«Olmaliq kon- metallurgiya kombinati» aktsiyadorlik jamiyati

«Olmaliq kon- metallurgiya kombinati» aktsiyadorlik jamiyati — O’zbekistonda rangli metallurgiya sanoatining yirik korxonasi. Kombinat 2 majmuadan — qo’rg’oshin-rux (Qo’rg’oshinkon, Oltintopgan, Sardoba va Chalata konlari, qo’rg’oshin-rux boyitish fabrikasi va rux zavodi) hamda mis eritish majmuasidan (Qalmoqqir koni, mis boyitish fabrikasi, mis zavodi)dan iborat. Korxona tomonidan Qurama tog’laridagi polimetalli rudalarning boy zaxirasini keng ko’lamda o’zlashtirish maqsadida kon-qurilish ishlari 1949 yildan boshlangan edi. 1950 yilda qo’rg’oshin koni, 1954 yilda qo’rg’oshin- rux boyitish fabrikasi, 1955 yilda Oltintopgan koni qurib bitkazildi. 1961 yilda mis-molibden ruda boyitish fabrikasi, 1964 yilda Miss eritish zavodi, 1970 yilda rux zavodi, 1971 yilda Chalata koni, 1974 yilda Saricheka kareri ishga tushirildi. Ishlab chiqarish ob’yektlarini rivojlantirish 80-yillarda ham faol davom ettirildi. 1999 yildan kombinat ochiq aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Kombinatda qazib chiqariladyotgan rudalar tarkibidan 13 ta kimyoviy elementlarni ajratib olib mis va mis buyumlar, rux, kadmiy, oltin, kumush, qo’rg’oshin, sulfat kislotasi, mis va molibden kontsentratlari, selen, tellur, mis va rux kuporosi kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Korxona bo’linmalarini «Svedala» (Shvesiya), «Varmon» (Germaniya), «Integra Grour» (Amerika), «Mexanabr-injiniring» (Rossiya) va boshqa ilg’or firmalarning zamonaviy asbob- uskunalari bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda. Kombinat mahsulotlari chet mamlakatlarga eksport qilinadi.