Ishontirish

Ishontirish, suggestiya (tibbiyotda) — bemor (yoki guruh bemorlar)ga uyg’oqlik yoki gipnoz xrlatida so’z bilan ta’sir qilib, uni tasavvurlar, xatti-harakatlar yordamida davolash. Bemorlarni Ishontirish oliy nerv faoliyatining xususiyatlariga va ularning Ishontirish paytidagi holatiga bog’liq (gipnoz holatida Ishontirish ko’proq ta’sir ko’rsatadi). Hissiyotga va taassurotga tez beriladigan yoki holdan toydiruvchi kasalliklar, intoksikatsiyalar (alkogolizm va boshqalar) natijasida quvvatdan ketgan, o’ta charchagan kishilarni odatdagi sharoitda ko’proq Ishontirish mumkin. Ishontirishning bevosita (masalan, vrachning bemorga shu doridan tuzalib ketasiz) va bilvosita (masalan, bemorning shu dorini ichsan yoki shu muolajani qabul qilsam tuzalib ketaman degan ishonchi) xillari bor. Ishontirishning bevosita xili juda muhim, chunki bunda bemor shu dori darddan forig’qiladi deb o’z-o’zini astoydil ishontiradi. Tibbiyot amaliyotida o’z-o’zini ishontirishning yomon (ayniqsa isterik nevrozlarda shu kasallik menda bor deb badgumon bo’laverishi) va yaxshi (shu kasallikdan tuzalib ketaman deb ishonch va ixlos bilan qarashi) tomonlari bor. Ishontirish nevrozlar, psixopatiyaning ba’zi shakllari, alkogolizm, narkomaniya, nerv- psixik kasalliklar, ichki a’zolar nevrozi va boshqa kasalliklarni psixoterapiya yo’li bilan davolash negizi hisoblanadi.