QUROLSIZLANISH

QUROLSIZLANISH — urush olib borish vositalarini butunlay yo’qotish yoki ularni qisman kamaytirish hamda urush xavfini bartaraf etish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar tizimi. Qurolsizlanish xalqaro doirada BMTning ikki asosiy organi — Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashiga topshirilgan. BMT huzurida barcha tashkilot a‘zolaridan iborat Qurolsizlanish komissiyasi tashkil etilgan. Qurolsizlanishning ikki turi: yalpi va qisman Qurolsizlanishni ajratib ko’rsatish mumkin. Yalpi Qurolsizlanish deganda qurolli kuchlarni yo’q qilish, harbiy tashkilotlarni bartaraf etish, qurol ishlab chiqarishni to’xtatish, shuningdek, ularni yo’q qilish hamda tinchlik davrida qurollardan foydalanishni man etish tushinilsa, qisman Qurolsizlanish yadroviy qurolsizlanish, yadroviy qurollardan foydalanishni, yadroviy qurollar sinovlarini man etish, yadroviy qurollarni tarqatmaslikni o’z ichiga oladi.