ARDASHIR I

ARDASHIR I, Artashir Papakon (taxminan milodiy 180 — 239 yoki 241) — Erondagi sosoniylar sulolasi asoschisi va dastlabki shohi. Ardashir I ning bobosi Soson Fors poytaxti — Istaxr shahridagi bosh ibodatxonaning kohini bo’lgan. Ardashir I Parfiya podshosi Artabon V (209 — 224) ning vassali Darabgird (Forsdagi qal’a) hokimi saroyida xizmat qilgan. Taxm. 200-yilda ushbu qal’a hokimi bo’lgan; tez orada butun Fors, Kirmon va Gey (hozirgi Isfahon) ni o’ziga tobe etgan hamda zodagonlar va ruhoniylar madadiga tayanib Artabon V ga qarshi chiqqan. 224 yil 28 aprelda Ormizdagon tekisligida parfiyaliklarga qaqshatqich zarba bergan, Parfiya podsholigi shundan so’ng tugatilgan. 226/227 yil shahanshoh unvoni biln toj kiygan. Ardashir I ning Mesopotamiya va Armanistonga egalik qilish uchun Rim bilan Sharkda olib borgan urushlari natijasida Sosoniylar davlati hududi ancha kengaygan. Ad. Pigulevskaya N. V. Yakubovskiy A. Yu, Petrushevskiy I.P..Stroyeva L. V. Beleniskiy A. M., Istoriya Irana s drevneyshix vremen do kontsa XVIII veka, L., 1958.