Oxun, Oxund
Oxun, Oxund (Arabcha — va’zxon, notiq, din targibotchisi) — 1) mulla, muallim, ustoz. Xiva xonligidagi katta madrasalarda Oxunlar soni ko’p bo’lgan, jumladan, Olloqulixon madrasasida 7 ta Oxun, 2 ta muazzin, 2 ta farrosh, 1 ta sartarosh va meshkobchi xizmat qilgan. Mudarris va Oxunlar o’zlari ta’lim berayotgan madrasa vaqfidan maosh olib turishgan, madrasa ularga hujra ham ajratgan; 2) Xitoy musulmonlari orasida keng tarqalgan nom. Madrasalarda mudarrislik (o’qituvchilik) va masjidlarda imomlik qilgan shaxslar hurmat yuzasidan umumlashtirilgan holda Oxun deb nomlangan. Qashqar aholisi orasida ham hurmat yuzasidan bir-birining ismiga Oxun so’zini qo’shib aytish odat bo’lgan. Shu bois qashqarliklarni Oxun deb atash o’zbeklar orasida ham uchrab turadi.