Shift, ship
Shift, ship — xona, ayvon va boshqalar devorlarining yuqoridan qoplangan tepa qismi; tomning uy ichidan ko’rinishi. Tekis va relef (past-baland)li Shift xillari ko’p uchraydi. Ibodatxona, saroy kabi yirik inshootlarning Shiftlari qadimdan bezatilgan. O’zbek xalq me’morligida vassash Shift, to’sin ustiga qamish (chiy) tashlab suvalgan yoki taxta qoqib chiqilgan lamba Shift keng tarqalgan. O’zbekiston hududida bunyod etilgan me’moriy yodgorliklar (saroy, madrasa, masjid va boshqalar) Shifti qadimdan ganch, yogoch o’ymakorligi, naqshlar bilan jozibador bezatilgan. Zamonaviy turar joylarning Shiftlari temir beton yaxlit plita o’rnatib yaratiladi, so’ngra suvab ishlanadi.