Homiylik

Homiylik — fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquq qamda manfaatlarini himoya qilishning huquqiy shakli. Homiylik 14 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan voyaga yetmaganlarga, shuningdek, sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan belgilanadi. Sog’lig’ining yomonligi sababli mustaqil ravishda o’z huquqlarini amalga oshira olmaydigan va majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan muomalaga layoqatli shaxslarga nisbatan Homiylik shu shaxslarning iltimosiga binoan belgilanishi mumkin. Homiyning asosiy vazifasi Homiylikka olinuvchining shaxsi va mulki yuzasidan g’amxo’rlik qilishdan, Homiylikka olinuvchining manfaatlarini qo’riqlashdan iborat. Binobarin, Homiylikka oluvchi o’ziga ishonilgan mulkdan o’zi uchun hech qanday foyda olmasligi lozim. U Homiylikka olingan shaxsni asrash va uning mulkini idora etish harakatinigina undirishga haqli. Umumiy qoida bo’yicha Homiylik ishi tekin bajariladi. Homiylar o’z himoyalaridagi shaxslarning huquq va manfaatlarini har qanday shaxslar bilan munosabatlarda, shu jumladan, sudlarda ham maxsus vakolatsiz himoya qiladilar. Homiylik organi quyidagilardir: yosh bolalarga nisbatan — xalq ta’limi bo’limlari; ruhiy kasal va aqli zaiflarga nisbatan — sog’liqni saqlash bo’limlari; ijtimoiy kam ta’minlangan fuqarolarga nisbatan — ijtimoiy ta’minot bo’limlari. Voyaga yetmagan bolalarga Homiylik ularning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari bo’lmagan, ota-onasi sud tomonilan ota-onalik huquqlaridan mahrum qilingan taqdirda, shuningdek, bunday fuqarolar boshqa sabablarga ko’ra ota-ona himoyasidan mahrum bo’lib qolgan, xususan, ota-ona ularni tarbiyalashdan yoxud ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo’yin tovlagan hollarda belgilanadi. Homiylik homiy tayinlashga muxtoj bo’lgan shaxs yashayotgan joyda, tuman yoki shahar hokimining qarori bilan belgilanadi. Krnunchilikka ko’ra, quyidagilar homiy qilib tayinlanishi mumkin emas: ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlar yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar; qonunda belgilangan gartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar; sobiq farzandlikka oluvchilar o’z zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan bo’yin tovlayotgan yoki ularni lozim darajada bajarmayotganligi, ota-onalik huquqini suiiste’mol qilayotganligi, farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada bo’layotganligi, ichkilikbozlikka yoki giyohvandlikka mubtalo bo’lganligi tufayli farzandlikka olish bekor qilingan bo’lsa; ruhiy yoki narkologik muassasalarda ro’yxatda turganlar; qasddan sodir etgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar. Homiylik bilan bog’liq barcha huquqiy jihatlar O’zbekiston Respublikasining FK, O’zbekiston Respublikasining Oila kodeksi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik to’g’risida Nizom”da o’z ifodasini topgan. Mirodil Baratov.