Samarqandda Sarbadorlar qo’zg’oloni

Sarbadorlar qo’zg’oloni ijtimoiy harakat sifatida XIV asrning yarmida Xurosonda paydo bo’lib, mo’g’ullarning bosqinchilik siyosatiga va ularning tartiblariga qarshi qaratilgan edi. Bu siyosat va tartiblar mehnatkashlar – dehqonlar, hunarmandlar, mayda savdogarlar, ziyolilar vakili va hatto o’rta hol dehqonlar zimmasiga juda og’ir majburiyatlar yuklar edi. Aholining xuddi ana shu qatlamlarida sarbadorlik harakati keng yoyila boshladi. Dehqonlar va hunarmandlarga qullarning katta qismi ham qo’shildi. Bu qulla o’tmishda demokratik xarakterga ega bo’lgan harakatni qo’llab-quvvatlar edilar.

Harakat qatnashchilarining nomi (“sarbadorlar”-dorga osiluvchi kishilar, demakdir) ham qiziqarlidir. Bu nomni ularning o’zlari tanlagan. Agar muvaffaqiyat qozonsak, xalqni mo’g’ullar va ular amaldorlarining jabr-zulmidan ozod qilamiz, mabodo mag’lubiyatga uchrasak, dor tagiga borishga tayyormiz, chunki zulmga ortiq toqat qilish mumkin emas deyishdi, ular.

Shunday qilib, sarbadorlar harakati mo’g’ullarning ekpluatatorlik hokimiyatiga qarshi qaratilgan edi. Mo’g’ullar hokimiyati shunday suiiste’molchilik sistemasini vujudga keltirgan ediki, bunday Sistema sharoitida mamlakatning rivojlanishi u yoqda tursin, xalq ommasi ochlik va zulmga mahkum etilgan edi, sarbadorlar esa buni ko’rdilar va bildilar. Shu bilan birga sarbadorlar shu narsani ham yaxshi tushunardiki, mo’g’ullar sulolasi asosan ko’chmanchilardan iborat bo’lgan o’z harbiy kuchlagigagina emas, balki mahalliy hukmron feodal sinfining yuqori tabaqalari – yirik yer egalari, musulmon ruhoniylarining oliy martabali vakillari va badavlat savdogarlarga ham tayanar edi. Feodallarning bu yuqori tabaqalari mo’g’ullarni qo’llab-quvvatlabgina qolmay, balki o’zlari ham ma’muriy apparat yordamida xalqni ayovsiz ekpluatatsiya qilishda faol qatnashar edi. Shuning uchun ham sarbadorlarning maqsadi mo’g’ullarni haydab yuborishgina emas, balki feodal yuqori tabaqalarni siyosiy va iqtisodiy jihatdan zaiflashtirishdan ham iborat edi.

Sarbadorlar Xurosonda mustaqil davlat tuzishga muvaffaq bo’ldilar. Markazi Sabzavor bo’lgan bu davlat 1337 yildan 1381 yilgacha yashadi. Ana shu davlatni vujudga keltirishda sarbador Xo’ja Yahyo katta rol o’ynadi.

Sarbadorlarning tashqi siyosati manbalarda kam yoritilgan va ularning qanday ichki islohotlar o’tkazganliklarini biz yaxshi bilmaymiz. Sarbadorlar davlatining o’z tangasi, qo’shini bo’lgan. Ular qattiq tartiblar o’rnatgan. Aholidan olinadigan soliqlar kamaytirilgan, masalan, musulmon dini nuqtai nazaridan qonunga xilof bo’lgan juzya bekor qilingan. Mo’g’ul noiblari hamma joyda aholidan ana shu soliqni olishar edi. Sarbadorlar davlatining ijobiy xususiyati shu ediki, u o’zining hukmron sulolasini vujudga keltirmadi. Sarbadorlar biror hokim vafot etganidan keyin, garchi ancha-muncha kurashlar bilan bo’lsa ham, o’zlari kimni eng yaxshi deb hisoblashsa, o’sha kishini yangi hokim qilib tayinlashardi. Qullarga nisbatan ancha yumshoq munosabatda bo’lishni ham sarbadorlar davlatining o’ziga xos xususiyati deb hisoblash mumkin, lekin bunda ularni ozod qilish to’g’risida gap bo’lishi mumkin emas. Ular qullarni qo’shinlarga bajonu dil qabul qilishar va hatto ularning qo’mondonlik vazifalariga ko’tarilishiga ham yo’l qo’yar edi, bu shaxsiy ozodlikni bildirgan bo’lsa kerak.

Biroq sarbadorlik harakati sinfiy qarama-qarshiliklardan ham xoli emas edi; bu harakatda so’l va o’ng guruhlar bor edi. Shayxlar boshchilik qilgan murosasozlik oqimi tarafdorlari sarbadorlar davlati uchun ko’p qiyinchiliklar tug’dirar edi. Ular orasida shayx Hasan eng nufuzli kishi edi. Ichki kurash sarbadorlar harakatini zaiflashtirib yubordi va buning oqibatida ularning davlat territoriyasi tobora kamayib bordi. XV asrda yashagan rasmiy istiograflar Nizomiddin Shomiy bilan Sharafuddin Ali Yazdiy feodal zodagonlarining fikrini ifoda etib, Samarqandda sarbadorlarning “zo’ravonlik qilganliklari” to’g’risida gapirib o’tadilar. Bu hol zodagonlar manfaatlarini kamsitish ma’nosida tushunilsa kerak. Samarqandlik sarbadorlar musulmonlardan qonunga xilof ravishda olingan juz’yani bekor qilgan bo’lsa ehtimol.

XIV asrning o’rtalarida va ikkinchi yarmida sarbadorlik Movarounnahrdagi keng progressiv doiralar dehqonlar, hunarmandlar, ziyolilar va ayniqsa, yoshlar o’rtasida katta hurmatga sazovor edi. Samarqandning o’zida ham ko’pgina sarbadorlik elementlari bor edi.

Biroq Temur bilan Husaynning mag’lubiyatga uchrashi bilan bog’liq bo’lgan voqealarga qaytaylik.

Muhammadiy xonlaridan Tug’luq Temurning Movarounnahrdan quvg’in qilingan o’g’li Ilyosxo’ja otasi ag’darib tashlanganidan keyin 1365 yilda kata qo’shin bilan Movarounnahrga qarab yurish boshladi. Ilyosxo’ja mo’g’ullarining yaqinlashib kelayotganligi to’g’risidagi xabar Samarqand aholisini qattiq tashvishga soldi. Sarbadorlar xalqni mo’g’ul qo’shinlariga qarshilik ko’rsatishga da’vat etdi. Samarqandlik sarbadorlar orasida Samarqand madrasasining talabasi Mavlonzoda, Nizomiddin Shomiyning so’zlariga qaraganda, sobiq paxta tituvchi, boshq manbalarga qaraganda, paxta tozalovchilar mahallasining oqsoqoli Abubakr Qalaviy va “yoy otuvchi mergan” Xurdaki Buxoriylar bunda o’zlarini ko’rsatishdi. Shahar zodagonlari va oddiy xalqdan 10 mingga yaqini Jome masjidiga to’planganida beliga shamshir taqqan Mavlonzoda ularga murojaat qilib, otashin nutq so’zladi. U aytdiki, boj va xirojdan tashqari aholidan qonung xilof ravishda jon solig’i olgan hokim xatarli daqiqalarda shahar aholisini o’z holiga tashlab qo’ygan va juda ko’p haq to’lash hisobiga ham ularni qutqazib qola olmaydi, najot yo’li faqat qarshilik ko’rsatishda, kurashdadir. Mavlonzod nutqini tamomlay turib, xalqqa quyidagi savol bilan murojaat qildi: islomni himoya qilishni va islom dini uchun zodagonlar hamda oddiy fuqaro oldida javobgar bo’lishni o’z zimmasiga oladi? Zodagonlar jim turishdi. Ana shunda Mavlonzoda savol bilan oddiy xalqqa murojaat qildi: agar men ana shu javobgarlikni o’z zimmamga olsam, meni xalq qo’llab-quvvatlaydimi? Oddiy xalq o’zini Mavlonozodaning ixtiyoriga to’la ravishda topshirishga va’da berdi.

Xalqning roziligini olgach, sarbadorlar samarqandlik hunarmandlar o’rtasida katta aloqalari bo’lgan Mavlonozoda va Abubakr Qalaviy boshchiligida jonajon shaharni mudofaa qilishga zo’r g’ayrat bilan tayyorgarlik ko’ra boshladilar. Bu juda og’ir vazifa edi: Samarqandda devorlar yo’q edi va Chingizxon shaharni yakson qilganidan keyin hali ark tiklanmagan edi. Mavonozoda harbiy xizmatga yaroqli kishilarning ro’yxatini tuzib chiqdi va shaharni mustahkamlash ishlariga aholining keng tabaqalarini jalb etdi. Sarbadorlr faqat bitta asosiy ko’chani bo’sh qoldirib, unga olib boradigan barcha yo’llarga barrikadal qurdi. Mudofaa uchun muhim va eng qulay bo’lgan joylarga yoy otuvchilar qo’yildi. Hamma narsa mo’g’ullarning otliqlarini o’tkazib yuborib, yon tomondagi barrikadal qurilgan tor ko’chalardan esa ularga qat’iy zarba berishga mo’ljallangan edi.

Mo’g’ullar Samarqandda o’zlarini qanday kutib olishlarini bilmasdan, shaharni yengilgina bosib olishni mo’ljallagan edi. Biroq ular yanglishdi. Ularning oldingi otryadlari qo’yilgan tuzoqqa tushgach, Mavlonozoda signal berdi va dushman ustiga kamon o’qi, tosh va kaltaklar yog’ila boshladi. Bir manbaga ko’ra, mo’g’ullar ming kishini, ikkinchi manbaga qaraganda esa, ikki ming va ko’plab otlarni yo’qotib, darhol chekindi.

Ilyosxo’ja boshda Samarqand atrofini, so’ngra esa Movarounnahrni ham tashlab ketishga majbur bo’ldi. Shahar tantana qilardi. Samarqand mudofaasi serg’ayrat va sodiq kishilar rahbarlik qilganida xalq ko’p ishlarni bajarishga qodir ekanligini ko’rsatdi.

Sarbadorlarning Samarqandning ichki hayoti sohasida o’tkazgan islohotlari to’g’risida manbalarda juda kam ma’lumot saqlangan. Masalan, Sharafuddin quyidagi she’rni keltiradi: “Yo xudovani karim, kambag’al qashshoq obro’li kishi bo’lmasin”. Biz bu so’zlarni Sharafuddin Ali Yazdiydan oldin o’tgan Nizomiddin Shomiyda uchratmaymiz, ammo Nizomiddin Shomiy go’yo sarbadorlar Samarqand aholisiga zo’ravonlik qilganliklarini eslatib o’tadi. Bunda u hukmron feodal doiralarni nazarda tutgan bo’lsa kerak. Ana shu so’zlarga qarab fikr yuritilsa, samarqandlik sarbadorlar ba’zi demokratik tadbirlarni amalga oshirganliklari ma’lum. Xusaynning musulmonlardan qonunga xilof ravishda juz’ya olganligi Mavlonozoda nutqida ham eslatib o’tiladi. Keyinchalik bu juz’ya to’lash sarbadorlar tomonidan bekor qilingan bo’lsa kerak.

Sarbadorlarning Ilyosxo’ja ustidan qozongan g’alabasi to’g’risidagi xabar Balx viloyatida turgan amirlar – Husayn va Amir Temurgacha yetib bordi. Temur qishni Qarshida, Husayn esa Amudaryo bo’ylarida o’tkazib, bahorda uchrahadi va birgalikda Samarqandgacha qarab yo’l oladi. Ular shahar yaqinidagi Konigil degan joyda to’xtaydilar. Har ikkala amir ham sarbadorlarning harakatini ma’qullayotganliklari va ular bilan uchrashmoqchi ekanliklarini bildiradilar. Sarbadorlar amirlarning “yaxshi” niyatlariga ishonadilar, o’tkazilgan qabul marosimida amirlarga zo’r e’tibor beriladi. Biroq ertasi kuni sarbadorlar Husayn bilan Amir Temur huzuriga yana borganlarida, ularni xiyonotkorona qo’lga tushirib, Mavlonozodadan tashqari hammasini o’ldiradi. Temur Husayn oldida Mavlonozoda tomonini olib, uni saqlab qoladi. Amir Temurning Mavlonozodaga nisbatan ana shunday munosabatda bo’lishining sababi nimada edi? Aftidan Husayn bilan Amir Temur o’rtasida sarbadorlarga nisbatan munosabat masalasida kelishmovchiliklar bo’lgan. Ehtimol, Temur ularning ba’zilari bilan, ayniqsa, zodagonlar orasidan chiqqan sarbadorlar bilan azaldan aloqa bog’lagandir. Husayn bilan Amir Temur sarbadorlar va ularning boshliqlarini qirib tashlagandan keyin 1366 yilning bahorida Samarqandni o’zlariga bo’ysundirdi.