Olimxon

Olimxon (? — 1810) — Qo’qon xoni (1801 — 10). Ming sulolasidan. Norbo’tabiyning o’g’li. Uning davrida saltanat hududini kengaytirish davom ettiriladi. U Ohangaron, Chimkent, Sayram, Toshkent viloyatining hammasini, Rossiyaga boruvchi karvon yo’llaridagi muhim manzilgoqlarni zabt etadi. U Buxoro amirligiga qarshi turishga kuchi etajagini ko’rib xon unvonini qabul qiladi, davlati esa Qo’qon xonligi deb atala boshlandi. Poytaxt — Qo’qonning siyosiy ahamiyati oshgan. Olimxon tog’li tojiklar: qorateginlar, sho’g’nonliklar, Badaxshonliklar, eroniylar va boshqalardan iborat yollanma qo’shin tuzgan. Bu qo’shin hokimiyatni markazlashtirish uchun kurashda uning tayanchi bo’lgan. Olimxon davrida Rossiya bilan 1-marta savdo aloqalari o’rnatilgan. Olimxon liniy sohada ham o’zgarishlar qilishga intilgan, xususan, diniy unvon hisoblangan «eshon»ni bekor qiladi, kambag’al, bechoralarga va qalandarlarga yer maydonlari va chorva beradi, shu bilan ularni ijtimoiy-foydali mehnatga jalb qiladi. Ayrim Diniy arboblarni imtihon qiladi va yolg’onchiligi fosh qilinganlarni jazolaydi. Ulamolar uning bu xattiharakatlaridan norozi bo’ladilar. Uning Toshkentdaligidan foydalanib, fitna uyushtiradilar, u o’ldirildi, deb mish-mish tarqatadilar. Taxtga uning ukasi Umarxon o’tqaziladi. Olimxon xiyonatni bilib qolib, qisqa yo’l bilan Qo’qonga jo’naydi. Yo’lda qo’yilgan pistirma Olimxonni otib o’ldiradi. Ad.: Bobobekov H., Qo’qon tarixi, T., 1996; Mirolim Mushrif, Qo’qon xonligi tarixi, T., 1995. Haydarbek Bobobekov.