Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik — xodimning sog’lig’iga ko’ra nisbatan qisqa muddat davomida ishni bajara olmasligi. O’zbekiston Respublikasida mehnat qobiliyati muttasil yo’qolib, bemorning mehnat faoliyatini umuman yoki uzoq muddatga to’xtatish yoki mehnat sharoitlarini jiddiy ravishda o’zgartirishga olib kelgan taqdirda, xodimga tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi tomonidan nogironlik belgilanadi. Xodimlarning, shuningdek mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug’ullanuvchi, shu jumladan, kooperativ (shirkat), fermer xo’jaliklarida mehnat qilayotgan fuqarolarning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligini ekspertiza etish tibbiyot muassasalarining shifokorlari yoki tibbiy maslahat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik respublika Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan kasallik varaqasi bilan, ayrim qonunda ko’rsatilgan hollarda esa, tibbiy ma’lumotnomalar bilan tasdiqlanadi. Kasallik yoki mehnatda mayib bo’lish oqibatida vaqtincha mehnat qobiliyatini yo’qotgan yoki protezlash, ya’ni yasama a’zolar qo’yish uchun protez ortopediya korxonaning stasionariga joylashtirilgan xodimlar davlat ijtimoiy sug’urtasi hisobidan nafaqa bilan ta’minlanadi. Shuningdek, xodim sanatoriy-kurortda davolanish uchun yuborilgan, oilaning bemor a’zosini parvarish qilish zarurati tufayli o’z mehnat vazifalarini bajarishdai ozod etilgan hollarda, karantin vaqtida ham Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to’lanadi.