Reallik

Reallik (lotincha realis — haqiqiy) — borliqning voqelikda haqiqatda mavjud bo’lgan qismi. Narsalarning borligining yo’qligi (imkoniyatdagisi, ehtimoldagisi va shu singarilari) bilan taqqoslanadigan jihati. Faylasuflar Reallikni voqelikdan farq qilishadi. Reallik muayyan buyumdagi biron-bir muhim narsaning mavjudligi sifatida, ya’ni shu narsaning o’zining borlig’i tarzida tushunilsa, voqelik esa muayyan narsadagi barcha mavjud bo’lgan va bo’lmagan jihatlarining mavjudligi sifatida talqin etilgan. Markschilar Reallikni ob’yektiv Reallik bilan, materiya bilan aynanlashtirib, uning ko’lamini bir yoklama, toraytirib talqin etishgan. Aslida voqelik hozirgi paytda amalga oshgan imkoniyatlar yig’indisi. Reallik voqelikdagi biz nazarda tutgan jihatlar majmui. Reallikning fizik Reallik, biologik Reallik va boshqa turlari bor. Reallik o’ziga moddiylikni ham, ma’naviylikni ham, imkoniyat, ehtimollikni xam qamrab olishi mumkin. Inson tafakkuri ham, garchi bu borliqning ma’naviy shakliga kirsada, realdir. Agar biror ob’yektda biz nazarda tutgan narsa yoki hodisa mavjud bo’lmasa, uni shu jihatdan noreal deymiz. Ad.: Osnovi filosofii, T., 1998; Karimov T., Real olam nima?, T., 1973.