Maddohlik

Maddohlik (Arabcha, madh —maqtov, ta’rif) — 1) musulmon xalqlarida tarqalgan an’anaviy aytim yo’llaridan. Mavzu jihatidan asosan Muhammad (sav), Hazrati Alining hayoti, ko’rgan-kechirganlari, yurish-turish va fe’l- atvorlari haqida badiha tarzida yara- tilgan diniy bayt, g’azal, hikoyatlardan iborat bo’lgan. Maddohlik yo’llarini 2— 3 kishidan iborat maddohlar guruhi bayram sayillar (Ramazon hayit va boshqa kunlari) da, bozor maydonlarida keng xalq ommasini jalb etib ijro etishgan. Aruz vaznlarida bitilgan she’rlarni, odatda, baland pardalarda, musiqa cholg’u asboblari jo’risiz, muayyan rivojlanish qoidalariga asoslangan nutqdosh (rechitativ) ohanglarda ravon va ifodali (qiroat bilan) o’qish — Maddohlikning asosiy musiqiy xislatlaridandir. Maddohlik yo’llari butun O’rta Osiyoda keng tarqalgan diniy aytim yo’llardan bo’lib, uning, ayniqsa, Buxoro shahri va uning atrofi (masalan, G’ijduvon) ijrochilik maktablari mashhur bo’lgan (Buxoroda 20-asrning 1-choragida ham «maddoh» mahallasi bo’lgan). Maddohlik yo’llari O’zbekistonda 1950-yillargacha saqlanib qolgan; 2) biror shaxsni, g’oya, mafkura, tartibotni o’rinsiz tarzda o’ta maqtash. Olimjon Bekov.