IQBOL MUHAMMAD

IQBOL MUHAMMAD (1873 yoki 1877.22.2, Sialkot — 1938.21.4, Lohur) — hind shoiri, faylasuf. Urdu va fors tillarida ijod qilgan. Sialkot, Lohur kollejlarida ta’lim olgan. 1905-08 yillarda Angliya va Germaniya universitetlarida o’qigan. Ilk she’r («Yetim nolasi», 1899) va Doston («Himolay», 1899)laridayoq insonni, tabiatni, xalq dardi va kayfiyatini kuylaydi. «Eronda tasavvufning taraqqiyoti» (1908) asarida Sharq falsafasi va diniy ta’limotlarini tahlil qiladi, Ibn Sino, Ibn Arabiy kabi faylasuflarning dunyoqarashini yuksak baholaydi. «Shaxs sirlari» (1915), «shaxs sirlarining ochilishi» (1919) dostonlarida, «Zabure Ajam» (1927), «Jovidnoma» (1932), «Jabroil qanotlari» (1935), «Hijoz arg’umoni» (1938) va boshqa diniy-falsafiy, ijtimoiy- axloqiy asarlarida shaxs va jamiyat, tabiat va Xudo, sevgi va aql, Sharq va G’arb, shaxs va jamiyat haqidagi falsafiy qarashlarini ilgari surgan. Iqbol mustaqil hind konfederatsiyasi tarkibida Musulmon davlatini tuzish tarafdori bo’lgan. Iqbol ba’zi masalalarni hal etishda Islom ta’limoti asosida ish kursa, ayrim masalalarda G’arb faylasuflari, xususan, Gegel, Kant, Bergson, Leybnis va Eynshteyn pozisiyasida turadi. Olimning moddiy boylik va bilish nazariyasi Gegel dialektikasi ta’sirida bo’lgan. Ad.: Anikeev N. P., Vidayushiysya mislitel i poet Vostoka Muhammad Ikbal, M., 1959; xorijiy Sharq xalqlarining ilg’or ijtimoiy-falsafiy fikrlari tarixi ocherki, T., 1971.