Shofirkon tumani
Shofirkon tumani — Buxoro viloyatidagi tuman. Viloyatning shimolda joylashgan. 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. Janubiydan Vobkent, Janubiy g’arbdan Romitan, g’arbdan Peshku, sharqdan G’ijduvon tumanlari, shimoldan Navoiy viloyatining Konimex tumani bilan chegaradosh. Maydoni 3,72 ming km2. Aholisi 136 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Shofirkon), 12 ta qishloq fuqarolari yig’ini (Bog’iafzal, Vardonze, Denov, Do’rmon, Iskogare, Jo’ynov, Jo’yrabot, Sulton Jo’ra, Tezguzar, Chandir, Sharofbobo Hamroyev, Qarmoqon) mavjud. Markazi — Shofirkon shahri. Tabiati. Tuman hududi, asosan, tekislik va qum barxanlaridan iborat. Shimoliy qismi Quljuqtov etaklari (Gujumdi tog’i) va Qizilqum (Jilvon va toldi massivlari)ga tutashgan. Janubiy qismi Zarafshon vodiysidagi sug’oriladigan yerlar. Iqlimi keskin kontinental. Yillik o’rtacha temperatura 14,2°, eng past temperatura -29°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 29,4°, eng yuqori temperatura 46°. Yiliga 220 mm yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 150 kun. Tumandagi ekin maydonlari AmuBuxoro mashina kanali, Katta Jilvon, Kichik Jilvon, Sultonobod va Ko’hnarud ariqlaridan sug’oriladi. Shimolda sho’rtob, sho’rxok, qumloq, toshli cho’l, turli bo’z, och qo’ng’ir; Zarafshon vodiysiga tutash qismida o’tloqibotqoq, ochbo’z, oddiy bo’z tuproqlar tarqalgan. Shofirkon tumanining shim.dagi cho’llarda yovvoyi o’simliklardan ajriq, otquloq, yalpiz, sho’ra, baliqko’z, qo’ng’irbosh, yaltirbosh, qumlarda oq saksovul, Qandim, cherkez, Iloq, quyonsuyak, selin, isiriq; Jan. tekislik qismida qamish, ro’vak, bug’doyiq, sho’raajriq, kampirsoch, itgunafsha, yulg’un va boshqalar o’sadi.Yovvoyi hayvonlardan jayran, tovushqon, chiyabo’ri, tulki, yumronqoziq, qumsichqon, qirg’ovul, bedana, kaptar, burgut, qirg’iy va boshqalar bor. Shofirkon tumanida Vardonze davlat tabiat yodgorligi tashkil qilingan. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, qozoq, tatar, rus, ukrain va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 36 kishi. Shaharliklar 17 ming kishi, qishlbq aholisi 119 ming kishi. Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Tumanda paxta tozalash, g’isht, vino zavodlari, Buxoro pillakashlik fabrikasining filiali, gilam to’qish fabrikasi, O’zbekiston—Turkiya «Vardonze» qo’shma korxonasi, 22 kichik, 400 ga yaqin xususiy, 13 shirkat korxonalari, 8 aktsiyadorlik jamiyati mavjud (2004). Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmogi — paxtachilik. Shofirkon tumanida 13 shirkat, 1200 dan ziyod fermer xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 28,2 ming gektar, shu jumladan, 12110 gektar yerga paxta, 6100 gektar yerga g’alla, 94 gektar yerga sabzavot va poliz, 63 gektar yerga kartoshka, 469 gektar yerga beda ekiladi, 1,3 ming gektar yer tokzor va mevazor. Urmon xo’jaligi mavjud. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 43,5 ming qoramol, 76,2 ming qo’y va echki, 233 yilqi, 32,9 ming parranda, yaylovlarda Qorako’l qo’ylar boqiladi. 2003/04 o’quv yilida Shofirkon tumanidagi 54 umumiy ta’lim maktabi, 2 internat maktabida jami 32,6 ming o’quvchi o’qidi. 3 kasb-hunar kolleji faoliyat ko’rsatadi. 9 klub, 13 madapiyat uyi, madaniyat va istirohat bog’i, 62 kutubxona, Markaziy stadion va boshqalar sport inshootlari mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi (420 o’rin) va boshqalar turli kasalxonalar, 4 poliklinika, 22 dorixona, 37 qishloq vrachlik punkti va boshqalar tibbiy muassasalarda 235 vrach, 1 mingdan ortiq o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tumanda sil kasalliklari sanatoriysi, bolalar «Mingchinor» oromgohi bor. Shofirkon shahridan Buxoro, G’ijduvon, Navoiy, Samarqand, Toshkent va boshqalar shaharlarga avtobuslar qatnaydi. Shofirkon tumanida tarixiy va me’moriy yodgorliklardan Vardonze qo’rg’oni (3-8 asrlar), Xoja Orif Mohitobon (Revgariy) maqbarasi va jome masjidi (13- asr), Hazornur qadamjosi va Toshmasjid saqlangan. Burqi Sarmast, Childuxtaron, Qo’chqorota, G’oyibota, Bibi Kabudpush, Sayidota ziyoratgohlari mavjud. 1932 yildan tuman «Shofirkon ovozi» gazeta nashr qilinadi (adadi 2027). Ad.: S. Muxtor , K. Bobomurod, Sho- firkon tarixi, T., 1998; Abdulla Rahmon, Shofirkon yulduzlari, T., 2004. Qahramon Rajabov, Manzura Davlatova.