Xolesistit

Xolesistit (Yunoncha chole o’t va kystis — pufak) — o’t pufaginyant yallig’lanishi. Ovqat hazm qilish sistemasining keng tarqalgan kasalliklaridan biri. Ko’proq o’rta va keksa yoshdagi ayollarda uchraydi. Aksariyat o’tpgosh kasalligida kuzatiladi. O’t pufagi funktsiyasining buzilishi (diskineziya), unda tosh paydo bo’lib, o’t to’xtab qolishi, ovqatlanish xususiyatiga bog’liq holda o’t tarkibining o’zgarishi, kam harakatlanish, surunkali qabziyat, homiladorlik, turli xil infektsiyalar (ichak tayoqchasi, kokklar va boshqalar kasallik qo’zg’atuvchi mikroorganizmlarning ichak devori yoki qon orqali o’t pufagiga o’tishi natijasida) Xolesistitga sabab bo’ladi. O’tkir va surunkali Xolesistit farq qilinadi. O’tkir Xolesistitda o’ng qovurg’a ostida jigar sohasida, ba’zan kindik atrofida to’satdan qattiq og’riq paydo bo’ladi. Bemor isitmalaydi, ko’ngli aynib qusadi. Og’riq ko’pincha o’ng qo’l va o’ng kurakka tarqaladi. U zo’rayganda bemor betoqatlanib, o’zini qo’ygani joy topolmay qoladi. Jigari, o’t pufagi shishadi, ko’z oqlari, terisi sarg’ayadi. Siydik qizg’ishsariq rangga kiradi. Surunkali Xolesistit ko’pincha o’tkir Xolesistitdan so’ng, astasekin vujudga keladi. Ko’p belgilari o’tkir Xolesistitga o’xshash. Surunkali Xolesistit og’riqsiz kechishi ham mumkin, ba’zan qorinning yuqori qismida og’irlik seziladi, ko’ngil ayniydi, kekirik paydo bo’ladi. Achchiq yoki yog’liq qovurma taomlar iste’mol qilinganda kasallik yanada zo’rayadi. Xolesistitda semirish va moddalar almashinuvi buzilishining oldini olish, qabziyatga yo’l qo’ymaslik, organizmdagi infektsiya manbalari (chirigan tishlar, tonzillit va boshqalar)ni davolash kerak.