YA’JUJ VA MA’JUJ
YA’JUJ VA MA’JUJ — Iudaizm, xristianlik va Islom dinlarida 2 yovvoyi xalqning nomi. Afsonalarda Ya’juj va Ma’jujlar uzun bo’yli, keng yag’rinli, ba’zilarining qulog’i butun gavdasini qoplab turadigan, qiyomat kuni olamni bosib olib, hammayoqni xarob qiluvchi dahshatli va behisob xalq sifatida tasvirlangan. Qur’onda (18:94— 98) Zulqarnayn Ya’juj va Ma’jujlar yashaydigan joyga borib, bu xalqlarning yer yuziga yoyilib ketmasligi uchun 2 tog’ oralig’iga to’siq qurdirgani bayon etiladi. Shunga qaramay ular har kecha to’siqni teshib o’tishga harakat qilganlar, lekin Alloh azonda to’siqning teshilgan joyini qaytadan o’z holiga keltirib qo’ygan. Shu sababli Ya’juj va Ma’jujlar to’siqni teshib o’ta olmaganlar. Islom rivoyatlariga ko’ra, bu xalqlar qiyomat arafasida to’siqni teshib o’tadi, yer yuziga yopirilib, barcha katta Daryo va ko’llarning suvini ichib tugatadi, uchragan odamni yanchib, yo’q qilib yuboradi. Ya’juj va Ma’juj haqida bir qancha hadislar ham kelgan. Ya’juj va Ma’juj haqidagi rivoyat Gog va Magog nomida yahudiy-xristian diniy adabiyotida uchraydi.