Oldi-sotdi (huquqda)

Oldi-sotdi (huquqda) — fuqarolik huquqiy munosabatlarida keng tarqalgan shartnoma. Uning asosiy vazifasi tovar-pul almashinuvini amalga oshirishdir. Oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq, 1 taraf—sotuvchi 2-taraf—sotib oluvchiga tovarni mulk qilib topshirish majburiyatini oladi, 2-taraf (sotib oluvchi) esa tovarni qabul qilish va uning haqini to’lash majburiyatini oladi. Oldi-sotdi shartnomasi kadim zamonlardan kishilar o’rtasida keng qo’llaniladigan shartnomalar sirasiga kiradi. U taraflarning maxsus (og’zaki yoki yozma) kelishuvi asosida amalga oshiriladi. Tovar bu shartnomaning predmeti hisoblanadi. Tovar-ashyolar. ko’char va ko’chmas mol-mulk, qimmatli qog’ozlar, mulkiy huquqlar hamda pul shartnoma predmeti bo’ladi. Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat shartnoma sub’yektlari hisoblanadi. Oldi-sotdi shartnomasining asosiy shartlari: taraflar, predmet, baho, taraflarning huquq va majburiyatlari, shartnoma shartlarini buzganlik uchun taraflarning javobgarligidir. Oldi-sotdi shartnomasining chakana Oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kontraktasiya, energiya ta’minoti, ko’chmas mulkni sotish kabi turlari mavjud. Ko’pgina davlatlarda Oldi-sotdi fuqarolik kodeksi va boshqa qonun hujjatlari talablari asosida amalga oshiriladi. Ichki, shuningdek, xalqaro bozorda xam turli tovarlar Oldi-sotdisiga oid operatsiyalarni mukammal tartibga soluvchn maxsus savdo (tijorat) kodekslari mavjud. O’zbekiston Respublikasi FK da Oldi-sotdi shartnomasining turli jihatlari va uning shartnoma taraflarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini aniq ko’rsatgan holda amalga oshirilishiga oid qonun talablari qat’iy belgilangan. Xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, chet el davlatlari ishtirokida amalga oshiriladigan Oldi-sotdi operatsiyalari O’zbekiston Respublikasining chet el investitsiyalari to’g’risidagi qonunchiligi, O’zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tuzgan ikki tomonlama va ko’p tomonlama bitimlari bilan tartibga solinadi. Sayd G’ulomov, Nurillo Imomov.