ASKANIYA QO’Y ZOTI

ASKANIYA QO’Y ZOTI – mayin tolali, juni va go’shti uchun boqiladigan zot. Bu zotni 1925 — 34 yillarda Ukraina chorvachilik ilmiy tadqiqot instituti (Xerson viloyatidagi “Askaniya-Nova” xo’jaligi) da akademik M. F. Ivanov Ukraina mahalliy merinos qo’ylarini tanlab borish va Amerikaning rambule qo’chqorlari bilan chatishtirish orqali yetishtirgan. Askaniya qo’y zoti mayin junli qo’ylar ichida o’zining yirikligi bilan ajralib turadi, quruq iqlimga yaxshi moslashadi, jun va go’sht mahsuldorligi yuqori. Qo’chqorlarining tirik vazni 120 — 140 kilogramm, sovliqlariniki 60 — 70 kilogramm. Mayin, ingichka jun qoplamiga ega. Qo’chqorlaridan 12 — 15 kilogrammgacha, sovliqlaridan 6 — 6,5 kilogramm jun olinadi (1 santimetr kvadrat terida 4900 dona jun tolasi bor), jun kokili uzunligi 7,5 — 8 santimetr, toza jun chiqimi 40-50%. 100 qo’ydan 150 gacha qo’zi olish mumkin, oddiy sharoitda 125 — 130 qo’zi olinadi. Askaniya qo’y zoti ishtirokida Kavkaz, Ozarbayjon, Krasnoyarsk merinoslari yaratilgan. O’zbekistonda 50-yillarda mahalliy jaydari qo’ylarning juni sifatini yaxshilash maqsadlarida Askaniya qo’y zoti qo’chqorlaridan foydalanilgan va yaxshi natijalar olingan. O’zbekistonning Jizzax va Toshkent viloyatlari xo’jaliklarida tarqalgan.