YEVROPA — KAVKAZ – OSIYO TRANSPORT YO’LAGI, TRASECA

YEVROPA — KAVKAZ – OSIYO TRANSPORT YO’LAGI, TRASECA — Yevropani Kavkaz orqali Osiyo bilan bog’laydigan avtomobil va temir yo’llari majmui. Dastlab Bryusselda 1993-yil may oyida O’rta Osiyo respublikalari, Qozog’iston, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya davlatlarining savdo va transport vazirlari ishtirokida o’tkazilgan konferensiyada bu yo’lakni qurish dasturi qabul qilingan. Konferensiyada Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalanadigan G’arb-Sharq yo’nalishida Yevropadan Qora dengizni kesib o’tib, Kavkaz, Kaspiy dengizi orqali O’rta Osiyo va undan Xitoyga chiqadigan transport yo’lagini qurish bo’yicha texnikaviy hamkorlik haqida bitam imzolandi. Dasturni amalga oshirish maqsadlari Markaziy Osiyo va Zakavkaze respublikalarining Yevropa va jahon bozorlariga muqobil transport yo’laklari orqali chiqishiga imkoniyat yaratish bilan ularning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini qo’llab-quvvatlash; bu respublikalar o’rtasida mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga ko’maklashish; bu yo’lakni TransYevropa tarmoqlari (TENS) bilan bog’lash va boshqalardan iborat; YE-K-OTY Markaziy Osiyodan yuklarni jahon bozorlariga xizmat ko’rsatadigan yirik tonnali dengiz kemalariga yetkazib berish uchun eng qisqa va eng arzon yo’ldir. 2000-yilga qadar texnikaviy hamkorlikning 28 tadqiqoti (37 mln. yevro) va infratuzilmalarni tiklash bo’yicha 10 investitsiya loyihasi (48 mln. yevro) mablag’ bilan ta‘minlandi. Yo’lakni barpo qilishda yirik xalqaro moliyaviy muassasalar ishtirok etadi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yo’nalish bo’yicha portlar, temir yo’llar va avtomobil yo’llari kapital loyihalari (umumiy miqdori 250 mln. AQSH dollari), Jahon banki Armaniston va Gruziyadagi avtomobil yo’llari bo‗yicha kapital loyihalarini (40 mln. AQSH dollari) va Osiyo taraqqiyot banki avtomobil va temir yo’llarni takomillashtirishni moliyalash majburiyatini olgan. Yevropa Ittifoqidagi xususiy investorlar Markaziy Osiyo va Kavkazdagi transport kompaniyalari bilan qo’shma korxonalar tashkil qilgan. Yevropa — Kavkaz Osiyo temir yo’lning umumiy uzunligi 10 ming km.dan ortiq. Uning 677 km (Olot-Buxoro-Navoiy-Samarqand-Jizzax-Toshkent-G’ishtko’prik yo‗nalishi) O’zbekiston hududidan o’tadi.