Bu shayton va farishta mutlaqo ertaklar qahramoni emas. Tabiatda haqiqatan ham uchragani uchun emas. Gap shundaki, ularning tabiati ertaklardagiga sira o’xshamaydi: farishta — badjahl, shayton esa beozor va himoyasiz. Bu g’aroyib ikki mollyuska — dengiz farishtasi va dengiz shaytoni Shimoliy dengizlarda yashaydi. Unisi ham, bunisi ham, odatda iyun oylarida, suv qatlamlarida paydo bo’lib, suv sathiga yaqinroq joyda parvoz qilayotganday bo’lib turadi. Ularning oyoqlarida qanotga o’xshash o’ziga xos o’simtasi bor, shuning uchun ham ularni «qanotoyoqli mollyuskalar» deyishadi. Dengiz farishtasi naq farishtaning o’zi. Uning cho’ziq kichkina jussasi qizg’ish-to’q sariq va deyarli yorqindir. Kichkina «qanotlari» ravon silkinadi, suzganda har doim dengiz otidek tik holatda bo’ladi. Dengiz shaytoni esa shaytonning quyib qo’ygan nusxasi; tasavvurimizdagi shaytondan sira farq qilmaydi. U qop-qora, kichkina, abjir. Suv sathida nimasi bilandir supra quloqlarga o’xshab ketadigan, jussasiga mos mayda qanotlarini chaqqon harakatlantiradi. Umuman olganda, bu mollyuskalar zohiran nomiga juda munosib, ammo qilig’i mutlaqo o’xshamaydi. Gap shundaki, dengiz farishtasi o’zining «farishtalik qiyofasi»ga qaramay judayam ochko’z yirtqich bo’lib, asosan dengiz shaytonlari bilan kun kechiradi. Shaytonning nozik shaffof chig’anog’i bor, biror xavf sezsa, darhol unga kirib oladi va sekinlik bilan suvga cho’kadi. Bular ham uni qutqara olmaydi: dengiz farishtasi paypaslagichlarini cho’zib, unga hujum qiladi, og’ziga tomon tortadi, nafis chig’anoqni yoradi — qarabsizki, yirtqichning yorqin tanasida o’ljasining qoldiqlari yotibdi. Dengiz farishtalari shaytonlarga faqat po’rtana ko’tarilgan paytda teginmaydi. Dengizda po’rtana ko’tarilgan payti boshqa mollyuskalar qatori ular ham suv tagiga sho’ng’ib ketadi, chuqurlikda farishtalar och qolsa ham o’zlarini vazmin tutadilar. Baliqlar va mo’ylovdor kitlarga dengiz farishtasi bo’ladimi, shaytoni bo’ladimi — farqi yo’q. Ular unisini ham, bunisini ham paqqos tushiradi.