O’ZBEKISTON SOVET SOTSIALISTIK RESPUBLIKASI
O’ZBEKISTON SOVET SOTSIALISTIK RESPUBLIKASI (O’zSSR), O’zbekiston SSR — O’rta Osiyoda milliy- hududiy chegaralanish o’tkazilishi natijasida tashkil topgan va SSSR tarkibiga kirgan milliy respublika (1925-91). Turkiston Avtonom Sovet Soеsialistik Respublikasi, Buxoro Xalk Sovet Respublikasi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasi hududlarining, asosan, o’zbeklar va qoraqalpoqlar yashaydigan qismlarida vujudga kelgan. O’rta Osiyoning markaziy qismida joylashgan. Maydoni 447 400 kilometr kvadrat. Aholisi 5 milliondan ortiq (1926), 6,4 million. (1939), 8,3 million. (1959), 11,8 million. (1970), 15,4 million. (1979), 20 millionga yaqin (1989) kishi. O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida o’zbeklar (14 milliondan oshiq), qoraqalpoqlar (411 900), tojiklar (933 600), qozoqlar (808 200), qirg’izlar (174 900), turkmanlar (121 600) yashagan (1989). Poytaxti 1925 yil Fevraldan to may oyigacha Buxoro, 1925 yil maydan to 1930 yil dekabrgacha Samarqand, 1930 yil oxiridan Toshkent. O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi hududi shimol va shimoli g’arbda Qozog’iston Sovet Sotsialistik Respublikasi, Janubi g’arbda Turkmaniston Sovet Sotsialistik Respublikasi, Janubi Sharqda Tojikiston Sovet Sotsialistik Respublikasi, shimoli Sharqda Qirg’iziston Sovet Sotsialistik Respublikasi, Janubda Afg’oniston bilan chegaradosh bo’lgan. Siyosiy tarixi va davlat boshqaruvi. O’rta Osiyoda milliyhududiy chegaralanish o’tkazilishi natijasida Turkiston Avtonom Sovet Sositalistik Respublikasi tugatilib, uning hududi yangi tuzilgan O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi, Turkmaniston Sovet Sotsialistik Respublikasi, Tojikiston ASSR (O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibida, 1929 yildan Tojikiston Sovet Sotsialistik Respublikasi), shuningdek, Qoraqirg’iz (Qirg’iziston) Muxtor viloyati (RSFSR tarkibida; Qirg’iziston SSR), Qoraqalpoq Muxtor viloyati (Qozog’iston ASSR tarkibida; keyinchalik Qoraqalpog’iston ASSR, 1936 yildan O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibida) tarkibiga kiritildi. Umumo’zbek sovetlarining Buxoroda bo’lgan 1-qurultoyi (1925 yil 13-17 Fevral)da «O’zbekiston Sovet sotsialistik Respublikasini tashkil etish to’g’risida deklaratsiya» qabul qilindi. Qurultoyda respublikaning oliy organlari: O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Markaziy Ijroiya qo’mitasi O’zSSR MIK va O’zSSR Xalq Komissarlari Soveti — O’zSSR XKS tuzilgan. O’zSSR ma’muriy jihatdan 1925 yilda dastlab 8 ta viloyat (Samarqand, Toshkent, Farg’ona, Xo’jand, Zarafshon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm) va Tojikiston ASSR (1929 yilgacha O’zSSR tarkibida bo’lgan), 22 uyezd va 241 volostga bo’lingan. 1926 yilda ma’muriy-iqtisodiy rayonlashtirish amalga oshirilgan. 1987 yilda O’zSSR tarkibiga Qoraqalpog’iston ASSR (1936 yildan u O’zSSR tarkibida bo’lgan), 12 ta oblast (Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg’ona, Xorazm, Qashqadaryo), 155 rayon, 123 shahar, 95 ta posyolka hamda Toshkent shahri kirgan. O’zSSR Butunittifoq sovetlarining 3-s’yezdi (1925 yil 13 may)da SSSR tarkibiga kiritilgan. 1927, 1937, 1978 yillarda O’zSSR Konstitutsiyalari qabul qilingan. Respublika siyosiy hayotida O’zkompartiya (1925 yil Fevralda Buxoroda tuzilgan) yetakchi rol o’ynagan. O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida hokimiyatning qonun chiqaruvchi oliy organi — O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Soveti (1937 yildan) hamda ijro qiluvchi va boshqaruvchi oliy organi — O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Ministrlar soveti (1946 yildan) hisoblangan. Davlat hokimiyatining mahalliy organlari — 2,5 yilga saylanadigan xalq deputatlarining oblast, rayon, shahar, posyolka, qishloq va ovul sovetlari bo’lgan. Biroq amalda hokimiyat Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (KPSS)ning respublikadagi bo’limi — O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va markaz gumashtalari qo’lida bo’lgan. O’zKP(b) e’tiborini sovet hokimiyatini mustahkamlashga, bosmachilik va mahalliy mulkdorlarga qarshi kurashga, sotsialistik industrlashtirishni amalga oshirishga, qishloq xo’jaligini kollektivlashtirishga, madaniy inqilobni o’tkazishga qaratgan. O’zbekiston SSR tashkil qilinganidan so’ng respublika davlat boshqaruvi organlari Ittifoq organlari tartibida va ulardan Andoza olingan holda tuzilgan. Bu ittifoqdosh respublikalarning markazdan turib boshqarishning eng oson va oddiy, shu bilan birga mustahkam shakli edi. Mehnat ahlining eng ommaviy tashkiloti — kasaba uyushmalari ham partiya qo’mitalariga to’lato’kis qaram bo’lib qolgan. Mustabid tuzum yosh avlodni kommunistik ruhda tarbiyalashga muntazam e’tibor qaratgan. Bu ishlar bilan Butunittifoq leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (VLKSM) ning O’zbekistondagi organi — O’zbekiston leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (O’zlksm) shug’ullangan. Respublikadagi dehqonlarni g’oyaviy jihatdan birlashtirib turgan tashkilotlardan biri «Qo’shchi» Ittifoqi bo’lgan (1920-33 yillarda faoliyat ko’rsatgan). 1924 yilda 200 ming kishini o’ziga birlashtirgan bu ittifoq ham asta-sekin bolsheviklarning qishloqdagi mustabid siyosati targ’ibotchisiga aylangan. Qishloq kambag’allarining eng qashshoq qismini o’zida birlashtirgan bu tashkilot kollektivlashtirish (jamoalashtirish) va «quloqlashtirish» davrida salbiy rol o’ynadi. O’zSSRda bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan «sotsialistik tajriba» mahalliy xalq tomonidan norozilik bilan qarshi olindi. Sovet hokimiyatining dastlabki 10 yilliklarida milliy rahbar xodimlar va ziyolilar tomonidan markazning zo’ravonligiga qarshi ochiq tanqidiy fikrlar aytilgan. Muxolifat ayrim davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, maorif xodimlari va huquqshunoslarni o’zaro birlashtirgan edi. Sovet rejimi dastavval mavjud tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi repressiya siyosatini amalga oshirgan bo’lsa, 30-yillardan boshlab o’z xalqiga nisbatan ommaviy terrorni qo’lladi. 20-asr 20-yillarining 2-yarmi va 30-yillar boshida O’zSSRda «O’n sakkizlar guruhi», «Inog’omovchilik», «Qosimovchilik», «Badriddinovchilik», «Milliy ittihodchilar», «Narkompros ishi» kabi siyosiy ishlar to’qilishi va Munavvarqori boshchiligidagi milliy ziyolilarning qamoqqa olinishi natijasida o’zbek xalqining ko’plab asl farzandlari qatag’on qilindi. Moskvada bo’lib o’tgan sud majlisidan keyin Munavvarqori boshchiligidagi 15 kishi otib tashlandi, qolgan 70 kishi esa uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi (1931 yil aprel). 30-yillar o’rtasiga kelganda butun mamlakatda bo’lgani singari O’zSSRda ham ommaviy qatag’onlar avj oldi. Respublikadagi aksariyat siyosiy rahbarlar 1937-38 yillarda «Millatchilik va sovet hokimiyatiga qarshi kurash olib borish»da, shuningdek, qurolli qo’zg’olon ko’tarishni tayyorlashda ayblandi. F.Xo’jayev, A.Ikromov, S.Segizboyev, A.Karimov kabi siyosiy rahbarlar qatl etildi. O’zSSR jamiyatning barcha tabaqalariga yoyilgan hibsga olish to’lqini ostida qoldi. Davlat va jamiyat arboblari, xo’jalik rahbarlari va oddiy kishilar bilan bir qatorda milliy ziyolilar ommaviy ravishda qatag’on qilindi. 20-asr o’zbek adabiyotining arboblari; Fitrat, Cho’lpon va Abdulla Qodiriy va boshqalar otib tashlandi. 1937-39 yillarda to’qib chiqarilgan soxta ayblovlar bo’yicha O’zbekistonda 41 mingdan ortiq kishi hibsga olinib, ulardan 37 mingdan ortig’i jazolandi, 6 920 kishi esa otib o’dtsirishga hukm qilindi. Umuman olganda, 1937-53 yillarda O’zSSR ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) troykasi (uchligi) tomonidan 100 mingdan ortiq kishi qatag’on qilindi, ulardan 15 ming nafari otib tashlandi. 1936-40 yillarda faqat davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar va olimlardan 5 758 kishi qamoqqa olinib, ulardan 4 811 kishi otib o’ldirishga hukm qilingan edi. 1925-29 yillarda O’zbekistonda yer-suv islohoti amalga oshirildi. Bu islohot joylarda shart-sharoitlar va tayyorgarlik darajasiga qarab 3 bosqichda o’tkazildi. Keyinchalik qishloq xo’jaligini kollektivlashtirish amalga oshirilib, kolxoz va sovxozlar tuzildi. Biroq sho’rolar hokimiyati o’ziga to’q dehqon xo’jaliklarini «quloq» («mushtumzo’r») sifatida tugatish siyosatini olib borgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida O’zSSRdan 1,5 mln. kishi frontga ketgan, ulardan 450 mingdan ortiq kishi jang maydonlarida halok bo’lgan. Fashistlar bosib olgan hududlardan O’zbekistonga 1 milliondan ortiq kishi, jumladan, 200 ming bola evakuatsiya qilindi. O’zbek xalqi yana bir bor o’zining gumanizmi va bag’ri kengligini ko’rsatdi. O’rush yillarida milliy siyosatda kechirib bo’lmas zo’ravonlikka yo’l qo’yildi. 1943-44 yillarda qalmoqlar, qrimtatarlar, chechenlar, ingushlar, nemislar, qorachoylar, greklar, mesxeti turklari, bolqorlar o’z tarixiy vatani yoki doimiy yashash joylaridan mamlakatning sharqiy hududlariga ko’chirib yuborildi. Qrimdan 151 604 qrim tatarlari, Gruziyadan 110 ming mesxeti turklari, shimoliy Kavkazdan 175 ming chechen, 20 mingdan ortiq ingush, 4 500 bolqor, Armani va greklar O’zSSRga ko’chirildi. Ko’chirib keltirilganlar orasida boshqa xalqlarning vakillari ham oz emas edi. Ularga mahalliy hokimiyat va o’zbek xalqi tomonidan katta yordam ko’rsatildi. Jumladan, uy-joy va yer sotib olish uchun tegishli miqdorda qarz ajratildi, oziq- ovqat bilan yordam ko’rsatildi. Maxsus ko’chirib keltirilganlarning ko’pchiligi kolxoz va sovxozlarga ishga joylashdilar, keyinchalik Mirzacho’lni o’zlashtirishda ishtirok etdilar. Urush yillarida O’zSSR qishloq xo’jalik ahli eng murakkab va og’ir sharoitlarda mehnat qilib, davlatga 4 148 000 tonna paxta, 82 million pud g’alla, 54 067 tonna pilla, 195 ming tonna sholi, 57 444 tonna ho’l meva, 36 ming tonna quruq meva, 159 300 tonna go’sht, 22 300 tonna jun va boshqalar mahsulotlarni yetkazib berdilar. Bu fashizm ustidan qozonilgan g’alabaga qo’shilgan munosib hissa edi. Urushda vayron bo’lgan xalq xo’jaligini tiklashga yordam berish uchun ko’plab o’zbekistonliklar RSFSR, Ukraina SSR, Belorussiya SSR va boshqalar Respublikalarga jo’natildi. Urush tugagach, oradan ko’p o’tmay O’zSSR bo’ylab yana bir yalpi qirg’in to’lqini yelib o’tdi. 20-asrning 40-yillari oxiri va 50-yillari boshidagi qatag’onlar, asosan, madaniyat va fan arboblariga qarshi qaratiddi. O’zbekiston Kompartiyasi MK markazning yo’lyo’riklariga tayangan holda dunyoqarashi va ijodi partiya mafkurasidan farq qiladigan ijodiy ziyolilar vakillariga qarshi hujum boshladi. Yozuvchi va shoirlardan Said Ahmad, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Maqsud Shayxzoda, Mirkarim Osim, Hamid Sulaymonov, shuningdek, Muhiddin Qoriyoqubov 1951 yilda «Sovetlarga qarshi millatchshgik faoliyati» olib borganlikda ayblanib qamoqqa olindilar va 25 yil ozodlikdan mahrum etiddilar. O’zbek xalqining faxri hisoblangan Oybek badnom qilindi. 20-asrning 50-80-yillarida O’zSSRda turli sanoat korxonalari qurilgan, yangi shahar va posyolkalarga asos solingan. Mirzacho’l, Surxon Sherobod va boshqalar cho’llarning o’zlashtirilishi natijasida ekin maydonlari kengaygan. Xalqning turmush darajasi muayyan darajada yaxshilangan, biroq ma’naviyatga kuchli zarar yetkazilgan. Ayniqsa, O’zbekiston iqtisodiyoti markaz manfaatlariga bo’ysundirilgan. SSSRning agrar Respublikalaridan biriga aylangan O’zSSRda paxta yakkahokimligi o’rnatilgan. 20-asrning 60-yillarida Orol dengizining qurishi boshlandi va u mintaqadagi ekologik muhitga jiddiy zarar yetkazdi. O’zSSR Konstitutsiyasida O’zSSR Sovet Ittifoqi tarkibidagi teng huquqli suveren respublika sifatida o’z hududida davlat hokimiyatini mustaqil ravishda amalga oshiradi, chet davlatlar bilan aloqa bog’lash, ular bilan shartnomalar tuzish hamda diplomatik va konsullik vakillari ayirboshlash, xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish huquqiga ega deb belgilab qo’yilgan bo’lsa ham, amalda O’zbekistonning huquqi RSFSR tarkibidagi oblastlar yoki avtonom respublikalar huquqi bilan tenglashtirilib qo’yilgan edi. Yuqori lavozimdagi kadrlarni tayinlash yoki olib tashlash markazdan turib hal qilinar edi. 20-asrning 80-yillari boshlariga kelganda sovet rejimi, uning siyosiy tizimi va xo’jalik yuritish usullari o’zining rivojlanish imkoniyatlarini tugata boshlaydi. O’zSSR iqtisodiyoti ham, katta xom ashyo va tabiiy boyliklar zaxirasiga ega bo’lishiga qaramasdan, SSSRning Markaziy hududlaridan juda tez ortda qola boshlagan. O’zSSRning ijtimoiy-siyosiy hayotida 1984 yil 23 iyunda bo’lgan O’zbekiston Kompartiyasi MK 16-plenumi mash’um rol o’ynagan. Moskva tashabbusi va ko’rsatmasi bilan tashqil qilingan bu plenumda qabul qilingan hujjatlar O’zSSRda o’zbek xalqini asossiz badnom etish kompaniyasini boshlab berdi. SSSR Bosh proqurori huzurida alohida muhim ishlar bo’yicha maxsus 12 kishilik tergovchilar guruhi tuzi- lib, 1983 yildayoq O’zSSRga yuborilgan edi. Ular keyinchalik markazdan Respublikaga kelgan «desantchilar»ga tayanib, O’zbekistonda navbatdagi qatag’onni amalga oshirdi. O’zSSRda paxta tayyorlash va uni qayta ishlash bilan bog’liq jarayonlardagi «qo’shib yozish», «o’g’rilik», «ko’zbo’yamachilik», «poraxo’rlik» va hokazolarni (aslida bunday moliyaviy jinoyatlar va qing’irliklar butun SSSR hududidagi iqtisodiyotda chuqur ildiz otib kelgan edi) tergov qiluvchi Gdlyan va Ivanov guruhining talabi bilan respublikadagi jamoa xo’jaliklari raislari va sovxoz direktorlarining 60%, qishloq xo’jalik yetakchi mutaxassislarining 45%, paxtachilik brigada boshliqlarining 35%, shuningdek, ko’plab rahbarlar, viloyatlar va tumanlar partiya komiteti kotiblari, respublika miqyosidagi partiya, sovet va xo’jalik rahbarlari o’z vazifalaridan olib tashlandi va ularga nisbatan jinoiy ish qo’zg’atildi. 1983-90 yillarda O’zSSRda «paxta ishi» degan uydirma bo’yicha jami 40 ming kishi tergov qilindi, 5 ming kishi esa soxta ayblar bilan jinoiy javobgarlikka tortildi. Tergov jarayonida inson huquqlari toptalib, tutqunlarga jismoniy va ruhiy tazyiq o’tkazildi. Ularning oila a’zolari va qarindoshurug’lari ham qamoqqa tashlandi. O’zSSR va o’zbek xalqiga nisbatan qilingan ushbu qatag’on va yovuzliklar xalq ommasini sovet rejimiga nisbatan nafratini oshirdi, tuzumga bo’lgan munosabatini keskin o’zgartirdi. Ana shunday murakkab bir vaziyatda Respublikada mustaqillik uchun kurash kuchaydi. O’zbek xalqi o’zining milliy ruhi, ozodlik va kelajakka bo’lgan ishonchini yo’qotmay, mustaqillik poydevorini qiyinchilik bilan bo’lsada, asta-sekin qo’yib bordi. Mustaqillikka ishonch 1990 yil 20 iyunda O’zSSR Oliy Soveti «Mustaqillik deklarasiyasi»ni qabul qilganida yaqqol namoyon bo’ldi. 1991 yil 31 avgustda «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qilish to’g’risida» qonun qabul qilinib, O’zbekiston mustaqillikka erishdi. Iqtisodiy va madaniy hayot. O’zbekistonning sovet davri tarixi muayyan yo’qotishlar va fojialar bilan birgalikda katta qurilishlar va sanoat korxonalari bunyod etilgan davr hamdir. Aynan shu davrda o’zbek xalqi o’zining fidokorona mehnati bilan O’zSSRni Sharkdagi zamonaviy qishloq xo’jalik respublikasiga aylantirgan edi. Bu yillarda iqtisodiyot, madaniyat, maorif, sog’liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot sohalarida muayyan yutuklarga erishildi. O’zSSRda 1925-26 yillarda ishchilar soni 11 900 kishiga yetdi. Ularning 29,3% ni mahalliy millat vakillari tashkil etardi. O’zbekiston uchun sanoat qurilishini keng sur’atda jadallashtirish nihoyatda zarur edi. Chunki Respublika iqtisodiyoti 20-asrning 30-yillari bo’sag’asida ham agrar xususiyatga egaligicha qolayotgan edi. 1927 yilda O’zSSR xalq xo’jaligida qishloq xo’jaligining salmog’i 62,6%, sanoatning salmog’i 37,4% ni tashkil etar, shu bilan birga sanoat ishlab chiqarishning 90% qishloq xo’jalik xom ashyosini qayta ishlashga asoslangan edi. Iqtisodiyot xom ashyo yo’nalishida bo’lganligi sababli O’zSSR sanoati faqat bir tomonlama ixtisoslashtirilayotgan edi: uning 2/3 qismiga yaqini paxta tozalash sanoati hissasiga to’g’ri kelardi, u butunlay metropoliya ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilardi, uning boshqa tarmoqlari o’z holicha rivojlanib, umuman, SSSR iqtisodiyoti bilan zaif bog’langan edi. Birinchi 5 yillik davri (1928— 32) da O’zSSRda 289 ta sanoat korxonasi qurildi va ishga tushirildi, 79 ta korxona qayta tashkil etildi, sanoatning asosiy ishlab chiqarish fondlari 3 baravar, neft qazib chiqarish 2,5 baravar, metall ishlash sanoati mahsulotlari 6 baravar, tsement ishlab chiqarish 3,5 baravar ortdi. Yengil sanoatning ko’nchilik, poyabzal ishlab chiqarish, tikuvchilik sohalari va ip-gazlama ishlab chiqarish sur’atlari oshib bordi. Ana shu davrda O’rta Osiyoda paxtachilik mashinasozlik sanoatining to’ng’ichi bo’lgan «tashselmash» va Quvasoy tsement zavodi barpo etildi. «Chirchiqqurilish», Toshkent to’qimachilik kombinati qurilishi tez sur’atlar bilan olib borildi. Farg’ona to’qimachilik fabrikasi va yog’ zavodi, Buxoro, Toshkent va boshqalar shaharlarda tikuvchilik fkalari ishga tushirildi. Sanoatning rivojlantirilishi energetika bazasini kengaytirishni talab qilardi. Farg’ona, Samarqand, Toshkent va boshqalar joylarda yangi elektr stansiyalari qurildi. 1932 yilda barcha elektr stansiyalarining soni 1928 yildagi 16 ta o’rniga 49 taga yetdi, elektr quvvati ishlab chiqarish esa 7 baravardan ziyodroq oshdi. Ikkinchi 5 yillik davri (1933— 37) da O’zSSRda barpo qilinadigan sanoat korxonalari mahalliy sharoit va milliy manfaatlarni emas, balki markaz ehtiyojlarini hisobga olib rejalashtirilgan edi. Masalan, Chirchiqdagi azotli o’g’itlar zavodi va Toshkent to’qimachilik ktini barpo etishdan maqsad O’rta Osiyo mintaqasida paxtachilikni rivojlantirishdan iborat bo’lgan. Umuman ikkinchi 5 yillik davrida 189 ta turli sanoat korxonalari va elektr stansiyalari barpo etildi. Ular orasida Farg’onadagi yigirish to’qish fabrikasi, Xavdog’ va Uchqizil neft konlari, Toshkent matbaa kombinati, Qo’qon superfosfat zavodi, Buxorodagi issiqlik elektr stansiyalari, Qodiriya va Bo’rjar stansiyalari, Toshkent lokbo’yoq zavodi va boshqalar bor bo’lib, ular, asosan, Ittifoq ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qilgan. Urushdan oldingi uchinchi 5 yillik davri (1938-42)da sanoat rivojlanishida siljish kuzatildi. Urushning boshlanishiga kelib, O’zSSRda 134 ta sanoat korxonasi qo’shimcha ravishda ishga tushirildi. Ular orasida Chirchiq elektrkimyo kombinati, Toshkent to’qimachilik kombinatining 2 navbati, Mo’ynoqdagi yirik baliq-konserva zavodi bor edi. Chirchiq GES, Olmaliq mis eritish kombinati, Quvasoy GRESi, Tovoqsoy va Samarqand GESlarini qurish, Angrendagi ko’mir konini ishga tushirish jadal sur’atlar bilan bordi. Urush boshlanishi vaqtiga kelib respublikaning sanoat potennsali 1445 ta yirik va o’rta sanoat korxonalarini hamda 19 mingta mayda korxonalarni o’z ichiga olgan. Ishlab chiqarish vositalarini va iste’mol buyumlarini ishlab chiqaradigan tarmoqlar o’rtasidagi nisbat jiddiy ravishda o’zgardi. Yirik sanoat salmog’i 1928 yildagi 16,3%dan 1940 yilda 32,8% ga ko’tarildi. Sanoatni kadrlar bilan ta’minlash jarayoni ziddiyatli xususiyatga ega bo’ldi. Umuman, shiddatli industrlashtirish sur’atlari ishchilar va muhandistexnik kadrlar bilan ta’minlashning miqdor jihatidan o’sishiga ob’yektiv sharoit yaratdi. Masalan, yirik sanoatda ishchilar sinfining soni birinchi 5 yillikdagi 17,9 mingdan 62,4 ming kishiga yetdi yoki deyarli 3,5 baravar ortdi. 1937 yilga kelib sanoat ishchilarining umumiy miqdori 181 ming kishidan iborat bo’lgan. Lekin ular orasida mahalliy millat vakillari ozchilikni tashkil qilgan. Sovet davlatining siyosiy rahbariyati, xalq xo’jaligini boshqarishda o’zlari yo’l qo’ygan xato va kamchiliklar natijasida yuzaga kelgan yo’qotishlar o’rnini ma’muriy-buyruqbozlik orqali majburlash va yuqoridan tashkil qilingan «sotsialistik musobaqa», «zarbdorlik», «staxanovchilik» va boshqalar bir qator ishchilar harakatlari vositasida «ommaning inqilobiy g’ayrat-shijoati»ni avj oldirish bilan qoplashga intildi. O’zSSR Ittifoq paxta xom ashyosini yetkazib beruvchi asosiy respublika hisoblangan. O’zbekistonda yetishtirilgan paxtaning asosiy qismi Rossiyaning to’qimachilik fabrikalariga qayta ishlash uchun yuborilgan va chet ellarga eksport qilingan. O’zbekiston sanoati, asosan, qishloq xo’jaligi ehtiyojlariga xizmat qilishga yo’naltirilgan edi. Sanoatda qishloq xo’jalik mahsulotlariga dastlabki tarzda ishlov beradigan tarmoqlar asosiy o’rinni egallaydi. Respublika xom ashyosining pirovard mahsuloti Ittifoq sanoat Markazlarida ishlab chiqarilar, binobarin, foydaning asosiy qismi ham o’sha yerda qolardi. Shuningdek, Buxoro — Ural va dunyoda eng uzun O’rta Osiyo — Markaz gaz quvurlari orqali O’zbekistonning tabiiy gazi RSFSR va Sharqiy Yevropa davlatlariga jo’natilgan. Lekin respublikadagi shahar va qishloqlarning aksariyat qismi gazlashtirilmagan edi. O’zbekistonda qazib olingan oltin, uran va boshqalar nodir metallarning eksportidan kelgan valyuta markazning xazinasiga tushgan. Respublikada ishlab chiqarilgan sanoat va qishloq xo’jalik mahsulotlari 42 ta mamlakatga eksport qilingan, lekin o’z SSR chet ellar bilan aloqa o’rnatish, xorijiy firmalar va Kompaniyalar bilan bevosita iqtisodiy shartnomalar tuzish huquqidan mahrum edi. Bunday vakolat faqat markazdagi Ittifoq ministrliklari va idoralari zimmasida bo’lgan. O’zSSRda bolsheviklar partiyasi tomonidan 20-asrning 20-yillar oxiri — 30-yillar boshida amalga oshirilgan «madaniy inqilob» milliy madaniyatga qattiq zarba berdi. Markaz tomonidan o’zbek xalqining ming yillik urf- odatlari va asriy qadriyatlari zararli deb hisoblanib, ular man etildi. 1929 yilda xalqimizning ko’p asrlik tarixi, madaniyati aks etgan Arab imlosiga asoslangan o’zbek yozuvi lotin, 1940 yilda esa kirill imlosiga almashtirildi. Islom dini va uning qadriyatlari oyoqosti qilindi. O’zbek tili 2-darajali tilga, rus tili esa davlat va asosiy muomala tiliga aylantirildi. Biroq bunday holatlarga qaramasdan sovet davrida madaniyat sohasida muayyan yutuqlarga ham erishildi. Savodsizlikni tugatish ishlari olib borildi, pedagogik va ilmiy kadrlar tayyorlash maqsadida yangi maktablar, texnikumlar va intlar ochiddi. Mafkuraviy tazyiqlarga qaramay, Oybek, G’afur G’ulom, Hamid Olimjon, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir kabi yozuvchi va shoirlar, Habib Abdullayev, Ibrohim Mo’minov, Obid Sodiqov, Yahyo G’ulomov kabi olimlar, Olim Xo’jayev, Razzoq Hamroyev, Shukur Burhonov, Lutfixonim Sarimsoqova, Halima Nosirova, Tamaraxonim kabi san’atkorlar yetishib chiqdi. O’zSSR Xalq Komissarlari Sovetining raislari: F.Xo’jayev (1925— 37), A.Karimov (1937), S. Ssegizboyev (1937— 38), A.Abdurahmonov (1938-46 yilgacha); O’zSSR Ministrlar Sovetining raislari: A.Abdurahmonov (1946 — 50), A.Mavlonov (1950-51), N.Muhitdinov (1951-53; 1954-55), U.Yusupov (1953-54), S.Kamolov (1955-57), M.Mirzaahmedov (1957-59), O.Alimov (1959— 61), R.Qurbonov (1961-71), N.Xudoyberdiyev (1971-84), G’.Qodirov (1984-89), M.Mirqosimov (198990). O’zSSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining raisi: I.Karimov (1990 yil 1 noyabrdan). O’zbekiston Kompartiyasi MKning 1-kotiblari: V.Ivanov (1925 — 27), N.Gikalo (1929), A.Ikromov (1929— 37), U.Yusupov (193750), A.Niyozov (195055), N.Muhitdinov (195557), S.Kamolov (195759), Sh.Rashidov (195983), N.Usmonxo’jayev (198388), R.Nishonov (1988-89), I.Karimov (198991). O’zSSR Markaziy Ijroiya Qo’mitasi raisi: yil Oxunboboyev (1925-37 yilgacha); O’zSSR Oliy Soveti Prezidiumi raislari: Oxunboboyev (1937-43), A.Mo’minov (1943 — 47), A.Niyozov (194750), Sh.Rashidov (1950-59), Yo.Nasriddinova (1959-70), N.Matchonov (1970-78), I.Usmonxo’jayev (1978-83), O.Salimov (1983-86), R.Nishonov (1986-88), P.Habibullayev (1988-89), M.Ibrohimov (1989-91), O’zSSR Oliy Soveti raisi: Sh.Yo’ldoshev (1991 yil 12 iyundan). Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Azizxo’jayev A., Mustaqillik: kurashlar, iztiroblar, quvonchlar, T., 2001; Alimova D. A., Golovanov A. A., O’zbekiston mustabid sovet tuzumi davrida: siyosiy va mafkuraviy tazyiq oqibatlari, T., 2000; tarix shohidligi va saboqlari, T., 2001; O’zbekiston tarixi (1917-1991 yil), T., 2002; Shamsutdinov R., Qishloq fojeasi: jamoalashtirish, quloqlashtirish, surgun, T., 2003. Qahramon Rajabov, Bahodir Pasilov.