Shishasimon holat

Shishasimon holat — suyuqliklar yoki suyuqlantirilgan eritmalarning sovitilganda qovushoqligi ortib borishi natijasida qattiq jismlar xossalarini namoyon qiladigan amorf holati. Moddalarning suyuq holatdan Shishasimon holatga o’tishi qaytar jarayondir. Kimyoviy birikmalarning turli sinflariga mansub moddalar Shishasimon holatda bo’lishi mumkin. Shishasimon holatdagi jismlar shishalar yoki shishasimon moddalar deb ataladi. Qator anorganik moddalar Shishasimon holatda olingan. Shishasimon holatdagi polimerlar: poliakrilatlar, polikarbonatlar, polistirol, metil akrilat bilan vinil xlorid asosida olingan sopolimerlar organik shishalarga mansub. Shishasimon holat tuzilishida uzoq tartibning yo’qligi bilan kristall holatdan farq qiladi. Shishasimon holatdagi moddalar tuzilishida faqat yaqin tartib (alohida tartibli guruhlar) mavjud. Tartibsiz panjaradan iboratligi sababli shishasimon moddalar hajmi bo’yicha bir jinsli, izotrop, ya’ni ularning xossalari barcha yo’nalishlarda o’lchanganda bir xil bo’ladi. Shishasimon holat — metastabil (muvozanatda bo’lmagan) holat, chunki u kristall holatdagiga nisbatan ko’proq ichki energiya zaxirasiga ega (kristallarda bu energiyaning bir qismi tartibli kristall panjara qurilishiga sarflanadi). Shishasimon holatda modda mo’rt, aksari hollarda shaffof bo’ladi. Ko’pgina shishalar — dielektriklar, ba’zilari esa yarimo’tkazgich xossalarini namoyon qiladi.