Roman

Roman (Fransuzcha roman) — nasriy asar janri; muayyan shaxs yoki bir necha shaxsning shakllanish va kamol topish jarayoni badiiy makon va zamonda tasvirlangan asar. Roman o’rta asrlarda roman tillarida yozilgan har qanday asarni anglatgan. Romanda shaxs va jamiyat hayoti bir-birini inkor etmaydigan ma’lum ma’noda mustaqil olam sifatida tahlil va talqin etiladi. Xuddi shu narsa Roman janri mundarijasining o’ziga xosligini belgilab beradi. Muayyan shaxs taqdirining oilaviymaishiy, milliy, ijtimoiy, madaniy va tarixiy muhit bilan o’zaro uzviy aloqada tasvirlanishi Roman janrining ko’lami va g’oyaviy-badiiy qimmatini namoyish etadi. Roman janri markazida bosh qahramon obrazi turadi. Bu bosh qahramon taqdiri uning jamiyatda tutgan mavqei bilan har doim ham mushtarak bo’lavermaydi. Aksincha, inson o’z taqdiriga nisbatan katta yoki insoniy fazilatlariga ko’ra kichik bo’lishi mumkin. Binobarin, u bilan uning taqdiri yoki jamiyatdagi mavqei o’rtasida muayyan ziddiyat bo’ladi va xuddi shu ziddiyat Roman janrining mundarijasini — syujet chiziqlarini harakatlantirib turadi. Bosh qahramonning shaxs sifatidagi fazilatlari ana shu jarayonda, boshqa qahramonlar bilan munosabatida, kurashida ochiladi. Bu munosabatlarning keskinligi va bosh qahramon uchun fojiali xotima bilan tugashi yoki ularning yengil va hajviy oqimda kechishi Romanning epik janr sifatidagi o’ziga xos xususiyatlarini belgilab beradi. Har ikkala holatda ham bosh qahramon bilan jamiyat, muhit yoki urfodat o’rtasidagi ziddiyat va kurash o’zida davrning ijtimoiy hamda ma’naviy-axloqiy muammolarini qanchalik yorqin ifodalasa, Romanning badiiy qimmati va ijtimoiy ahamiyati shunchalik katta bo’ladi. Roman o’z tarixining dastlabki davrida mavjud adabiy janrlarga parodiya sifatida maydonga kelgan. Keyinchalik Romannavislarning muayyan uslubiy tuzilma va tasviriy vositalar tizimini siyqalashtirishga qaratilgan urinishlari ham parodiya qilingan. Bu hol Romanning avval boshdanoq muayyan adabiy shakllarni qonunlashtirishni xush ko’rmaydigan va yozuvchi qarshisida badiiy tasvirning barcha imkoniyatlarini ochadigan janr bo’lganidan shahodat beradi. Mavzu, hajm, syujetning murakkablik darajasi, kompozitsion tuzilish va tasvir usullarida muayyan farq bo’lishiga qaramay, Roman janrida ba’zi bir badiiyat unsurlarining (intriga, konflikt, yechim kabi) bo’lishi talab etiladi. Shu bilan birga Romannavislar bu unsurlarga, shuningdek, badiiy tasvirning boshqa shakl va vositalariga erkin munosabatda bo’lishlari mumkin. Romanlar o’z tarixining dastlabki davrida tuzilishiga ko’ra 2 guruhga — «ochiq» va «yopiq» Romanlarga ajralgan. «Ochiq» tuzilmali Romanning yorqin namunasi M. Servantesning «Don Kixot» i bo’lib, unda jamiyat hayotining xilmaxil tomonlari bilan birga bosh qahramon ishtiroki xarakterining tadrijiy o’sishi ham mufassal tasvirlangan, bosh qahramon ishtirok etgan voqea va hodisalarga esa ko’plab personajlar jalb etilgan. «Yopiq» tuzilmali Romanlarning dastlabki namunalaridan biri M.M. de Lafayetning «Malika Klevskaya» asaridir. Bu asarda yozuvchi e’tibori faqat bir qaxramon hayoti, bir konflikt va bir vaziyat tasviriga qaratilgan. Keyinchalik, Roman janri ichki shoxobchalarga bo’lingan paytda psixologik Roman janri ana shu «yopiq» Romandan o’sib chiqqan. Roman antik adabiyotda paydo bo’lganida, yozuvchilar ko’pincha maishiy mavzudagi miflarning an’anaviy syujetlaridan foydalanib, ularga emotsional olam manzaralarini olib kirganlar. Kahramonlarning ichki olami tasviri bu asarlarda voqeabandlikning soyasida qolgan. Ammo Longning «Dafnis va Xloya» ishqiy-bukolika Romanida qahramonlarning sarguzashtlariga qaraganda ularning histuyg’ulari tasviriga shu qadar katta o’rin berilganki, natijada bu asar uzoq davrlar mobaynida psixologik Romanning mumtoz namunasi hisoblanib kelgan. Roman janri ana shu tarzda davrma-davr boyib, badiiy tuzilmasi o’zgarib bordi. O’rta asrlarda romantik tasvir usulining yetakchilik qilishi natijasida ritsar Romanlari («Tristan va Izolda rivoyati»), Uyg’onish davrida kichik hikoyalardan iborat Romanlar (J. Bokkachchoning «Dekameron»i), romanlashgan qissa (M. Boyardo, L. Ariosto, T. Tasso) va dramalar (V. Shekspir) maydonga keldi. Ana shu tarzda Roman tabiatida kechayotgan o’zgarishlar insonparvarlik g’oyalari ustuvorlik qilgan ma’rifatparvarlik davrida muayyan darajada o’z yakuniga erishdi. A. F. Prevonpng «Manon Lesko» Romani bilan adabiyotga «o’rta» xarakter deb yuritilgan qahramonlar obrazi kirib keldi va shu davr Romanlarida ruhiyat tasviri keng o’rin egalladi. 19-asrdan boshlab jahon adabiyotida realistik Roman janri shakllana boshladi. G. Stendal, O.Balzak, G. Flober va b. yozuvchilarning badiiy izlanishlari bilan Roman janrining syujet doirasi kengaydi, ko’p planlilik, epik ko’lam va syujetning shiddatli harakati janrning muhim shartlari sifatida qabul qilindi. 19-asrning so’nggi choragida naturalizmning avj olishi natijasida Roman tabiatida turg’unlik, hatto tanazzul holati ko’zga tashlandi. Ammo 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida J. Golsuorsi, G. Mann, T. Mann va J. London realistic asarlarining yaratilishi bilan Roman janri o’z taraqqiyotining yangi bosqichiga erishdi. Rus adabiyotida «Yevgeniy Onegin» (A. S. Pushkin) she’riy romanining yaratilishi rus Roman navisligining shakllanishiga muhim turtki berdi. N.V. Gogol, I. V. Turgenev, L. N. Tolstoy, F. M. Dostoevskiy Romanlarining maydonga kelishi bilan realistik rus Romannavislik maktabi vujudga keldi. O’zbek adabiyotida Roman janrining paydo bo’lishiga Navoiy «Xamsa»sini tashkil etgan «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» singari dostonlar, xalq kitoblari va dostonlari muhim manba bo’lib xizmat qildi. Milliy uyg’onish adabiyoti namoyandalari dastlabki o’zbek Romanlarini yaratishga kirishganlarida mazkur milliy adabiy tajriba va an’analardan samarali foydalandilar. Hamzaning «yangi saodat yoxud Milliy roman»i (1914), Mirmuhsin Shermuhamedovning «Befarzand Ochildiboy» (1915) asarlari dastlabki o’zbek Romanlarini yaratish yo’lidagi izlanishlar edi. Qodiriyning «o’tgan kunlar» (1926) asarining yaratilishi bilan o’zbek realistik Romani vujudga keldi. Qodiriy bu asari bilan milliy o’zbek Romannavislik maktabiga asos soldi. Ayni paytda bu asar katta badiiy polotnolarni yaratishga qodir yangi o’zbek adabiy tilining shakllanganini ham namoyish etdi. Keyinchalik Qodiriy «Mehrobdan chayon» (1928), Ayniy «Qullar» (1934), Cho’lpon «kecha va kunduz», Abdulla Qahhor «Sarob» (1935), Oybek «Qutlug’qon» (1939) va «Navoiy» (1944) asarlari bilan o’zbek Romannavislik maktabining yuksalishiga katta hissa qo’shdilar. Ustoz adiblarning ijodiy izlanishlari tufayli shakllangan o’zbek Romannavislik maktabi keyinchalik A. Muxtor, Shuhrat, Mirmuhsin, H. G’ulom, Sh. Rashidov, S. Ahmad, Shukrullo, M. Ismoiliy, O. Yoqubov, P. Qodirov, O’. Hoshimov, T. Malik, O. Muxtor va boshqa yozuvchilarning turli mavzuda yozgan asarlari bilan boyidi. O’zbek Romannavisligida Roman janrining turli ko’rinishlari (tarixiy, tarixiy-biografik, tarixiy-inqilobiy, publitsistik, harbiy, sarguzasht, fantastik Romanlar, shuningdek, Roman xronika, Roman-novella, Roman-munozara) va shakllari (dilogiya, trilogiya) paydo bo’ldi. Sovet davrida yaratilgan ayrim Romanlarda shu davrning o’tkinchi g’oyalari olg’a surilgan va voqelik sosialistik realizm talablari asosida buyab, xaspushlab ko’rsatilgan. Shunga qaramay, o’zbek Romani xuddi shu davrda milliy adabiyotning yetakchi janrlaridan biri sifatida paydo bo’lib, uzining yuksak namunalarini berdi. Mustaqillik yillarida O’. Hoshimov, Sh. Xolmirzaev, T. Malik, H. Shayxov, O. Muxtor, Muhammad Ali, U. Nazarov, Tog’ay Murod va boshqa yozuvchilar o’zbek Romannavisligini o’zlarining turli mavzu va janr ko’rinishlaridagi asarlari bilan boyitmoqdalar. Ad.: Kojinov V. V., Proisxojdenie Romana, M., 1963; Dneprov V., Cherti romana XX veka, M., 1965; Mirvaliev S, O’zbek romani, T., 1969; Baxtin M., Epos i roman, M., 1970; Sudbi Romana, M., 1975; Pardayeva Z., O’zbek romani poetikasi, T., 2003. Naim Karimov.