Jins

Jins (biologiyada) — jinsiy ko’payishni ta’minlaydigan hamda erkak va urg’ochi organizmlarni farq qilishga imkon beradigan belgilar majmui. Hayvonlarda Jins belgilari organizmning morfologik, fiziologik, biokimyoviy xususiyatlari, murakkab xatti- harakatlari va boshqalar orqali namoyon bo’ladi. Jins belgilari birlamchi va ikkilamchi bo’ladi. Birlamchi jinsiy belgilar (jinsiy bezlar, jinsiy yo’llar va boshqalar) gametalar hosil bo’lishi va urug’lanishni ta’minlaydi. Ikkilamchi jinsiy belgilar (tana o’lchami va tuzilishi, boshi, pat yoki jun rangi, tarkibi va boshqalar) jinsiy ko’payishda muayyan ahamiyatga ega. Erkaklik jinsiy bezlari (urug’donlar) spermatozoidlar, urg’ochilik jinsiy bezlari (tuxumdonlar) tuxum hujayralari ishlab chiqaradi. Spermatozoidning tuxum hujayra bilan qo’shilishi tufayli zigota hosil bo’ladi. Zigotadan yangi organism rivojlanadi. Jinsiy bezlar ishlab chiqaradigan jinsiy gormonlar organizmning rivojlanishi, ikkilamchi jinsiy belgilarning shakllanishi va fiziologik jarayonlarning boshqarilishida muhim ahamiyatga ega. Ayrim jinsli organizmlarda urg’ochilik (tuxum) va erkaklik (urug’) gametalari urg’ochi va erkak organizmlarda hosil bo’ladi. Germafrodit organizmlarda urg’ochilik va erkaklik jinsiy bezlari bitta organizmning o’zida rivojlanadi. Gulli o’simliklar gulining tuzilishiga ko’ra bir Jinsli va ikki Jinsli bo’ladi. Bir Jinsli gullar bitta o’simlikning o’zida yoki boshqa-boshqa o’simliklarda joylashgan bo’lishi mumkin. Ba’zan bitta o’simlikning o’zi bir jinsli va ikki jinsli gullarga ega bo’ladi. Jins jinsiy xromosomalar nazorati ostida rivojlanadi. Sut emizuvchilar urg’ochisi hujayrlarida ikkita jinsiy (XX) xromosomalar, erkagi hujayralarida bittadan X va u xromosomalar bo’ladi. Jinsiy ko’payishda urg’ochi organizm faqat bir xil, ya’ni X xromosomaga ega bo’lgan gameta (tuxum hujayra)lar, erkak organizm esa ikki xil, ya’ni X va u xromosomalarga ega bo’lgan gameta (urug’hujayra) lar hosil qiladi. Urug’lanish jarayonida X va u xromosomaga ega bo’lgan urug’ hujayralarning X xromosomali tuxum hujayra bilan qo’shilish imkoniyati teng bo’ladi. Shuning uchun urug’lanishdan so’ng XX va Xu xromosomali zigotalar, ya’ni urg’ochi va erkak organizmlar teng nisbatda hosil bo’ladi. Ana shu jarayon tufayli tabiatda urg’ochi va erkak organizmlarning o’zaro teng nisbati saqlanib qoladi. Bakriddin Zaripov, Ochil Mavlonov.