Bundan necha ming yillar muqaddam munajjimlar Quyoshni, oyni va yulduzlarni o’rganish uchun Misr ehromlaridan, minora va ibodatxonalardan foydalangan bo’lsa ajab emas. Albatta, u vaqtlar odamlar teleskop nimaligini bilishmagan. Vaqt o’tishi bilan astronomik asboblar yaratildi, asboblarning o’lchami va miqdori ortib borgani sayin ularni joylashtirish uchun rasadxonalar qurila boshladi. Ba’zi rasadxonalar qurilganiga ming yildan oshiqroq vaqt bo’ldi.
Avvalo, rasadxona quriladigan joyni to’g’ri tanlash lozim edi. U yerda ob-havo sharoitlari qulay, temperatura mo’tadil; quyoshli va bulutsiz kunlar ko’p, tuman, yomg’ir va qor imkon qadar kam bo’lishi talab etilar edi. Bu joy osmonni kuchli yoritadigan va kuzatish ishlariga xalal beradigan shahar chiroqlari va neon reklamalaridan uzoqroq bo’lishi darkor.
Teleskoplar bilan bir qatorda uy-joyi ham bor binolar mavjud. Bunday binolarda asboblar po’lat va beton konstruktsiyasiga o’rnatiladi. Teleskop o’rnatiladigan bino ikki qismdan iborat bo’ladi. Uning quyi qismi harakatsiz, yuqori qismi — tomi esa aylanishi mumkin bo’lgan gumbaz shaklida bo’ladi. Gumbazning teleskop osmonga qarashi mumkin bo’lgan «tirqishi» bo’ladi. Gumbaz aylangani sababli bu tirqish osmonning istalgan yo’nalishi tomon ochilishi mumkin. Gumbaz ham, teleskop ham elektromotor yordamida harakat qiladi. Zamonaviy laboratoriyada munajjim teleskopni aylantirishi uchun bir necha tugmachani bosishi kifoya.
Albatta, munajjim doimo yulduzlarni kuzatib turishi uchun okulyar (optik asbobning ko’zga tutib qaraladigan tomondagi shishasi) yonida bo’lishi, boz ustiga, o’sha yerga fotoapparat o’rnatilgan bo’lishi lozim. Shuning uchun ayrim rasadxonalarda Pol balandga ko’tariladi yoki pastga tushiriladi, ba’zi hollarda esa u yerga sozlanadigan platforma o’rnatiladi. Munajjimlar osmonni faqat ko’z bilangina kuzatmaydi. Ularda teleskopga tirkaladigan fotoapparat, spektroskop, spektrograf va spektrogeliograf singari ko’plab murakkab asboblar va moslamalar ham bor. Bu asboblar ularni muhim ma’lumotlar bilan ta’minlaydi.