Xonandalik uslubi

Xonandalik uslubi — vokal musiqa asarlarini ijro etish yo’li. Xonanda ovozini chiqarish va ishlatish usullari, ovozning tusi, kenglik ko’lami, kuchi, jarangdorligi va boshqa sifatlar bilan ajralib turadi. Yevropa professional vokal san’atida tovushni ko’krakdan, tanglaydan chiqarish kabi usullar qo’llaniladi. O’zbek va tojik an’anaviy ashulachiligida binigi (dimog’dan chiqariladigan ovoz), guligi (tomoqdan chiqariladigan ovoz), ishkami (ko’krakqorin diafragmasi vositasida hosil qilinadigan ovoz) usullari mavjud. Asosiy Xonandalik uslubilari: kuychan uslub, unda keng, ravon ohangdorlik — kantilena asosiy o’rin egallaydi; deklamatsiya uslubi — nutq intonatsiyasiga yaqin (rechitativ); koloraturali uslub, unda kuylash o’z xarakteriga ko’ra kuyning sozdagi ijrosiga yaqin bo’ladi va xonandalikning tekst bilan aloqasi bir oz yo’qoladi.