DARYO

DARYO — tabiiy o’zanda doimiy yoki mavsumiy oqadigan va Daryo havzasidagi yer usti va yer osti suvlari hisobiga to’yinadigan suv oqimi. Daryolarni quruqlik gidrologiyasining darelar gidrologiyasi bo’limi o’rganadi. Har bir Daryoning manbai va dengiz, ko’lga quyiladigan yoki boshqa Daryo bilan qo’shilib ketadigan joyi — mansabi bo’ladi. Manba suvayirg’ichga yaqin joylashgan bo’ladi. Bevosita okean, dengiz, ko’lga quyiladigan yoki qumga singib ketadigan Daryo bosh Daryo hisoblanadi, bosh Daryoga quyiladigan Daryo — irmoq deb ataladi. Bosh Daryo barcha irmoqlari bilan birga Daryo sistemasini hosil qiladi. Daryolar ko’pincha ko’l, botqoklik, buloq va muzliklardan boshlanadi. Masalan, O’rta Osiyodagi Panj, Vaxsh, Zarafshon va Norin kabi Daryolar muzliklardan, Rossiya Federatsiyasidagi Neva, Svir, Angara singari Daryolar ko’llardan, Belorussiya, Ukraina, G’arbiy Sibirdagi aksariyat Daryolar botqokliklardan boshlanadi. Quruq va issiq iqlimli o’lkalardagi Daryolar ko’pincha suvi bug’lanib va qumga singib tugaydi yoki hamma suvi sug’orishga sarf bo’ladi, jumladan O’rta Osiyodagi Daryolarning ayrimlari ma’lum bir joyga quyilmasdan tugab qoladi (Zarafshon, Qashqadaryo, Chu va Turkmanistondagi Daryolar). Daryo sistemasi o’zining suvini yig’ib oladigan quruqlik yuzasi suv yig’iladigan maydon deb ataladi. Yer sirtining Daryo sistemasi joylashgan va boshqa suvayirg’ichlar bilan chegaralangan qismi Daryo havzasi deyiladi. O’zbekistondagi Daryolar, asosan, tog’lardagi qor va muzliklardan hamda yomg’ir suvlaridan to’yinadi. O’zbekiston hududini kesib o’tuvchi eng katta suv arteriyalari bo’lmish Sirdaryo va Amudaryo hamda ularning irmoqlari O’zbekistondan tashqarida boshlanadi. O’zbekistonning yirik Daryolari: Norin, Qoradaryo, So’x, Chirchiq, Zarafshon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Sheroboddaryo. Ularning ko’pchiligi faqat o’rta va quyi oqimida O’zbekistan hududidan o’tadi. Daryo, odatda, relefning cho’ziq pastliklarida — vodiylarda oqadi, uning eng past qismi o’zan, Daryo suvi ko’payganda o’zandan chiqib bosib ketadigan vodiy tubining o’zanga tutash qismi esa qayir yoki qayir terrasasi deyiladi. O’zanlarda chuqur va sayoz joylari almashinib boradi. O’zanning eng chuqur joylari — farvater, oqim tezligi eng katta bo’lgan joylari esa tezoqar joy deyiladi. Daryo yoki Daryolarning ayrim qismlari balandliklari farqining uzunligiga nisbati Daryo nishabligi deyiladi. Relyefga bog’liq ravishda tog’ Daryosi va tekislik Daryosiga bo’linadi. Tog’ Daryosi nishabi kattaligidan, tor vodiylarda tez (kuchli) oqadi, yuvish jarayoni ham kuchli bo’ladi. O’rta Osiyo Daryolari asosan tog’ Daryolaridir. Tekislik Daryolari keng o’zanda sokin oqadi, ilonizi yoki meandrlar xos. Tekislik Daryolari o’zan va qayirlarida qum, gil yotqiziqlar qoldiradi, marza, sayozlik, tirsaklar hosil qiladi (masalan, Amudaryo va Sirdaryo o’rta va quyi oqimida), quyilish joylarida esa deltalar vujudga keladi. Ba’zan Daryo dan ajralgan tarmoqlar boshqa Daryo bilan qo’shilishib ketadi. Yer shari yuzasida Daryolar juda Note-Kie taqsimlangan. Har bir materikda bosh suvayirg’ichlar — oqim chegaralari bor. Yerning bosh suvayirg’ichi materiklar yuzasini 2 asosiy havzaga: Atlantikaarktika (oqim Atlantika va shimol Muz okeanlariga boradi) va Tinch okean (oqim Tinch va Hind okeanlariga tushadi) havzalariga bo’lib turadi. Ekvatorial mintaqada Daryolar zich bo’lib, dunyodagi eng yirik Amazonka, Kongo daryolari oqadi; tropik va mo’tadil mintaqalarda, ayniqsa tog’li rayonlarda (Alp, Kavkaz, Qoyali tog’lar va boshqalar), cho’llarda Daryolar qor eriganda yoki jalalarda suv to’lib oqadi (masalan, Qozog’istonning tekislik qismida). Daryoda oqim tezligi bir necha santimetr/sekunddan (tekislik Daryosida) 6-7 metr/sekundgacha (tog’ Daryosida) o’zgarib turadi. Suv sathi ko’tarilishi bilan oqim tezligi, odatda, chuqur joylarda ko’payadi va sayozlikda kamayadi. Daryoda suv temperaturasi issiq mavsumda havo temperaturasi bilan deyarli bir xil, Daryo muzlagan paytda qariyb 0° bo’ladi. Daryolarda muzlash hodisalari quruqlik hududining taxminan 1/4 qismida, asosan Shimoliy yarim sharda kuzatiladi. Daryolar Rossiya Federatsiyasida dastavval shimoliy-Sharqiy Sibirda (sent.abr oxirida), kechroq Yevropa qismining Janubiy-g’arbida va O’rta Osiyoda (dekabr oxiri — yanvar boshida) muzlaydi. Eng qalin muz qoplami Sharqiy Sibir Daryolarida (muz qalinligi o’rtacha 1,5—2 metr) kuzatiladi va 9-10 oy mobaynida saqlanadi. Tog’ Daryolarida oqim tez bo’lganligidan muz qatlami hosil qilmaydi, ko’pgina Daryolarda qishda shovush oqadi. Daryoda suv sathining tebranishi suv sarfining o’zgarishi bilan bog’liq. Suv sathi va suv sarfi hamda ularning tebranishi — suv rejimining asosiy tavsifidir. Daryolar — yerda suv aylanishit muhim vosita. U qurukqlikda chuchuk suvni taqsimlaydi va dunyo okeaniga qaytaradi. Daryolarning dunyo okeaniga jami yillik oqimi qariyb 42 ming kilometr kub. Daryoning to’yinish manbalari — yog’in, qor qoplami, baland tog’qorlari va muzliklar, yer osti suvlari. To’yinish xususiyatlariga ko’ra, Daryoning asosiy suv rejimi fazalarga: to’linsuv davri, vaqtincha suv to’lib oqishi va kamsuv davriga bo’linadi. Tog’ Daryolari alohida suv rejimiga ega. Ularning to’yinishi va sersuvligi balandlik mintaqalari qonuniyatlariga bog’liq. O’rta Osiyo Daryolari asosan tog’lardagi qor va muzliklardan suv oladi. Karst shakllari rivojlangan joylarda.ba’zan yer ostida oqib, yana yuzaga chiqadigan Daryo ham bor. Daryo eroziya (yemirish) ishlarni bajaradi. O’zan va qayirida Daryo oqimlari, suv yig’ish maydonida esa yuza suvlari okimi tuproqni yuvadi. Daryo suvining loyqaliligi turlicha. O’rta Osiyo Daryolari suvi nisbatan loyka (1 metr kub suvda 200— 300 grammdan 1-5 kilogrammgacha loyqa bor). Daryo oqimi chuchuk suv resurslarining muhim manbaidir. Daryo oqimlari kelib chiqishi va xo’jalik ahamiyatiga ko’ra 2 qismdan: yer osti oqimi va yer yuzasi oqimidan iborat. Yer osti oqimidan yil davomida foydalanish mumkin. Yer yuzasi oqimini suv omborlari yordamida tartibga solib foydalaniladi. Daryoning flora va faunasi bentos, plankton va nektondan iborat. Daryo tubining tuzilishiga qarab Har xil Daryo tubi hayvonlari uchraydi. Daryoning sekin oqadigan qismida yuksak suv o’simliklari uchraydi. Suvo’tlar va toshlar orasida ko’plab mayda jonzotlar yashaydi. Erkin suzadigan planktonlarga yarim mikroskopik va mikroskopik hayvonlar (mayda qisqichbaqasimonlar, kolovratka) va suvo’tlar (fitoplankton) kiradi. Nektonga oqimga qarshi suza oladigan baliqlar mansub. Daryolarning quyi qismi va ularning deltalari baliqqa boy. Daryoda suv omborlari barpo qilish planktonlarning sonini oshirdi. To’g’on va gidrouzellar qurilishi ovlanadigan o’tkinchi baliqlarning (ayniqsa losossimon va osyotrsimonlar) tabiiy migratsiyasiga to’sqinlik qiladi va ko’payishiga xalaqit beradi. Daryolarning sanoat va xo’jalik oqova suvlari bilan ifloslanishiga yog’och chiqindilari, shuningdek, mineral o’g’itlar va zaharli kimyoviy moddalarning qo’shilishi ham salbiy ta’sir ko’rsatadi. Yer sharidagi ko’pchilik Daryoning (ayniqsa shimoliy Amerikaning sharqi va G’arbiy Yevropadagi) suvi sanoat va xo’jalik chiqindilari bilan ifloslangan. Suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida qonuniy, texnikaviy va sanitariya-gigiena choratadbirlari ko’rilmoqda. Daryo qadimdan aholini ichimlik suvi va sanoatni suv bilan ta’minlash, tabiiy va chana (qishda) yo’li, muntazam yangilanib turadigan gidroenergiya manbai, botqoq yerlarning suvini qochirishda kollektor vazifasini o’tab kelgan. Daryolardan anchagina baliq ovlanadi. Daryo qayirlari o’tloq, tuprog’i unumdor bo’lib, ko’pincha poliz ekinlari ekiladi. Daryo vodiylari bo’ylab asosiy yer usti transport yo’llari (temir yo’l va avtomobil yo’llari) o’tadi, Daryo bo’yida juda ko’p shaqar va shaharchalar joylashgan. Daryo suvi suv resurslarining asosiy manbaidir. Ad.:SHul’ts V. L., Reki Sredney Azii, ch. 1-2, L., 1965; Shuls V.L., Mashrapov R., O’rta Oeiyo gidrografiyasi, T., 1969; Baratov P., Mamatqulov M., Rafiqov A., O’rta Osiyo tabiiy geografiyasi, T., 2002. Fazliddin Hikmatov.