CHECHENISTON
CHECHENISTON, Checheniston Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Maydoni taxminan 15 ming kilometr kvadrat (Checheniston bilan Ingushiya o’rtasidagi chegara demarkatsiya qilinmagan). Aholisi 1 million 100,3 ming kishi (2002). Poytaxti — Grozniy shahri. Ma’muriy jihatdan 16 tuman va 5 shaharga bo’linadi. Davlat tuzumi. Checheniston — respublika. Davlat boshlig’i — prezident. Amaldagi Konstitutsiyasi 2003 yilda qabul qilingan. Konstitutsiyada nazarda tutilgan hokimiyatning qonun chiqaruvchi va vakillik organlarini shakllantirish jarayoni ketmoqda. Tabiati. Checheniston Katta Kavkaz tog’lari (Chechenistonning eng baland joyi Tebulosmta tog’i, 4493 metr) ning shimol yon bag’ri va unga tutashgan Chechen tekisligi hamda Terekkuma pasttekisligida joylashgan. Neft, gaz, qurilish materiallari konlari bor. Iqlimi kontinental. Yanvarning o’rta temperaturasi Terekkuma pasttekisligida -3°, tog’larda -12° gacha, iyulda 25° va 21°. O’rtacha yillik yog’in 300-1000 millimetr. Yirik daryolari — Terek, Sunja. Tuproqlari tekisliklarda, asosan, o’tloqi, kashtan va och kashtan, qirlarda karbonatli qora, daryo vodiylarida allyuvial, tog’larda tog’ o’rmon va tog’ o’tloqi tuproqlar. Terekkuma pasttekisligida shuvoq va sho’ra o’simliklar, Chechen tekisligida dasht va o’rmonli dasht o’simliklari o’sadi. 2200 metrgacha bo’lgan balandlikdagi tog’larda keng bargli o’rmonlar, undan yuqorida subalp va Alp o’tloqlari mavjud. Chechenistonda kemiruvchi va sudralib yuruvchi hayvonlar ko’p; qushlardan yovvoyi o’rdak, g’oz, tuvaloq, Kavkaz qirg’ovuli bor. Tog’larda qo’ng’ir ayiq, to’ng’iz, kiyik, bo’ri, o’rmon mushugi, suvsar yashaydi. Aholisi. Asosiy aholisi chechenlar. Ingush, rus va boshqa xalqlar ham yashaydi. Shahar aholisi 34,5%. Respublikaning davlat tili — chechen va rus tili. Dindorlar Islom dinining sunna mazhabida. Tarixi. Chechenlar 7-asrda birinchi bor tilga olingan. O’rta asr boshlarida Checheniston hududining ko’p qismi Alaniya davlati tarkibida bo’lgan. 19-asrda Checheniston aholisi tog’li xalqlarning rus qo’shinlariga qarshi qurolli kurashida qatnashgan. Tog’lilar mag’lubiyatidan so’ng (1859), Checheniston Rossiya tarkibiga qo’shib olingan. 1921 yildan RSFSR tarkibidagi tog’li Muxtor respublikaga kiritilgan. 1922 yil noyabrda Checheniston Muxtor viloyati tuzilgan. 1934 yildan Checheningushiya Muxtor viloyati tarkibida. 1936 yil viloyat Muxtor respublikaga aylantirilgan. 1942 yil Chechenistonning bir qismi nemislar tomonidan bosib olingan. 1943 yil ozod etilgan. 1944 yil Checheningushiya tugatilib, aholisi 2-jahon urushida bosqinchilarga yon bosdi, degan tuhmat bilan zo’rlab O’rta Osiyo va Qozog’istonga deportasiya qilingan. 1957 yil Muxtor respublika tiklangan. 1991 yil Checheningushiya Muxtor Respublikasi Checheningushiya Respublikasi deb nomlandi. 1992 yil Rossiya Federatsiyasi tarkibida Ingushiya va Checheniston Respublikalari tuzildi. 1991 yil sentabrda chechen xalqining umummilliy Kongressi Checheniston Respublikasining davlat suverenitetini e’lon qildi. 1992 yil prezident lavozimi ta’sis etildi. Bular Rossiya Federatsiyasi tomonidan tan olinmadi. J. Dudayev rejimi siyosati Chechenistonda keskin ijtimoiy-siyosiy inqirozga, Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasini qo’pol ravishda buzishga olib keldi. 1994 yil dekabr — 1996 yil avgustda qurollangan chechen otryadlari bilan konstitutsion tartib o’rnatish uchun Chechenistonga kiritilgan federal qo’shinlar o’rtasida harbiy harakatlar bo’lib o’tdi. 1999 yil avgustda chechen jangarilarining Dog’istonga qilgan yurishidan so’ng federal qo’shinlar Checheniston hududida antiterroristik harakatlarni boshladilar. Xo’jaligi. Sanoatining asosiy tarmoqlari — neft qazib olish, neftni qayta ishlash, neft kimyosi, mashinasozlik, oziq-ovqat, o’rmon va yog’ochsozlik, yengil sanoat; qurilish materiallari ishlab chiqariladi (tsement va boshqalar). Hunarmandchilik rivojlangan (yog’och, tosh o’ymakorligi, metallga badiiy ishlov berish, kashtachilik, gilam to’qish). Qishloq xo’jaligida bug’doy, sholi, kungaboqar, qand lavlagi yetishtiriladi. Bog’dorchilik, tokchilik va sabzavotchilik bilan ham shug’ullaniladi. Chorvachiligida qoramol, qo’y (asosan, mayin tolali jun beradigan qo’ylar) boqiladi. Adabiyoti. Chechen adabiyotining asoschisi S. Baduyev (1904-43) chechen tilidagi birinchi bosma badiiy asar («Ochlik» qissasi, 1925), chechen tili dagi birinchi roman («Petimat», 1930) va pyesalar («Otalar udumi», 1929; «Qizil qal’a», 1930) muallifidir. Sh. Aysxonov (1907 — 37) pyesa («Kurash», 1932) va hikoyalar, N. Muzayev pyesa («Davrimiz nihollari», 1934) va Doston («O’rmon yalangligi», 1933) yaratdi. 30-yillarning boshlarida M. Mamakayev (1910-73) ning dastlabki she’rlari, X. Oshayev (1898-1977) ning ocherk va pyesalari, S. Arsanov (1889— 1968)ning «Ikki avlod» tarixiy romani (1930) paydo bo’ldi. 40-yillarda A. Mamakayev (1918-59) ning vatanparvarlik ruhidagi pyesalari, N. Muzayevning she’rlar to’plami, M. Sulayevning dostoni nashr etildi. 50-yillarda Olmaota shahrida «Do’stlik» nomi bilan chechen yozuvchilari asarlari to’plami chiqdi. S. Arsanovning tarixiyinqilobiy mavzudagi «Do’stlik sharofati» (1968) romani chechen nasrining yutug’i bo’ldi. A. Mamakayev, M. Mamakayev, N. Muzayev, R. Axmatova va boshqalarning she’riy to’plamlari nashr etildi. 60-70-yillarda she’riyat badiiy jihatdan ancha yuksaldi, nasrda ocherk, doston, roman janrlarida muhim asarlar yaratildi. Bolalar adabiyotida U. Gaysultonov, X. Edilov, M. Musayev samarali ijod qildilar. Chechen dramaturgiyasida ham turli mavzularda pyesalar yaratildi. Jumladan, X. Oshayev, A. Hamidov fuqarolar urushi, N. Muzayev, M. Musayev qishloq hayoti, M. Musayev, A. Hamidov 2-jahon urushi mavzularida asarlar yaratdilar.