«Oltin baliq»

«Oltin baliq» — o’zbek xalq ertaklaridan. Ertakdagi sehrli baliq ibtidoiy inson tushunchasi bilan bog’liq bo’lib, totemistik dunyoqarashlar asosida yuzaga kelgan. Qadimgi odamlar baliqni ham muqaddas bilib, unga sig’ingan. Shu bois baliq ertak qahramoniga aylangan. «Qalandar bilan Samandar», «Sohibjon bilan Ahmadjon», «Suhrob bilan Muzrob», «Sehrli baliq» ertaklari «Oltin baliq»ning variantlaridir. Oltin baliq mazkur ertaklarda bosh qahramonga yo’ldosh va ko’makdosh bulib, syujet chizigida mavjud epizodlar harakatini ta’minlaydi, yechimda hal qiluvchi vazifani bajaradi. U «Oltin baliq» ertagi va uning variantlarida baliqchining o’g’li tomonidan tutiladi va qo’yib yuboriladi. Oltin baliq bilan bog’liq bo’lgan ertaklar Sharqda va, umuman, jahon xalqlari og’zaki ijodida keng tarqalgan va shuhrat topgan. Barcha ertaklarda ham sirli baliq g’alaba, do’stlik, muvaffaqiyat timsoli sifatida aks etadi. Oltin baliq haqidagi ertaklarning yozma adabiyotga xam ta’siri kuchli. Masalan, A.S.Pushkinning «Baliqchi va baliq haqidagi ertak» asari ana shu xil ertaklar asosida yaratilgan.