilar esa 2-3 yoshda paydo bo’ladi. Har qalay bolani “yo’rgakdanoq” o’ng qo’lidan foydalanishga o’rgatish kerak: o’yinchoqlarni o’ng qo’lga berishga harakat qilish, qoshiqni to’g’ri ushlashga o’rgatish, biror narsani o’ng tomondan berish va hokazo. Hamma narsani faqat chap qo’liga olaveradigan va 3-4 yashar bo’lganda chapaqay bo’lib qolgan bolani nima qilish kerak? Bu savolga javob berish uchun u yoki bu qo’ldan foydalanishdagi dominanta manbalar ustida bir oz to’xtalib o’tamiz. Oyoq-qo’llar harakatini miya boshqaradi: o’ng yarimshar chap qo’lni, chap yarimshar o’ng qo’lni boshqaradi. Ko’pincha bir umrga chapaqay bo’lib qolishga shu narsa sabab bo’ladiki, mutaxassislarning aytishicha, ba’zi bolalarda ancha rivojlangan o’ng yarimshari yetakchi bo’lib tug’iladi, binobarin, chap qo’l yetakchi bo’ladi. Bu hodisa irsiy-genetik zamin natijasida yoki tug’ruq paytida chap yarimsharning shikastlanishi oqibatida paydo bo’ladi. Ko’pchilik hollarda bolalarning butunlay chapaqay bo’lib qolishi, agar bunga tug’ruq paytida shikastlanish sabab bo’lgan bo’lsa, boshqa nuqsonlar, masalan, ko’rish assimetriyasi bilan kechadi. Vrach chapaqay bo’lib qolishga uchta sababdan qaysi biri asos bo’lganini: irsiyatmi, tug’ruq paytida shikastlanishmi yoki tarbiyadagi xatolik ekanligini bilib olishingizga hamisha yordam beradi. Bu borada bola tarbiyasida xatoga yo’l qo’yilgan bo’lsa, endi ayniqsa jon kuydirish kerak bo’ladi. Biroq, bolani o’ng qo’lga o’rgatib bo’lmasa, siz qo’lingizdan kelgancha harakat qilsangizu, lekin sizning urinishingiz qarshilikka uchrasa, bolani asti zo’rlamang. Demak, sizning farzandingiz ochiqdan-ochiq chapaqay. Ba’zan bolani chqp qo’ldan o’ng qo’lga o’tishiga zo’rlab majbu qilganingizda bolada turli xildagi duduqlanib qolishdan tortib, to tildan qolishgacha borib yetadigan nevrozlar paydo bo’ladi. Lekin bolani tinch qo’ysangiz, u holda nutq tiklanadi va dududlanish o’tib ketadi. O’ng qo’l bilan ham, chap qo’l bilan ham yozish, ovqatlanish va boshqalarning zarari yo’q. Mashhur odamlar ham chapaqay bo’lishgan.

Tarbiya berishda bolaning o’ziga munosib ish tutish zarur. Ma’lumki, bola mavhum bir nasl surgan sifatlar: nerv jarayonlarining tipologik xususiyatlari, ochlikka, og’riqqa va boshqalarga, turli xil kuchdagi reaksiya bilan tug’iladi. Bola ancha qo’zg’aluvchan yoki kamroq qo’zg’aluvchan bo’lib tug’iladi. Ba’zi bolalar ko’proq o’tirishni ma’qul ko’radilar, boshqalari esa pitir-pitir bo’ladilar. Tabiiyki, bunday bolalarga pedagogik jihatdan turlicha munosabatda bo’lish kerak bo’ladi. Pedagogikaning umumiy tamoyillariga amal qilgan holda ba’zi bolalarni harakat qilishga rag’batlantirish, boshqalarini tinchlantirish, ko’proq o’tirishga, ya’ni qo’nimli bo’lishga o’rgatish lozim. Bola qaysi narsadan orqada qolayotgan bo’lsa, o’shalarini rivojlantirish va shakllantirish, unda shundoq ham kuchli bo’lgan narsalarga kamroq ahamiyat berish kerak.

Ko’pincha ota-onalar nima uchun o’sha bitta oilada va bir xilda tarbiya qilganda bolalar mutlaqo bir-birlariga o’xshamasdan o’sadilar, deb so’rashadi. Bu savolga javob berish oson: buning sababi shuki, nerv faoliyati turlicha bo’lgan bolalarga tarbiyaning bir xil usuli qo’llaniladi. Bola nerv sistemasining o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olish va tarbiya usullarining eng yaxshi yo’llarini topish murakkab vazifa, biroq jon kuydirib bergan tarbiyangiz oqibati albatta yaxshi bo’ladi. “Qush uyasida ko’rganini qiladi”, degan maqol bor. Bolani yoshligidan ota-onasiga, qarindosh-urug’lar va boshqalarga mehribon, halol, iymon-e’tiqodli, odob-axloqli, ona Vatanga sadoqatli, rahmli qilib o’stirsangiz u albatta kelajaka baxtli-saodatli bo’ladi, el-yurt oldida obro’-e’tibor topadi. Buni aslo unutmang!