Nitrobirikmalar

Nitrobirikmalar (S-nitrobirikmalar) — molekulasida uglerod atomi bilan to’g’ridan-to’g’ri bog’langan bitta eki bir necha nitroguruh (NO2) saqlovchi organik moddalar. Azotli va kislorodli nitrobirikmalar ham mavjud. Oddiy nitroalkanlar rangsiz suyuqliklar, aromatik Nitrobirikmalar esa och-sariq rangli, qaynash temperaturasi yuqori bo’lgan suyuqliklar yoki qattiq moddalardir. Ular o’ziga xos hidga ega, suvda eriydi, bug’ bilan haydaladi. Nitroguruh kuchli elektronaktseptor xususiyatga ega bo’lib, manfiy zaryadni delokallaydi. Aromatik birikmalarda induktsion va mezomer effekti tufayli elektron zichlikning tarqalishiga ta’sir etadi. Bunda orto — va para-holatlarda lokallangan musbat zaryadning ma’lum bir qismini yadro o’ziga oladi. Organik birikmalarga nitroguruh kiritilganda ularning nukleofil reagentlarga nisbatan reaktsion xususiyati oshadi, elektrofil reagentlar bilan reaktsiyasini esa qiyinlashtiradi. Bu Nitrobirikmalarni organik sintezda keng qo’llashga, reaktsiyalarni boshqarishga va kerakli yo’nalishda davom ettirishga imkon beradi. Nitrobirikmalardan tegishli tuzlar, alkillash mahsulotlari, karbonil birikmalari, gidroksam kislotalari, organik kislotalar, gidroksilamin, olefinlar, nitrenlar, aminobirikmalar, efirlar, nitrol kislotalari va boshqalar olinadi. Polinitrobirikmalar portlovchi moddalar tayyorlashda, raketa yonilgisi komponenti sifatida erituvchilar, biologik faol birikmalar, neftni deparafinlashda, insektisid va gerbitsidlar ishlab chiqarishda qo’llanadi.