Reanimatologiya

Reanimatologiya (reanimatsiya va … logiya) — organizmni jonlantirish va tasodifiy o’limdan saqlab qolish haqidagi fan; tibbiyotning bir bo’limi. Reanimatologiya, asosan, shikastlanish, operatsiya paytida, shuningdek, klinik amaliyotda nafas a’zolari, qon aylanishi, endokrin sistema, moddalar almashinuvi va boshqa jarayonlarning buzilishidan yuzaga keladigan og’ir hollarda organizmning hayotiy muhim funktsiyalarini boshqarish va tiklash masalalarini o’rganadi. Qadimdan vrachlar o’z davridagi mavjud shifobaxsh vositalar yordamida hali yashashi mumkin bo’lgan sog’lom organizmni tasodifiy o’limdan saklab qolish uchun kurashib kelganlar. O’rta asrlarda A. Vezaliy qamishdan yasalgan naycha bilan hayvonlarga sun’iy nafas oldirish ustida tajribalar o’tkazdi. 17-asr oxirlariga kelib o’lim va organizm hayot faoliyatining tiklanish jarayonlari qonunlari o’rganila boshlandi. Reanimatologiya tibbiyotning mustaqil ilmiy-amaliy bo’limi sifatida 20-asr o’rtalarida shakllandi. Urush yillarida yaradorlarda uchragan gemorragik va kuchli og’riq ta’sirida yuz bergan shok holati hamda havo yetishmasligi sabablari va hokazolarni o’rganish Reanimatologiyaning rivojlanishiga yordam berdi. Reanimatologiya hozirgi zamon fani yutuqlariga, xususan, organizm turli sistemalari funktsiyasining buzilishi to’grisida ogohlantiradigan elektron apparati hamda nafas olish va qon aylanishini saqlab turadigan apparatlar va hokazolarga tayanadi. O’lim tez ro’y beradigan biologik hodisagina bo’lib qolmay, balki uzoq davom etadigan bir necha davr va holatlardan, hayotning oxirgi bosqichlari — terminal holatdan so’ng yuz beradigan jarayondir. Agar klinik o’lim vaqti qisqa bo’lib, hayot uchun muhim a’zolar faoliyati so’nib ulgurmagan bo’lsa, organizmni jonlantirish, gaz almashinuvi, qon aylanishini tiklash tadbirlari ko’riladi. Buning uchun organizmning birgina sistemasi emas, balki Markaziy nerv sistemasi, yuraktomir sistemasi, gaz almashinuvi, endokrin sistema va boshqa mufassal o’rganiladi. Reanimatologiyaning asosiy vazifasi hayotdan o’limga o’tish davrini va tiriltirishdan so’ng o’limdan hayotga qaytish davrining biologik qonunlarini o’rganish, shuningdek, terminal holatning oldini olish, jonlantirilgan organizmni davolash, o’lim sabablari va organizmni jonlantirish mumkin yoki mumkin emasligini aniqlashdir. Reanimatologiya patofiziologiya, xirurgiya, anesteziologiya kabi fanlar bilan chambarchas bog’liq. O’zbekistondagi tibbiyot intlarida Reanimatologiya kafedralari bo’lib, u yerda Reanimatologiyaning eng dolzarb masalalari ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi.