Xorazmiy tili

Xorazmiy tili — eroniy tillarning Sharqiy guruhiga mansub o’lik til. Amudaryo etaklarida, tarixan Xorazm deb nomlangan hududda tarqalgan; miloddan avvalgi 2— 1-asrlardan milodiy 8-asr o’rtalarigacha qadimgi Xorazm davlatining rasmiy tili bo’lgan. Miloddan avvalgi 3-2-asrlarga tegishli yodgorliklardan ma’lum; asosiy manbalari (Arabcha qo’lyozmalardagi xorazmiycha so’z va iboralar) 12— 14-asrlarga mansub. Xorazmiy tilining unlilar tizimida a, i, u, e, e tovushlarining cho’ziq, qisqa va burunlashgan turlari farqlanadi. Undoshlar tizimida 27 ta fonema bo’lgan. O’ziga xos morfologik-sintaktik xususiyatlarga ega. Masalan, ot turkumiga 3 kelishik, 2 jins va 2 son shakli, anikdik artikli xos bo’lgan. Ushbu va boshqa holatlar Xorazmiy tilida qadimgi Eron tiliga xos xususiyatlar saqlanganligidan darak beradi. Hozirgi Xorazm shevalarini o’rgangan olimlar Xorazmiy tiliga oid ba’zi so’zlar ana shu shevalar leksikasida, toponimikasida mavjudligini qayd etadilar. Masalan, «patik» — ship, «kunda» — omoch, «yop» — ariq kabi suzlarni, Yndavak, Pishkanak, Arvak toponimlarini Xorazmiy tiliga oid deb taxmin qiladilar. Xorazmiy tili 9-asrgacha oromiy alifbosi asosidagi yozuvdan foydalangan; 10-asrdan esa 5 ta harf bilan to’ldirilgan Arab alifbosi qo’llangan. Zamaxshariyning «Muqaddimat uladab» asari qo’lyozmasining Xorazm varianti (1200) ana shu yozuvda bitilgan. Xorazmiy tili 15-16-asrlarda batamom o’lik tilga aylangan. Ad. Freyman A. A., Xorezmiyskiy yazik, ch. 1, M. — L., 1951; Livshis V. A., Xorezmiyskie dokumenti, v kn.: Toprakkala. Dvores, M., 1984. Anvar Ismoilov.