O’TKIR RESPIRATOR KASALLIKLAR

O’TKIR RESPIRATOR KASALLIKLAR — viruslar qo’zg’atadigan, kelib chiqishi bir-biriga o’xshash o’tkir infektsion kasalliklarning umumiy nomi. Nafas yo’llari (burun, hiqildoq, kekirdak, bronxlar) shilliq pardalari, ko’z shilliq pardasi — kon’yunktivaga zarar etishi bilan kechadi. O’tkir respirator kasalliklarning qo’zg’atuvchilariga adenoviruslar, Paragripp viruslari, rinoviruslar va boshqalar kiradi. O’tkir respirator kasalliklarning ayrim (sporadik) guruhlari ko’proq kuzatiladi, Lekin ular aholining butun bir guruhini ham qamrab olishi mumkin. Har qanday virusli infektsiya bemordan havotomchi (gaplashganda, aksirganda, yo’talganda) yo’li orqali yuqadi. Kasallik qo’zg’atuvchi viruslar yuqori nafas yo’llariga (burun, hiqildoqqa) tushadi, shilliq parda (epiteliy)ning tashqi qavatidagi hujayralarga kirib, ularni yemiradi, bunda qo’zg’atuvchilarning bir qismi nobud bo’lib, zaharli modda (endotoksin) ajratadi va organizmni zaharlaydi (intoksikasiya). Virus saqlovchi po’rsildoq hujayralar ko’chib tushadi va bemor gaplashganda, yo’talganda, aksa urganda tupuk, burun shillig’i va balg’am bilan havoga tushib, atrofdagilarga yuqadi. Kasallik uy anjomlari (idish-tovoq, sochiq, o’yinchoqlar va hokazolar)dan ham yuqishi mumkin. O’tkir respirator kasalliklarni shartli ravishda mavsumiy kasalliklar deb atash mumkin, chunki bu guruh kasalliklar kech kuz va qishda ko’proq kuzatiladi. Adenovirus kasalliklarga adenoviruslar sabab bo’lib, ular antibiotiklar ta’siriga chidamli, past temperaturada uzoq saqlanadi. Ultrabinafsha nurlar, formalin va fenolning 5% li eritmasi ta’sirida nobud bo’ladi. Organizmga kirgan adenoviruslar 3— 14 kun davomida (o’rtacha 5-7 kun) kasallik belgilarini paydo qilmaydi. Odatda, u asta-sekin boshlanadi, bemorning ahvoli yomonlashadi, intoksikatsiya belgilari paydo bo’ladi, isitma ko’tariladi, darmonsizlik, bo’shashish, bosh og’rig’i, ko’ngil aynishi, ba’zan qusish alomatlari ro’y beradi. Kasallik grippga o’xshab birdan boshlanishi ham mumkin. Qator hollarda isitma ko’tarilishi bilan birga, odatda, uzoq muddatli tumov paydo bo’ladi, qovoqlar qizaradi, ko’zdan yosh oqadi, yutinganda tomoqda og’riq seziladi. Boshqa hollarda azob beradigan quruq yo’tal, tovushning bo’g’ilib qolishi, havo yetishmasligi quzatiladi. Ba’zan me’da-ichak faoliyati buziladi (tez-tez suvdek ich ketadi). Bemorni uyda boshqalardan ajratib qo’yiladi. Albatta vrach chaqirish va uning buyurganlarini qat’iy bajarish lozim. Paragripp kasalliklarni paragripp viruslari qo’zg’atadi, ular 1-3 kundan keyin xona haroratida o’z faolligini yo’qotadi, lekin 4° temperaturada yaxshi saqlanadi. Kasallikning inkubasion davri 1-6 kun. Kasallik darmonsizlik, bir oz tumov va yo’tal bilan boshlanadi: gavda temperaturasi sal ko’tariladi, tovush bo’g’ilib qoladi, tomoq achishib, bemor quvquv yo’taladi. 1-3 yashar bolalarda shilliq parda shishishi sababli hiqildoq torayadi (stenoz), bunda nafas olish to’satdan qiyinlashadi. Bemor uy sharoitida vrach nazoratida davolanadi. Chaqaloqlarda va bir yashar bolalarda o’pkaning yallig’lanishi (zotiljam), o’rta quloqning yallig’lanishi kuzatilishi mumkin. Bunday hollarda bolalar kasalxonada davolanadi. Rinovirus kasalliklarni rinoviruslar (burun viruslari) qo’zg’atadi. Kasalliklar kamdan-kam hollarda yil bo’yi uchrab turadi, epidemiyalar bo’lmaydi. Inkubasion davri 2-3 kun. Darmonsizlik, gavda trasining bir oz ko’tarilishi, bosh og’rishi, burundan yiring aralash shilimshiq (sariqyashil rangli) kelishi, tumov, yo’tal kuzatiladi. Chaqaloq va go’daklar bu kasallikka beriluvchan bo’ladi, kasallik ularda og’ir o’tadi va turli asoratlar qolishi mumkin. Respirator — sintsitial virusli kasallikni sintsitial virus keltirib chiqaradi, u xona haroratida tez halok bo’ladi. Gavda temperaturasi 38— 39° gacha ko’tariladi, yo’tal, tumov paydo bo’ladi. Bronxit bo’lishi mumkin. 1 yoshgacha bo’lgan bolalarda ko’pincha og’ir Zotiljam kuzatiladi, bunda bolalar kasalxonada davolanadi. O’tkir respirator kasalliklar bilan og’rigan bemorni uyda davolaganda alohida xonaga yotqiziladi. Bemorni parvarish qilayotgan oila a’zolari og’izburniga doka niqob taqib yurishlari kerak. Kasal yotgan xonani tez-tez shamollatib, ko’rpa-yostiq jildi, choyshabni muntazam almashtirib turish zarur. Bemorning harorati ko’tarilgudek bo’lsa, uni yaxshilab o’rabchirmab, limon, malina solingan issiq choy berish, iloji boricha ko’proq suyuqlik (choy, mors, kompot, sharbat va hokazolar) ichirish lozim. Ovqat yengil hazm bo’ladigan va oqsilga boy (bulonlar, go’shtli va baliqdan qilingan kotletlar, tvorog, sabzavotlar, ho’l mevalar) bo’lishi zarur. Bemor uchun alohida idishtovoq tutish lozim. U yotgan xonani va mebelni kuniga ikki mahal nam latta bilan artib turiladi.