“Odisseya”
“Odisseya” (lotincha Odessea, Odyssia) — yunon epik dostoni. Muallifligi Gomerga nisbat beriladi. Miloddan avvalgi taxm. 9— 8-asrlarda paydo bo’lgan “Iliada” dostonidan keyin yaratilgan. Gekzametr (musaddas o’lchovi)da yozilgan (12100 misra). “Odisseya” negizida dunyoga mashhur shunday folklor syujeti yotadi: uzoq darbadarlikdan so’ng sadoqatli rafiqasi Penelopa oldiga tanib bo’lmaydigan holda eri — Odissey qaytib keladi. Odissey obrazida qaxramonlik sifatlaridan ko’ra uning aql-zakovati, epchilligi, tadbirkorligi ustun turadi. “Odisseya”da maishiy kartinalar va ertak unsurlari “Iliada”dagiga qaraganda ko’proq. Doston qadimgi zamonlardayoq yunon xalqining muqaddas va mo’tabar kitobiga aylangan. Ko’p tillarga tarjima qilingan. Ayrim parchalari o’zbek tilida Mirtemir tarjimasida nashr etilgan.