Janr
Janr (Fransuzcha qenre — jins, tur) — san’at turlarida tarixan shakllangan ichki bo’linish hamda mazkur bo’linishni ifodalovchi tushuncha; shakl va mazmun birligidagi o’ziga xos xususiyatlariga ega bo’lgan san’at asarining alohida turi. San’at asarlarining Janr guruhlariga bo’linishi turli (tanlangan mavzu, badiiy-g’oyaviy mazmun, shakl jihatlari va boshqalar) mezonlarga tayanib amalga oshiriladi; har bir san’at turida Janr tasnifi o’ziga xos tizimni tashkil etadi. Adabiyot (badiiy-adabiy ijod) da Janr asarning qaysi adabiy turga taalluqliligi, hajmi va obrazlarining qurilishi usuli (ramziyligi, majoziyligi, hujjatliligi) bilan belgilanadi. Janrning 3 asosiy turi mavjud: epik Janr (qahramonlik dostonlar, roman va hikoya), lirik Janr (qasida, elegiya, she’r, qo’shiq va boshqalar)., dramatik Janr (tragediya, drama, komediya). Mazkur Janrlar asar mavzuiga ko’ra yanada maydaroq qismlarga ham bo’linadi (Masalan, maishiy, psixologik mavzudagi romanlar; hajviy, lirik komediyalar va vodevil va boshqalar). Tasviriy san’atda, avvalo, tasvirlanayotgan narsaga, ba’zan tasvir xususiyatiga ko’ra asosiy Janrlar belgilanadi (Masalan, portret, manzara va boshqalar). Keyingi (yanada mayda) bo’linishlar badiiy ijodda bilish, g’oyaviy baholash, badiiy obraz bo’laklari aralashuvi bilan aniqlanadi. Shunga ko’ra, portretchi rassom nuqtai nazari umumiy (portret)gina bo’lib qolmay, shuningdek, istehzoli (sharj) va qahrli fosh etuvchi (karikatura) shakliga ega bo’lishi mumkin. Asosiy Janrlarning janrchalari tasvir sohasini xususiyni yanada xususiylarga bo’lishlarda hosil bo’ladi (Masalan, dengiz ko’rinishi Marina — manzaranmng bir turi va shu kabilar). Musiqada asarlarning hayotdagi o’rni, ijro etilish joyi va sharoitiga ko’ra, maishiy, marosim, bazm va bayram, harbiy musiqa, kontsert, kamer musiqasi kabi; ijro xususiyatlariga qarab, vokal va cholg’u musiqasi, shuningdek, yakka, ansambl, xor, orkestr musiqasi va boshqa guruhlar ajratiladi. Mazmun va badiiy mohiyati nuqtai nazaridan musiqada ham epik (Masalan, kitobxonlik yo’llari, doston termalari, ballada va boshqalar), lirik (ashula, ariya, madhiya, poema va boshqalar) hamda dramatik (musiqiy tomosha, musiqali drama, opera va simfoniya kabi) turlarini belgilash mumkin. Qadimgi, o’rta asrlar va Uyg’onish davri san’atlarida Janrlar orasida aniq, chegara qo’yilmagan. Klassisizm davri (Frantsiya) dagina qat’iy Janr tizimi yaratildi. 19-asrda Janrlar orasiga qat’iy chegara qo’yilishi bilan ayrim Janrlar o’z ahamiyati va etakchiligini yo’qotdi, ayrimlari (portret, manzara, kontsert, simfoniya va boshqalar)ning o’zaro ta’sirda, yangi turlarining paydo bo’lishi kabi murakkab jarayonlar yuzaga keldi. San’atshunoslikda Janr tushunchasi 17-asrda paydo bo’lib, jahon san’ati tarixining barcha davrlariga nisbatan asarlarning ifodaviy va mazmun xususiyatlarini tahlil qilishda qo’llaniladi.