Jamiyat

Jamiyat — kishilarning tarixan qaror topgan hamkorlik faoliyatlari majmui. Jamiyatdagi hamma narsa (moddiy va ma’naviy boyliklar, insonlar hayoti uchun zarur bo’lgan shart-sharoitlarni yaratish va boshqalar) muayyan faoliyat jarayonida amalga oshadi. Insonlar faoliyati va ular o’rtasidagi ijtimoiy munosabatlar Jamiyatning asosiy mazmunini tashkil etadi. Bular ishlab chiqarish, oilaviy, siyosiy, huquqiy, axloqiy, diniy, estetik faoliyatlari va ularga mos keluvchi munosabatlardir. Jamiyat moddiy ishlab chiqarishsiz bo’lmaydi. Unda insonlarning oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy va b.qa bo’lgan ehtiyojlari qondiriladi. Ishlab chiqarishda jamiyatning tabiat bilan o’zaro ta’siri namoyon bo’ladi. Odamlar o’zining moddiy ishlab chiqarish faoliyatida irodasi va ongiga bog’liq bo’lmagan holda ishlab chiqarish munosabatlarita kirishadi. Jamiyat taraqqiyoti tabiiy-tarixiy, qonuniy jarayondir. Moddiy ishlab chiqarish Jamiyatning ijtimoiy tuzilishi, ya’ni muayyan ijtimoii qatlam, toifa va guruhlarning rivojla- nishiga bevosita ta’sir ko’rsatadi. Jamiyatda turli qatlam va toifalarning mavjudligi mehnat taqsimoti, shuningdek, ishlab chiqarish vositalariga bo’lgan mulkchilik munosabatlari, jamiyatda yaratilgan moddiy boyliklardan oladigan ulushiga bog’liq. Bular Jamiyatdagi kishilarning faoliyati hamda daromadiga qarab turli kasbiy va ijtimoiy guruhlarga ajralishining negizidir. Jamiyat hayoti iqtisodiy, ijtimoii, siyosiy, madaniy-ma’naviy sohalarga ajraladi. Iqtisodiy soha moddiy boyliklarni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilishni o’z ichiga oladi. Unda mamlakatning xo’jalik hayoti tashkil etiladi, uning turli tarmoqlarining o’zaro bog’liqligi hamda xalqaro iqtisodiy hamkorlik amalga oshiriladi bu Jamiyat taraqqiyoti uchun eng asosiy sohadir. Ijtimoiy soha Jamiyatdagi ijtimoiy guruhlar, tabaqalar, toifalar hamda milliy birliklar, ularning ijtimoiy hayoti va faoliyatini uyg’unlashtiradi. Siyosiy soha turli ijtimoiy toifa va guruhlar, milliy birliklar, siyosiy partiyalar va harakatlar, jamoat tashkilotlarning o’z siyosiy faoliyatini amalga oshiruvchi makondir. Ularning faoliyati Jamiyatdagi o’rnatilgan siyosiy munosabatlar asosida o’z siyosiy manfaatlarini amalga oshirishga qaratiladi. Ma’naviy sohada kishilar turli ma’naviy qadriyatlarni yaratadi, tarqatadi va Jamiyatning turli qatlamlari tomonidan o’zlashtiriladi. Bu sohaga adabiyot, san’at, musiqa asarlari bilan bir qatorda kishilarning bilim saviyasi, fan, axloqiy me’yor va umuman olganda, Jamiyat hayotining ma’naviy mazmunini tashkil qiluvchi narsalar kiradi. Hozir O’zbekistonda Jamiyat taraqqiyotining eng asosiy muammosi insonlarning, ayniqsa yosh avlodning ma’naviy dunyosini shakllantirish va boyitish, ularni istiqlol mafkurasi asosida tarbiyalash, o’zbek xalqining boy madaniy va ma’naviy merosi, qadriyatlari, an’analari va urf-odatlarini egallashlari uchun shart-sharoit yaratishdir. O’zbekistonda fuqarolik, huquqiy, demokratik, dunyoviy Jamiyat barpo etilmoqda. Abdulhay Valiyev.