Legion
Legion (lotincha legio, qaratqich kelishigi legionis-harbiy yig’in, chaqiruv)-1) Qadimgi Rim qo’shinidagi asosiy tashkiliy va taktik birlik; manipula va turmalardan, miloddan avvalgi I asr o’rtasidan esa kogortalardan tashkil topgan. Legion 5 ming (ancha keyingi davrlarda 4320) nafar piyoda askar va bir necha yuz suvoriydan tashkil topgan. Har bir Legion o’z raqami va nomiga ega edi. Respublika davrida Legionni harbiy tribun, imperiya davrida esa legat boshqargan; 2) XVI-XIX asrlarda Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiyada turli harbiy qismlar Legion deb yuritilgan (masalan, Tsezar Legioni; temir Legionlar va boshqalar). 2-jahon urushi davrida Germaniyada harbiy asirlardan turli xalqlarning Legionlari tashkil qilindi.