DIALEKTIK MATERIALIZM
DIALEKTIK MATERIALIZM — marksizmning falsafiy ta’limoti. Materializm va dialektikaning uzviy birligidan tashkil topganligi uchun Dialektik materializm deyiladi. Dialektik materializmning asosiy tamoyillarini 19-asrning 40-yillarida K. Marks va F. Engels ta’riflab bergan. Dialektik materializm materiya dunyoning yagona asosi, ong materiyaning xossasi ekanligiga asoslanadi, narsa va hodisalar o’rtasida yalpi o’zaro aloqa bor degan qoidadan kelib chiqib, dunyodagi harakat va rivojlanishni uning ichki ziddiyatlari natijasi deb e’tirof etadi. Dialektik materializmning asosiy tushunchasi — materiya, uning mavjudlik usuli — harakat, asosiy shakllari — fazo va vaqt. Dialektik materializmning asosiy qonunlari: qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni, miqdor o’zgarishlarining sifat o’zgarshilariga o’tishi konuni, inkorni inkor qonuni. Dialektik materializm ta’limotiga ko’ra, bilimning asosi va haqiqat mezoni — amaliyot. Dialektik materializm har qanday diniy va idealistik qarashni, fikrlashni g’ayri-ilmiy deb hisoblaydi. Sobiq SSSR davrida Dialektik materializm tushunchalari fan, madaniyat va umuman ijtimoiy hayotning yagona nazariy asosi deb e’lon qilindi, kommunistik partiyaning mafkurasi va siyosatiga xizmat qildirildi. Dialektik materializmni ilm-fan, ijtimoiy amaliyot sohalariga bevosita qo’llash, uni «yakkayu-yagona, birdanbir to’g’ri falsafa»ga, ilmiy bilishning «tanho uslubi»ga aylantirish harakatlari avj oldi. Sho’rolar tuzumining rasmiy falsafasi, ilm-fanning birdan-bir uslubiy asosi bo’lib keldi. Dialektik materializm falsafiy fikr tarixida turfa dunyoni turlicha idrok etuvchi, o’rganuvchi va talqin qiluvchi falsafiy oqimlarning biridir.