CHINOZ TUMANI
CHINOZ TUMANI — Toshkent viloyatidagi tuman. 1935 yil 9 Fevralda tashkil etilgan. 1962 yil 24 dekabrda Yangiyo’l tumaniga qo’shilgan. 1973 yil 12 aprelda qayta tuzilgan. Shimol va shimoli sharqdan Yangiyo’l, Sharq va Janubi sharqdan quyi Chirchiq tumanlari, Janub va g’arbdan Sirdaryo, shimol g’arbdan Qozog’iston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,34 ming kilometr kvadrat. Aholisi 116 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Chinoz), 2 shaharcha (Olmazor, yangi Chinoz), 8 qishloq fuqarolari yig’ini (islohot, Ittifoq, ko’tarma, Turkiston, Chinoz, eski Toshkent, Yallama, Uzbekistan) bor. Markazi — Chinoz shahri. Tabiati. Relyefi, asosan, tekislikdan iborat. Qir va adirlar, Qozog’iston chegarasiga yaqin joyda esa cho’l boshlanadi. Foydali qazilmalardan Sirdaryo bilan Chirchiq daryosining qo’shilish joyida qurilishda ishlatiladigan qumshag’al olinadi. Iqdimi kontinental. Yillik o’rtacha temperatura 13,4°, yanvarning o’rtacha temperaturasi -3,1°, eng past temperatura -33°, iyulning o’rtacha temperaturasi 26,5°, eng yuqori temperatura 42°. Vegetatsiya davri 210 kun. Yiliga 350 millimetr yog’in tushadi. Tuman hududidan Chirchiq, Sirdaryo daryolari o’tadi. Shuningdek, qishloq xo’jalik ekinlarini sug’orishda tuman hududidan o’tgan Bo’zsuv, Kurkuldak, shimol Toshkent, jo’n kanallaridan foydalaniladi. Achchiqko’l, Chumchuqko’l, Keles yaylovlarida Oydinko’l ko’li bor. Tuproqlari, asosan, bo’z, Chirchiq daryosi yoqasida qoramtir, bo’z tuproq. Yovvoyi o’simliklardan semizo’t, sho’ra, ituzum, bangidevona, achambiti, qo’ytikan, yantoq, chuchmoma va boshqalar bor. Yovvoyi hayvonlardan tulki, bo’ri, chiyabo’ri, qobon uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qozoq, tojik, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 341,2 kishi. Qishloq aholisi 81 ming kishi, shahar aholisi 35 ming kishi (2004). Xo’jaligi. Tuman iqtisodiyoti, asosan, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishiga ixtisoslashgan. Chinoz tumanida 8 ta sanoat korxonasi bo’lib, ularda qurilish materiallari, paxta tozalash, urug’lik tayyorlash, noruda materiallar ishlab chiqarish bilan shug’ullaniladi (qumshag’al qazib olinadi). Avtomobil ta’mirlash zavodi, qurilish materiallari va konstruktsiyalari, noruda qurilish materiallari kombinatlari, MTP, qumshag’al kareri bor. 2 qo’shma korxona (shu jumladan, kalava ipgazlama ishlab chiqarishga ixtisoslashgan O’zbekiston — Turkiya — Yaponiya «To’qimachi — LTD» korxonasi) ishlab turibdi. Savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, dehqon bozori faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari — paxtachilik va g’allachilik. Shu bilan birga chorvachilik, pillachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bog’dorchilik ham rivojlangan. Tumanda 13 shirkat, 541 dehqon fermer xo’jaligi bor. Chinoz tumanidagi shaxsiy va jamoa xo’jaliklarida 26,8 ming qoramol (shu jumladan, 11,6 ming sigir), 17,6 ming qo’y va echki boqiladi, parrandachilik bilan ham shug’ullaniladi. Tumanda 48 umumiy ta’lim maktabi (26,1 ming o’quvchi), 2 o’rta maxsus bilim yurti (1,2 ming o’quvchi), Markaziy kutubxona va uning 29 ta tarmog’i, bolalar musiqa maktabi, madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bog’i mavjud. 2 kasalxona (400 o’rin), poliklinika, qishloq vrachlik punktlari, dorixona va boshqa tibbiy muassasalarda 163 vrach ishlaydi. Chinozdan Toshkentga avtobuslar qatnaydi. 1935 yildan «Chinoz hayoti» tuman gazetasi chiqadi (adadi 11050).