QULDORLIK DAVLATLARI

QULDORLIK DAVLATLARI — davlat tashkilotining tarixiy birinchi tashkil topgan tipi bo’lib hisoblanadi. Quldorlik davlatlari ibtidoiy jamiyat tuzumining yemirilishi va buning natijasida jamiyatning ikki qarama-qarshi sinfi quldorlar va qullar sinfini vujudga kelishi bilan bog’liq. Eng qadimgi quldorlik davlatlariga eramizdan avvalgi IV asrning oxiri III asrning boshlarida vujudga kelgan Qadimgi Misr (Misr podsholigi), Dajla va Frot daryolari vohasida (Shumer, Ossuriya podsholigi), qadimgi Xitoy va Hindiston (eramizdan avvalgi II ming yillik) va Xett davlatini (eramizdan avvalgi II ming yillikning oxiri) misol qilib keltirish mumkin. Undan keyin paydo bo’lgan quldorlik davlatlariga Qadimgi Yunon va Qadimgi Rim davlatlarni misol bo’ladi. quldorlik davlatlarini iqtisodiy asosini quldorlarning qullarga va ishlab chiqarish vositalariga bo’lgan xususiy mulkchilik munosabatlari tashkil etadi. Quldorlik tuzumi sharoitida insoniyat tarixida birinchi marotaba jamiyatdagi turli qatlam va sinflarning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy tengsizlik shakllari ro’yobga chiqdi, bir sinfning, ya‘ni quldorlarning ikkinchi sinf, ya‘ni, qullar ustidan mutloq hukmronligi o’rnatildi. quldorlik davlatlari o’zining ijtimoiy-sinfiy mohiyatiga ko’ra, quldorlar sinfining tashkiloti sifatida maydonga chiqqan. Quldorlik jamiyatining iqtisodiy asosini shakllantirish va mustahkamlash, quldorlik ijtimoiy-siyosiy tuzumi himoyasini ta‘minlash, quldorlarni qullar ustidan hukmronligini ushlab turish hamda erkin fuqaro va qullar isyonini bostirish uchun barcha vositalardan foydalandi. O’z mohiyati, ijtimoiy mazmuni va maqsadlari bir bo’lgan quldorlik davlatlari bir-biridan davlat boshqaruv usullarining (siyosiy rejimlarning) xilma-xilligi bilan ajralib turgan. Bunday xilma-xillikning ildizi, ular vujudga kelgan muayyan tarixiy sharoitlarning, siyosiy kuchlar munosabatlaridagi ijtimoiy ziddiyatlar darajasining, ishlab chiqarish kuchlari rivojlanish darajasining, davlatlarning jo’g’rofiy, iqlimiy joylashuvining turli xilligida o’z ifodasini topadi. quldorlik davlatlarining quyidagi asosiy shakllari mavjud bo’lgan: monarxiya, aristokratik respublika va demokratik respublika shakllari.