IQTISODIY HAMKORLIK TASHKILOTI

IQTISODIY HAMKORLIK TASHKILOTI (IHT) — a’zo mamlakatlarning iqtisodiy, madaniy, fan va texnikaviy hamkorligi bo’yicha tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilot. IHT 1964 yida Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan «mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish» nomi bilan tuzilgan. Keyin 70-yillarda ichki mintaqaviy savdo susayib ketgani uchun o’z faoliyatini to’xtatgan. 1985 yilda «Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti» nomi bilan qaytadan o’z faoliyatini boshladi. 1992 yil 28 noyabrda Islomobod shahrida a’zo davlatlar tashki ishlar vazirlari kengashining favqulodda yig’lishida Afg’oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, O’zbekistan, Qirg’iziston va Qozog’iston davlatlari IHTga a’zo bo’ldilar. Tashkilotning asosiy maqsadlari: tashkilotga a’zo bo’lgan davlatlar o’rtasida iqtisodiy aloqalarni, shu jumladan, savdo-sotiqni kengaytirish; har bir a’zo davlatda iqtisodiy o’sish va aholining turmush darajasini ko’tarish uchun shart-sharoitlar yaratish; a’zo davlatlarning ma’naviy va madaniy aloqalarini kuchaytirish va boshqalar. Tashkilotning asosiy organlari: Tashqi ishlar vazirlarining Kengashi, doimiy vakillar va mintaqaviy rejalashtirish kengashlari hamda kotibiyat. IHT kotibiyatini Bosh kotib boshqaradi. Kotibiyat 6 ta maxsus direktorat (savdo; transport va kommunikatsiyalar; energetika, mineral resurslar va atrof muhitni himoya qilish; sanoat va qishloq xo’jalik; iqtisodiy tadqiqotlar va statistika; loyihaviy tadqiqotlar) dan iborat. IHTning mintaqaviy muassasalari: kemachilik kompaniyasi; «EKOEYR» aviakompaniyasi; savdo va rivojlanish banki; qayta sug’urtalash kompaniyasi; madaniyat instituti; fan fondi; ta’lim instituti. A’zo davlatlar boshliklari, hukumat raislari, delegatsiyalarining eng muhim iqtisodiy va boshqa masalalar bo’yicha yig’ilish va uchrashuvlari muntazam o’tkazib turiladi. Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining 6-uchrashuvi Tehronda o’tdi (2000, 9-10 iyul). Tashkilot idorasi Tehronda joylashgan. Sodiq Safoyev.