Oyshabibi maqbarasi
Oyshabibi maqbarasi – Qozog’iston (hozirgi Taroz shahri)dagi me’moriy yodgorlik (11 —12-asrlar). Afsonaga ko’ra, maqbara Qoraxoniylar sulolasi hukmdorlaridan birining bevaqt vafot etgan sevgilisi Oyshabibi sharafiga qurilgan. Oyshabibi maqbarasi pishiq g’ishtdan murabba tarhli (7,23×7,23 metr). Burchaklariga ixcham va serbezakli ustunlar ishlangan. Bosh tarzi o’yma sopol bo’laklaridan handasiy va islimiy naqshlar va arabiy yozuvlar bilan qoplangan. Poydevori (eni 80 santimetr) ganch qorishmasidagi qurilish chiqindilari bilan to’ldirilgan (devor qalinligi 162 santimetr). Maqbaraning 2 ravog’i turli ko’rinishda. Oyshabibi maqbarasi bizgacha ancha vayrona holda yetib kelgan. Uning tuzilishi Ismoil Somoniy va Mirsaid Bahrom maqbaralariga xosdir. Maqbara asosini badiiy bezaklar tashkil qiladi. Yulduzsimon, xochsimon va boshqa shakllardagi naqsh bo’laklari uyg’unlashib gilam shaklida namoyon bo’lgan. Bu Oyshabibi maqbarasida nafislik, ixchamlik, jozibadorlik va milliylikni namoyon etgan. Maqbara O’rta Osiyo me’morligining noyob yodgorliklaridan biri hisoblanadi.