TEPAQO’TON TUZ KONI
TEPAQO’TON TUZ KONI — Qashqadaryo viloyatidagi kon; Lalmikon tuz koni bilan tutashgan. 1950 y.da ochilgan. Konning geologik tuzilishi 1959-64 y.larda o’rganilgan. T.t.k. braxiantiklinal shaklida Jan.garbdan shim.sharqqa cho’zilgan bo’lib, Tepaqo’ton tepaligidan iborat. Uz. 15-20 km, eni 5-6 km. Tepaqo’ton braxiantiklinali o’zagidagi tuz qatlamlari yuvilib ketgan, tuz ostidagi angidrit qatlamlari esa qoryomg’ir suvlari ta’sirida qisman gipsga aylangan. Tepaqo’tondagi svita yotqiziqlarining qalinligi 850-900 m. 4 qavat (yirik qatlam)dan tuzilgan (pastdan yuqoriga): 1) angidrit qavati — ko’kimtir kulrang, oq angidrit va qoramtir ohaktosh qatlamlaridan tashkil topgan, qalinligi 155-200 m; 2) danburitli galitangidrit qavati — kulrang, ko’kimtir angidrit va qoramtir ohaktosh, rangsiz galit (osh tuzi) qatlamlaridan tuzilgan bo’lib, pastki va yuqorigi angidrit qatlamlarida danburit minerali uchraydi, qalinligi 130-250 m; 3) tuz qavati — rangiga ko’ra 2 qismga ajraladi: pastda 200 m qalinlikdagi rangsiz (maydalanganda oq) va kulrang osh tuzi, yuqorida esa 200-250 m qalinlikdagi qizil va pushti rang tuz katlamlari bo’lib, ular orasida 3 ta silvinit (kaliy tuzlari) gorizonti joylashgan; 4) yuqori gips angidrit qavati — qalinligi 2-15 m. T.t.k.da kaliy va osh tuzidan tashqari er yuzasiga chiqib yotgan gips va angidrit qatlamlari ham mavjud bo’lib, sulfat kislota uchun xom ashyo hisoblanadi. Gipsning danburitli xilidan qishloq xo’jaligi.da mikroelementli o’g’it sifatida foydalanish mumkin. Bo’r va paleogen davrlari yotqiziqlaridagi gillar va dolomit qatlamlari qurilish materiallaridir.