SENAT

SENAT (lot. senatus – oqsaqol, keksa) — 1) qadimgi Rim Respublikasi davrida oliy hokimiyat organi; 2) Rossiyada 1711 — 1917 yillarda hokimlik qiluvchi Senat – qonun chiqaruvchi va davlatni boshqaruvchi oliy davlat organi. XIX asrning 1-yarmidan oliy sud organi; 1864-yildan esa oliy kassatsiya instansiyasi. Bosh prokuror tomonidan boshqarib turilgan (uning o’zi 1802-yildan adliya vaziri). Senatorlarni imperator tayinlagan; 3) bir qancha davlatlarda (Italiya, Fransiya, AQSH, shuningdek, O’zbekistonda ham) parlament yuqori palatasining nomi. Odatda, quyi palataga nisbatan boshqacha tartibda saylanadi. Federatsiyalarda (masalan, AQSHda) har qaysi shtatdan ikkitadan senator saylanadi; odatda, senatorlarning 1/3 qismi har 2-3 yilda almashtirib turiladi. Ba‘zi hollarda Senat muayyan sud vakolatlariga ega bo’ladi. O’zbekiston Respublikasida Senat a‘zolari (senatorlar) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo’shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo’li bilan Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – 6 kishidan saylanadi. Senatning 16 nafar a‘zosi fan, san‘at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida, davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo’lgan hamda alohida xizmat ko’rsatgan eng obro’li fuqarolar orasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining (jami 100 senator) vakolat muddati 5 yil. Uning faoliyati O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ―Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to’g’risidagi (2002-yil 4-aprel), ―O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to’g’risidagi (2002-yil 12-dekabr) konstitutsiyaviy qonunlarga, shuningdek, ―O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to’grisidagi (2003-yil 29-avgust) qonunga muvofiq tashkil etiladi.