Naqqoshlik, naqshkorlik
Naqqoshlik, naqshkorlik — amaliy san’atning qadimgi sohasi; naqsh yaratish kasbi. Naqqosh usta qog’ozga yoki matoga naqsh mujassamotini yoki naqsh taqsimini chizib oladi (ayniqsa, girih va islimiy kabi murakkab naqshlarda), axta, Andoza tayyorlaydi. Amaliy san’at ustalari 2 xil usulda bezak yaratadilar: naqqoshlar tayyorlagan axta, Andoza yordamida hamda naqsh (gul) to’g’ridan-to’g’ri bezash jarayonida ustalar tasavvurining mahsuli sifatida yaratiladi. Naqqoshlikda naqsh, bezakni malakali naqqosh ustalar chizib beradilar, bunday naqshlarni me’morlik, gilamchilik, kashtado’zlik, kandakorlik va boshqalardagi naqsh mujassamotlarida birday uchratish mumkin. Naqsh yaratish ustadan did, mahoratdan tashqari qunt, uzoq mashq-malaka talab qiladi. Naqqoshlar o’tmishda xalq ustalarining eng bilimdon, iste’dodli qismini tashkil etgan, ular ustodlarda ta’lim olgan, turli fanlar (adabiyot, musiqa, tarix, kimyo, matematika)ni yaxshi bilgan. O’rta Osiyo hududidagi me’moriy yodgorliklar, arxeologik qazilmalar Naqqoshlikning bu yerda qadimdan rivojlanganligini ko’rsatadi. Amaliy bezak san’ati turlari (kulollik, miskarlik, zargarlik, gilamchilik, kashtado’zlik, Kandakorlik va boshqalar) hamda me’morlikning taraqqiyoti Naqqoshlikning ham rivojini taqozo etdi. Qo’yqirilganqal’a, Tuproqqal’a, Ko’hna Urganch, qadimgi Termiz, Ayritom, Bolaliktepa, Varaxsha, Afrosiyob va boshqa joylardan topilgan turli xil uslubdagi naqsh namunalarining jozibadorligi ajdodlarning yuksak madaniyatidan darak beradi. Naqqoshlik, ayniqsa, o’rta asrlarda (9-12, 14-15, 18-19-asrlar) da keng tarqaldi. Kitobat san’atida qo’lyozmalarni mo»jaz asarlar bilan bezashda Naqqoshlik, musavvirlik asosiy o’rin tutadi; me’morlikda naqshlarni qo’llash, ayniqsa, taraqqiy etib, o’z qonun-qoidalari hamda uslublari, o’ziga xos ranglar uyg’unligiga va mustaqil mujas- samotlariga ega bo’lgan. O’zbekistonning turli viloyatlaridagi me’moriy yodgorliklar, idish, buyum, mehnat qurollaridagi naqshlarda umumiylik ko’zga tashlansada, Buxoro, Xiva, Farg’ona, Toshkent va boshqa joylarda shu yerlarning o’ziga xos naqsh uslublari vujudga kelgan. Naqqoshlik avloddan-avlodga o’tgan, shogirdlar ustozlaridan o’rgangan naqsh namunalarini iste’dodlari darajasida boyitib borganlar, Naqqoshlikni rivojlantirganlar. O’zbekiston hududi (turli mintaqalari)da o’ziga xos bo’lgan Naqqoshlik maktablari shakllangan. Shunga ko’ra, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Farg’ona vodiysi, Toshkent Naqqoshliki ayrim o’ziga xos xususiyatlari bilan bir-biridan farqlanadi. 20-asr o’rtalaridan Naqqoshlik bezak mujassamotlariga tasvirlar (me’moriy obidalar, kishilar portretlari va boshqalar) ham kiritila boshlandi. Jumladan, kandakori buyumlar bezagida me’moriy obidalar, chinni buyumlar bezagida esa atoqli kishilarning portretlari va boshqalar o’z ifodasini topdi. 20-asr 90-yillaridan Naqqoshlik ustalari ijodiy markaz va uyushmalarga Birlashgan holda ijod qilmoqda. «Usto» «Musavvir», «hunarmand» ustalari ijodi diqqatga sazovor. Naqqoshlik keng taraqqiy etgan bo’lib, ustalar yangi qurilayotgan inshootlarda hamda madaniy yodgorliklarning ta’mirida faol ishtirok etmoqda. Bevosita ularning ishtirokida «Oqsaroy» qarorgohi, Oliy Majlis binosi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, «Turkiston» kontsert zali, O’zbekiston konservatoriyasi binolari bezalgan. Usta naqqoshlardan M. To’raev, A. Ilhomov, S Mahmudov, Q. Shoislomov, H. Nuraliyev, S. Shukurov va boshqalar Naqqoshlik rivojiga katta hissa qo’shdilar. Naqqoshlik buyumlari bilan ustalar xorij ko’rgazmalarida ham faol qatnashadi. Malakali naqqosh ustalar qadimdan usta-shogird usulida tayyorlangan. Hozirgi kunda ham shu usulda naqqosh ustalar tayyorlash saqlangan, shuningdek, maxsus bilim yurtlari, kollejlarda, badiiy markazlarda Naqqoshlik bo’yicha ham mutaxassislar tayyorlanadi. Po’lat Zohidov.